5 Dekabr 2022 yil 787

Xitoy Xalq Respublikasining Lyanyungan shahrida “Global xavfsizlik masalasida politsiya akademiyalari oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash” mavzuida xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

XXR Jamoat xavfsizligi vazirligi tashabbusi bilan onlayn va oflayn formatda tashkil etilgan forumda mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar, shuningdek Osiyo, Yevropa, Afrika hamda Janubiy Amerika qitʼasi davlatlaridan 80 ga yaqin oliy taʼlim muassasasi vakillari qatnashdi.

Forumni XXR Jamoat xavfsizligi universiteti prezidenti Sao Shisyuan ochib, geosiyosiy jarayonlar murakkablashib borayotgan hozirgi sharoitda xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash, global tahdidlarning oldini olishda koʻp qirrali konstruktiv hamkorlik muhitini yaratish, umumiy manfaatlarni himoya qilish yoʻlida muloqot maydonini kengaytirish masalalariga toʻxtaldi.

Xalqaro forumda kun tartibidagi dolzarb yoʻnalishlar atroflicha muhokama qilindi. Xitoy, Vengriya, Argentina, Kamboja, Filippin va boshqa davlatlar vakillari soʻz olib, xalqaro hamkorlik dinamikasining hozirgi holatida erishilayotgan ijobiy natijalar, oʻzaro aloqalarni rivojlantirish tendensiyalari, taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimida istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish, zamonaviy yondashuvlar asosida hamkorlikni muvofiqlashtirish borasida oʻz taklif hamda tavsiyalarini bildirishdi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshligʻi Rustam Xatamov forum ishtirokchilariga videomurojaat yoʻllab, zamonaviy taʼlim integratsiyada hamkor mamlakatlar oldida turgan ustuvor vazifalar, ayni jarayonda oʻzaro hamkorlikni kengaytirishning muhim jihatlarini alohida taʼkidladi va forum doirasida manfaatli munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.

Yuqori surʼatda oʻtgan forum yakunida koʻp tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda “taʼlimda koʻmak” platformasini yoʻlga qoʻyish, hamkor mamlakatlar geografiyasini kengaytirishga kelishib olindi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Text to speech