IIB tarixi

KIRISH QISMI

Tarixiy manbalar qadimda vatanimiz hududida vujudga kelgan davlatlarda harbiy jangchilardan tashqari “soqchi”, “qorovul”, “chokar”, “shixna”, “yasovul”, “ko'kaldosh”, “muhtasib”, “posbonboshi”, “sarboz”, “mirshabboshi” va “mirshab”lar hukmdor qarorgohi, qal'alar va boshqa inshootlarni qo'riqlash, qishloq va shaharlardagi osoyishtalik va jamoat tartibini saqlash, aholi xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish, aybdorlarni aniqlash, topish va jazolash kabi vazifalarini bajarganligi, shu kabi tuzilmalar negizida bugungi ichki ishlar organlari shakllanganligi, bu esa o'z navbatida, ichki ishlar organlari o'zbek davlatchiligi tarixi bilan chambarchas bog'langan tarixiy ildizlariga ega ekanligidan dalolat beradi.

Tarixga nazar tashlasak, turli davrlardagi siyosiy sharoit taqozosiga ko'ra, bu tuzilmalarning nomi, vazifalari va ish uslublari o'zgarib borganligini ko'rishimiz mumkin. Masalan, XIX asr oxirida Rossiya imperiyasi mustamlakasiga aylangan Turkistonda joriy etilgan politsiya-mirshablik tizimi asosan mustamlakachi imperiya manfaatlariga xizmat qilib, aholining tinchligini ta'minlash, jamoat xavfsizligi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan birga, mahalliy aholining harakatini nazorat qilish, xalq ozodlik harakatlari vujudga kelishining oldini olish va unga qarshi kurashishda harbiy bo'linmalarga ko'maklashish vazifalarini bajarish faoliyati bilan shug'ullangan.

Xuddi shunday sobiq Sovet Ittifoqi davrida ham ichki ishlar organlari (dastlab “ishchi-dehqon militsiyasi” deb yuritilgan)ning faoliyati jamoat xavfsizligi hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bir qatorda, hududda sovet tuzumini o'rnatish va uning g'oyalarini yanada mustahkamlashga qartilgan. Markazdan kelgan bu boradagi topshiriqlarni o'z vaqtida va bekamu-ko'st bajarishga intilgan.

Aynan istiqlol sharofati bilan ichki ishlar organlari xalqimizning himoyachisi va ko'makchisiga, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini himoya qilishning ishonchli garoviga aylandi. Ayniqsa, so'nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar ushbu tizimni tubdan takomillashtirish, ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan, har bir xodimi tomonidan «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o'z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga imkon bermoqda.

SHuning bilan birga har qanday murakkab davrlar, qaltis vaziyatlarda ham ichki ishlar organlarida o'z jonini ayamasdan, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qo'shgan fidoyi xodimlar ko'pchilikni tashkil etgan.
Ularning bu boradagi mashaqqatli mehnatlari, ko'rsatgan jasorat va qahramonliklari ichki ishlar organlari tarixining ajralmas qismi sifatida bugungi va kelgusi avlod uchun ibrat maktabi bo'lib qoladi.

 

 

 

 

I. O'rta Osiyo hududidagi qadimgi davlatlarda xavfsizlik va ichki tartibni saqlovchi tuzilmalarning shakllanishi

 

- O'rta Osiyodagi qadimgi davlatlarda xavfsizlik va ichki tartib (mil.avv. VII – mil. VIII asrlar)

- O'rta Osiyo davlatlarida o'rta asrlarda tartib-osoyishtalikni saqlash (IX-XV asrlar)

- O'zbek xonliklarida jamoat tartibi va mirshablar faoliyati (XVI-IX asr o'rtalari)

- CHor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida harbiy-politsiya tartiboti (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)

 

O'rta Osiyodagi qadimgi davlatlarda xavfsizlik va ichki tartib (mil.avv. VII – mil. VIII asrlar)

Vatanimiz hududida ilk davlat birlashmalari vujudga kelishi bilan ularning chegaralarini tashqi dushmandan himoyalash, aholining tinchligini ta'minlash, kishilar o'rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda tartib o'rnatish, shahar-qal'alarni qo'riqlash zaruriyati ham tug'ilgan, bu esa o'z navbatida, muayyan aniq vazifalarga ega bo'lgan tartib o'rnatuvchi tuzilmalarning vujudga kelishiga turtki bo'lgan.

Jumladan, miloddan avvalgi I mingyillikda O'rta Osiyoda keng tarqalgan zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto”da davlatchilik, siyosiy-huquqiy g'oyalar, odamlar o'rtasidagi mulkiy, nikoh va oila munosabatlarini tartibga soluvchi ijtimoiy normalar, jinoyat va jazo, sud va sud amaliyoti masalalari to'g'risidagi ma'lumotlar keltirilgan. 
Ma'lumot uchun: mil.avv. II ming yillik o'rtalarida O'rta Osiyo hududida keng tarqalgan Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi “Avesto” 21 kitobdan iborat bo'lgan. Abu Rayhon Beruniyning “O'tmish xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida ta'kidlanishicha, eron shohi Doro davrida 12 ming qora mol terisiga zarhal xarflar bilan bitilgan. Vatanimizda “Avesto”ning 2700 yilligi nishonlanishi munosabati bilan u ilk bor o'zbek tiliga tarjima qilinib, 2001 yilda nashr etildi.

“Avesto”da jinoyat uchun jazoning ma'lum tizimi belgilangan: o'lim jazosi, qamoq, jismoniy jazo (kaltaklash), gunohni yuvish (etkazilgan zararni qoplash), badarg'a qilish, qondoshlik o'chi. Takroriy jinoyatlar haqida ham to'xtalib, ular uchun yanada og'irroq jazo belgilanadi. SHuningdek, sud masalalariga e'tibor berilib, odil sudlov uchun maxsus mo'ljallangan shaxslar haqida ma'lumot beriladi.

Jinoyat turlari quyidagicha tizimlashtirilgan:

- dinga qarshi jinoyatlar (bid'at, boshqa din vakili bilan nikohga kirish, ruhoniyning vazifasini g'ayriqonuniy bajarish, dahriylik (ateizm);
- axloqqa qarshi jinoyatlar (qasddan yoki jazava holatida hujum qilish, tahdid qilish, shifokorning ziyon etkazuvchi harakati, homilani nobud qilish, regul va homiladorlik paytida ayolning sog'ligiga zarar etkazish);
- shaxsga qarshi jinoyatlar (qasddan odam o'ldirish, badanga og'ir va engil tan jarohatlarini etkazish);
- mulkiy jinoyatlar (o'g'irlik, talon-toroj, xasislik, bosqinchilik, firibgarlik, olingan qarzni qaytarmaslik);
- hayvonlarga qarshi jinoyatlar (hayvonlarni o'rinsiz nobud qilish, uy hayvonlarini taxqirlash);
- tabiat kuchlariga qarshi jinoyatlar (er, suv, havo, olov va o'simlik dunyosiga zarar etkazish).

Ilk o'rta asrlarda mamlakatimiz hududida vujudga kelgan So'g'd, Toxariston, eftallar va Turk xoqonligi kabi davlat uyushmalarida iqtisodiy taraqqiyot va siyosiy barqarorlikni ta'minlash ayni vaqtda ichki tartib-osoyishtalikni saqlash, savdo-sotiq, er-mulkchilik sohalaridagi tartibbuzarliklarga qarshi kurashish ham muhim ahamiyatga ega edi. Bunday sharoitda yaxshi qurol-yaroqqa ega bo'lgan mard va jasur yollanma yigitlardan iborat doimiy harbiy kuchlarga ehtiyoj ortib bordi. Bu davrda So'g'dda “chokarlar” deb atalgan ichki tartibni saqlash, jinoyatlarga qarshi kurashish bilan shug'ullanuvchi harbiylashtirilgan qismlar yuzaga keldi.

Xususan, So'g'd va unga tutash hududlarda karvon yo'llari, savdogarlarning xavfsizligi, karvonlarning betalafot manzillariga etib borishi ko'p jihatdan sadoqatli va dovyurak chokarlar faoliyatiga bog'liq bo'lgan. Bu davrda, ayniqsa, o'lkani SHarq va G'arb bilan bog'lab turgan Buyuk ipak yo'li bo'ylab savdo karvonlari qatnovidan mamlakat xazinasiga katta daromad tushganligi sabab, savdo karvonlari xavfsizligiga katta e'tibor qaratilgan. Maxsus qo'riqchi qismlar karvonlarni bir manzildan keyingi manzilga qadar kuzatib, qaroqchilar hujumidan himoyalab borganlar. CHokarlar urushlar va harbiy to'qnashuvlarda harbiy kuch sifatida xizmat qilib, harbiylar tomonidan tartib saqlanishi va jinoyat sodir etilmasligini nazorat qilganlar.

VI asrda vujudga kelgan Turk xoqonligi o'zbek davlatchiligining muhim bosqichi bo'lib, bu davrda chokarlarning qurol-yarog'lari yanada takomillashgan, harbiy mahorati o'sgan, taktik usullar esa chokarlar harakatini yanada mustahkamlagan. Xoqonlikda barcha erkaklar harbiy xizmatni o'tashga majbur bo'lib, xoqonning shaxsiy qo'riqchilari xitoy yilnomalarida “fuli”, ya'ni “bo'ri” deb atalgan. Ko'plab qabila va elatlarni boshqarib turish, ulardan soliq va o'lponlarni yig'ib olish maqsadida xoqonlikda maxsus ma'muriy va harbiy-siyosiy boshqaruv tizimi tatbiq etilgan edi.

VIII asrda O'rta Osiyo hududi Arab xalifaligi tomonidan istilo qilinadi. Natijada mintaqada islom dini, shariat qonun-qoidalari, arab yozuvi bilan birga, xalifalikdagi mavjud davlat boshqaruv tizimi va lavozimlari (masalan, amir, rais, sadr, qozi, muftiy va boshqalar) ham joriy etilgan.
Bu davrda islom ta'limoti, shariat va islom huquqshunosligi (fiqh ilmi) rivojida movarounnahrlik muhaddis (hadisshunos) va fiqh ulamolarining xizmati katta bo'lgan. Ayniqsa Imom al-Buxoriy (Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (810-870), uning zamondoshi va shogirdi Termiziy (Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-894), Mahmud az-Zamaxshariy (1075-1144), Abu Mansur al Moturidiy (870-944) va Burhonuddin al-Marg'inoniy (1123-1197)larning hissasi nihoyatda kattadir.

Imom al-Buxoriyning 7 275 ta sahih – ishonchli hadislarni o'z ichiga olgan “Al-Jomi' as-sahih” nomli shoh asari musulmon SHarqida qariyb o'n ikki asr davomida islom ta'limotida Qur'oni Karimdan keyingi asosiy manba sifatida yuqori baholanib, asosiy darslik, qo'llanma sifatida o'rganib kelinmoqda. Ulamolar shariat qoidalari, jamiyatdagi munosabatlar, nikoh-oila va mol-mulk masalalarini hal etishda o'z davrining “huquqiy kodeslari” vazifasini o'tagan ushbu asarga tayanib ish tutganlar.
Mashhur faqih (huquqshunos) Burhonuddin al-Marg'inoniyning eng nodir – to'rt jildlik “Hidoya” asarida o'sha zamonlarda musulmonlar duch keladigan barcha dolzarb hayotiy masalalar, jumladan, oilaviy va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, meros, garov va kafillik kabi insonlarning burch va mas'uliyatlariga taalluqli juda ko'p muammolar islom huquqi nuqtai nazaridan hal etib berilgan.

SHu bois ham mamlakatimiz hududida o'tgan asrning 30-yillarida sovet sudlari paydo bo'lguniga qadar “Hidoya” asari qozilarning sud ishlarini ko'rib chiqishida asosiy qo'llanma vazifasini o'tagan. Asar bugungi kunda ham musulmon olamida islom huquqshunosligi bo'yicha eng aniq, izchil va mukammal manba sifatida huquqshunoslar uchun ham nazariy, ham amaliy qo'llanma vazifasini o'tab kelmoqda.

 

O'rta Osiyo davlatlarida o'rta asrlarda tartib-osoyishtalikni saqlash (IX-XV asrlar)

IX asr oxiriga kelib O'rta Osiyoda Arab xalifaligi hukmronligi inqirozga uchrab, bir qancha mustaqil davlatlar tashkil topdi. Movarounnahrda Somoniylar sulolasi hukmronligi o'rnatildi. Somoniylar (865-999) o'z tasarrufidagi ulkan mamlakatni boshqarishda dastavval ixcham davlat ma'muriyatini tashkil etdilar.

Narshaxiyning ma'lumoti bo'yicha, Somoniylar davlati, asosan, o'nta devon boshqaruvida idora etilgan. Davlat va hukmdor saroyi hayotida saroy soqchilari katta rol` o'ynagan. Soqchilar tarkibida mahalliy aholi vakillari bo'lgan yosh harbiylar qatorida asir qilib olingan turkiy g'ulomlar ham bor edi. Ular quyidagicha tabaqalangan:

- Hojibi buzurg (Bosh hojib) – Somoniylar, G'aznaviylar, Xorazmshohlar davlatida eng oliy mansabli amaldorlardan biri bo'lib, dargoh va devonlar o'rtasidagi aloqalarni muvofiqlashtirib turgan, shuningdek, saroy xavfsizligiga mas'ul bo'lgan;

- Hojib – saroy lashkarboshisi bo'lgan, unga saroy va hukumat muassasalarini qo'riqlash bo'yicha xizmat qiluvchi va harbiy harakatlar davrida o'ta mas'uliyatli vazifalarni bajaruvchi soqchi – g'ulomlarning katta otryadi bo'ysungan. 

- Sohibi xaros – Somoniylar davlatida saroy soqchilari boshlig'i vazifasini o'tagan;

- Bosh qozi – shariat qonun-qoidalariga asoslangan holda sud ishlarini ko'rib chiquvchi amaldorlar – qozilar faoliyatini nazorat qilgan;

- Amiri xaras – oliy hukmdor chiqargan jazo hukmlarining ijrosiga mas'ul bo'lgan;

- Salohdor – saroydagi qurol-aslaxa ta'minoti va ularning saqlanishi uchun mas'ul bo'lgan;

- SHixna – bosh mirshab vazifasini bajargan, uning ixtiyorida jamoat tartibini saqlashga va jinoyatlarga qarshi kurashishga ixtisoslashgan alohida harbiylashtirilgan qismlar bo'lgan;

- Mirshab (tungi soqchilar, mir – “amir”, ya'ni, harbiy amaldor, “shab” – tun so'zlaridan olingan) – davlat ichida o'rnatilgan tartib-qoida, aholi osoyishtaligini saqlash, jamoat tartibini ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan askar bo'lgan. SHuningdek, mirshablar soliq tushumlarini yig'ish, harbiy xizmatdan bo'yin tovlaganlarni topish, qozilarning xukmini ijro etish, jazoga hukm qilingan jinoyatchilarni qo'riqlash kabi vazifalarni ham bajarganlar.

Somoniylar va Qoraxoniylar davrida harbiy ishlar, aholi osoyishtaligi va ichki tartib-qoidalarni saqlovchi alohida devonlar faoliyat olib borgan. Odatga ko'ra, aksariyat hollarda xoqonning o'zi yoki uning o'g'li bosh qo'mondon bo'lgan.
Xorazmshohlar davlati (1097-1231) o'z davrining qudratli qo'shiniga ega bo'lib, doimiy qismlardan tashqari, xorazmshohlar mamluklar, ya'ni qul-askarlardan iborat shaxsiy soqchilar qismiga – xarasga ham ega bo'lganlar. Bunday tizimni birinchi bo'lib xorazmshoh Alovuddin Takash tashkil qilgan. Uning tarkibida 10 ming kishi bo'lgan. Xaras Xorazmshoh va uning oilasini qo'riqlashdan tashqari, turli ekspeditsiyalar, savdo karvonlariga hamrohlik qilishga ham jalb etilgan.

Xorazmshohlar davlatida mirshablik xizmatini bajaruvchi shixnalar bo'lib, ular o'z otryadlari bilan aholi tinchligini saqlash, jamoat tartibini ta'minlash va jinoyatchilarni jazolash funktsiyalarini bajarganlar. SHixna hokimiyat uchun xavf tug'dirgan barcha ishlarga aralashgan va aholini tuzumga qarshi qo'yuvchilar ortidan qattiq kuzatuv olib borar edi. Xorazm shohlari bosib olingan barcha viloyatlar, shaharlar va qishloqlarga o'z shixnalarini qo'yganlar. SHaharlar va karvon yo'llari yaxshi qo'riqlangani uchun ichki va tashqi savdo rivojlangan.

Barcha amaldorlar, jumladan, harbiylashtirilgan qismlarga rahbarlik qiluvchi amaldorlar o'z mansablari uchun belgilangan kiyim-kechaklarga, maktub yo'llashda tuzilgan matnlarga bosilishi lozim bo'lgan tamg'alarga ega bo'lishi shart bo'lgan. Tamg'alarda mansabdorning ismi, mansabi yozilgan bo'lib, ular xoqon tomonidan taqdim etilgan. Tamg'a ayni paytda mansabdorning “xizmat guvohnomasi” vazifasini bajargan. Amaldorlarning maoshi ma'lum qonun-qoida asosida belgilangan bo'lib, uning o'sishi yoki kamayishi mansab va lavozimning o'zgarishiga, ko'rsatgan xizmatiga bog'liq bo'lgan.

Amir Temur va temuriylar davri O'zbekiston tarixida chuqur iz qoldirdi. Bu davrda mamlakatda yirik markazlashgan davlat barpo etildi. Amir Temur Movarounnahr va Xorazmda tarqoqlik, o'zaro nizolarga chek qo'yib, Sirdaryo bo'ylaridan Orol dengizigacha bo'lgan erlarda yashovchi xalqlarni yagona davlat tasarrufida birlashtirdi. Bu, shubhasiz, Movarounnahr xalqlari taqdirida ijobiy ahamiyat kasb etdi.

Amir Temur davrida markaziy ma'muriyat boshida devonbegi – bosh vazir boshchiligidagi 7 vazirlikdan iborat arkoni davlat — Vazirlar Mahkamasi turardi. Birinchi vazir – soliq-o'lponlar, mirshablik ishlari va mamlakat obodonligi bilan shug'ullangan. Ikkinchisi harbiy ishlar vaziri bo'lib, askarlar maoshi va oziq-ovqat ta'minoti bilan shug'ullangan. Uchinchi vazir savdo ishlari, tamg'a, zakot va meros ishlariga qaragan. To'rtinchisi – moliya vaziri, davlat xazinasini boshqargan. CHegara viloyatlari va tobe mamlakatlar boshqaruvini nazorat qilish uchun maxsus 3 ta vazir tayin etilgan.
“Temur tuzuklari”da Amir Temurning mamlakatdagi tartib-osoyishtalikni saqlash borasidagi tadbirlari haqida shunday deyiladi: “Amr etdimki, o'g'ri va qaroqchilarni “YAso” asosida jazolasinlar; fasodchi, buzuqi, nafsi yomon kishilarni mamlakatdan haydasinlar.

Har bir shahar va qishloqqa kutvol tayinlasinlarki, sipohu raiyatga soqchilik qilsin va kimning biron narsasi o'g'irlansa, buning mas'uliyati uning zimmasida bo'lsin. Va yana buyurdimki, yo'l ustida kuzatuvchilar, zobitlar tayinlasinlarki, yo'llarni qo'riqlab, yo'lovchilar, savdogarlar, musofirlarni kuzatib, mol-mulki va boshqa narsalarini manzildan-manzilga etkazib qo'ysinlar”.
SHu o'rinda bir ma'lumot keltirib o'tish joiz: Amir Temur o'sha davrlarning boshqa hukmdorlaridan farqli tarzda, mamlakat farovonligida faqatgina harbiy yurishlar va soliqlar emas, balki millati va dinidan qat'i nazar, barcha mamlakatlar bilan faol tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo-sotiqning o'rni katta ekanligini yaxshi anglagan va buning uchun o'z davlatida barcha sharoitlarni ta'minlagan. Jumladan, uning bizga qadar etib kelgan Frantsiya qiroli Karl VI ga yo'llagan maktubida shunday jumlalar bor: “...yana sizning savdogarlaringiz bu tarafga qatnab tursalar, biz bu erda ularni azizu mukarram tutg'umizdir, shuningdek, bizning savdogarlar u tarafga yuborilsa, siz ham ularni azizu mukarram tutsangiz, hech kimsa ularga zo'rlik qilmasa va zarar-zahmat etkazmasa. CHunki dunyo savdogarlar bilan oboddir!”. Bu va boshqa ko'pgina tarixiy ma'lumotlar Amir Temur saltanatida ichki tartibni ta'minlaydigan kuchli va adolatli boshqaruv tizimi yo'lga qo'yilganidan dalolat beradi.

 

O'zbek xonliklarida jamoat tartibi va mirshablar faoliyati (XVI-XIX asr o'rtalari)

XVI-XVIII asrlarga kelib Temuriylar saltanati o'rnida bir-biridan mustaqil uchta davlat – Buxoro xonligi (XVIII asr o'rtalaridan amirlik), Xiva va Qo'qon xonliklari tashkil topgan. Xonliklarda davlat boshqaruvi o'xshash bo'lib, temuriylar, shayboniylar davridagi boshqaruv tartibi deyarli o'zgarishsiz saqlangan. Davlat boshqaruvi, moliya, sud, mirshablik va harbiy ishlar hukmdorning qarindoshlari, o'ziga yaqin odamlar tomonidan boshqarilgan. Ular o'z faoliyatlarini bajarishda katta huquq va imtiyozlarga ega bo'lganlar.

Jinoyat va jazo ishlari shariat qonunlari asosida hal etilgan. Bu davrda SHayxulislom, Dodxoh, Hudaychi, Muhtasib (Rais), Ko'kaldosh kabi mansab egalari din va shariat qoidalariga rioya etilishi, bozorlardagi tosh-tarozining to'g'riligini, mamlakat miqyosidagi xavfsizlikni nazorat qilganlar. Aholining tinchligi va osoyishtaligi uchun mirshabboshilar mas'ul hisoblangan. Mirshablar shaharlar va qishloqlarda kechayu-kunduz soqchilik qilishgan, jamoat joylari, bozorlar va ko'chalarda tartib-osoyishtalikni ta'minlagan. SHuningdek, qozilar (sud) tomonidan jinoyat uchun tayinlangan jazoni ijro etish ham ularning zimmasiga yuklangan.
Xonliklarda tinch davrda harbiy qo'shinning uyiga tarqatilmagan qismi hukmdorlarning xavfsizligi, shahar va qishloqlardagi ichki tartib-osoyishtalik, o'g'irliklar va boshqa jinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan vazifalarni bajarish uchun vaqtincha mirshabboshilarga bo'ysundirilgan.

Xalqimizda qadimdan o'zgalar moliga ko'z olaytirish, o'g'irlik qilish nihoyatda qattiq qoralangan. Kamdan-kam uchrab turadigan tarozidan urish, o'g'irlik, zino va boshqa shu kabi jinoyatlarda aybdor aniqlansa, u xalq o'rtasida namoyishkorona jazolangan. Masalan, manbalarda Buxoroda bozorlarda xaridor haqqiga xiyonat qilgan sotuvchi yarim-yalong'och holda aravada, bozor ahliga namoyish qilinib, ovozi boricha: “Men shayton yo'liga kirib, xaridorni aldadim”, deb jar solishga majbur etilgani yozib qoldirilgan. Bu kabi ta'sir choralari o'ziga xos “profilaktika” vazifasini o'tab, jinoyatchilikni jilovlashning bir usuli bo'lgan. 

Aholi tomonidan har bir mahalla, ko'chalarning o'z oqsoqoli saylangan, turli oilaviy kelishmovchiliklar, qo'ni-qo'shnilar o'rtasidagi janjallar ana shu oqsoqollar tomonidan joyida hal etilgan. Ular tomonidan chiqarilgan hukmni hamma qabul qilishi va bajarishi shart bo'lgan. Faqat ilojsiz vaziyatlardagina mojaroga mirshablar va qozilar aralashgan.

 

CHor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida harbiy-politsiya tartiboti (XIX asr oxiri – XX asr boshlari)

XIX asr o'rtalaridan boshlab Rossiya imperiyasi O'rta Osiyo xonliklari o'rtasidagi o'zaro nizolar va adovatlardan foydalanib, ushbu xonliklarni birin-ketin bosib ola boshladi. Buxoro amirligi va Xiva xonligi imperiyaning protektoratiga aylandi, Qo'qon xonligi butunlay tugatilib, uning o'rnida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etildi.
Turkiston general-gubernatori o'z qo'lida harbiy va fuqaro hokimiyatini birlashtirgan. U bir vaqtning o'zida podsho noibi, Turkiston harbiy okrugi qo'shinlari qo'mondoni, Ettisuv kazaklari qo'shinlari atamani, bosh prokuror va bosh mirshab vazifasini o'tagan. Bundan tashqari, o'lkada Rossiya Imperiyasi Ichki ishlar vazirligining organlari, uning vakillari ham shunga muqobil tarzda ish ko'rishgan.

SHu davrda mamlakatga Rossiya Imperiyasining politsiya tizimi joriy etila boshladi. Rossiyada huquqni muhofaza qilish faoliyati bir qator davlat organlari tomonidan amalga oshirilgan. Ichki ishlar vazirligiga bo'ysunuvchi jandarmeriya va qo'riqlash (oxrana) bo'linmalari bilan birgalikda, 9 ta vazirlik va idoralarda harbiylashtirilgan politsiya funktsiyasini bajaruvchi tizimlar mavjud bo'lgan. Masalan, Savdo va sanoat vazirligi tog'-kon politsiyasi hamda ishlab chiqarishni nazorat qiluvchi politsiya xizmatiga ega bo'lgan. Moliya vazirligi qoshida chegara politsiyasi, bojxona politsiyasi hamda yashirin ishlab chiqarishni aniqlovchi (korchem) politsiya bo'lgan. Adliya vazirligiga konvoy xizmati va sud pristavlari bo'ysungan. O'xshash politsiya bo'linmalari boshqa vazirliklarda ham bo'lgan.

Turkiston shaharlarida politsmeyster lavozimi joriy etilib, ularning huquqlari harbiy tumanboshilar huquqlari bilan tenglashtirilgan. Toshkentda yangi va eski shahar politsmeysterlari ish olib borishgan. Ularga politsiya pristavlari bo'ysungan. Har bir politsiya pristavining qo'l ostida 10 dan 30 tagacha “gorodovoy” xizmat qilgan. Politsiya xizmatiga mahalliy aholi vakillari deyarli jalb etilmagan.

Mahalliy ma'muriyat – volost boshqaruvchilari va oqsoqollar ham quyi politsiya tizimi vakolatiga ega bo'lib, ularga yollangan mahalliy aholi vakillari xizmat qilgan. Mahalliy aholi vakillaridan iborat xizmatchilarga o'q-otar qurol olib yurish taqiqlangan.
1908-1910 yillarda Turkiston shaharlarida mustaqil politsiya boshqarmalari, Toshkentda ober-polismeyster lavozimi joriy etilib, o'lkada mirshab-politsiya xizmatchilari soni ko'paytirildi. SHuningdek, tuman va qishloq joylarini ham qamrab olish uchun tuman politsiyasi mahkamasi faoliyati yo'lga qo'yilgan. 

 

II. Sovet Ittifoqi tuzumi davrida ichki ishlar organlari

 

- Turkistonda ishchi-dehqon militsiyasining tashkil etilishi va faoliyati (1917-1924 yy.)

- Buxoro Respublikasida ichki ishlar organlari (1920-1924  yy.)

- Xorazm Respublikasida ichki ishlar organlari (1920-1924  yy.)

- O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida ichki ishlar organlari (1925-1939 yy.)

- Ikkinchi jahon urushi yillarida ichki ishlar organlari (1941-1945 yy.)

- O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida ichki ishlar organlari (1950-1989 yy.)

 

Turkistonda ishchi-dehqon militsiyasining tashkil etilishi va faoliyati (1917-1924 yy.)

1917 yil 28 oktyabrda (yangi sana bilan 10 noyabr`), ya'ni oktyabr` to'ntarishidan 3 kun o'tgach, RSFSR Ichki ishlar xalq komissarligi “Ishchi militsiyasi to'g'risida” qaror qabul qildi.
Bu davrga kelib Turkistonda ham hokimiyatni o'z qo'liga olgan sovetlar o'lkada o'z hokimiyatini o'rnatish, uning xavfsizligini ta'minlash uchun militsiya faoliyatini yo'lga qo'yishga harakat qildi. 1918 yil 29 yanvarda Turkiston Xalq komissarlari kengashining 17-sonli “Zaxira kadrlarini yaratish va militsiyani qayta tashkil etish to'g'risida”gi buyrug'i e'lon qilindi.

YAngi militsiyani tashkil etish va kadrlar tayyorlash ishiga rahbarlik qilish uchun 1918 yil 30 yanvarda “Turkiston o'lkasi shahar va tumanlari militsiya inspektori boshqarmasining bo'limi” tashkil etildi. 1918 yilning fevral` oyida barcha uezd, shahar hamda volostlarda militsiya organlari tashkil etila boshlandi.
1919 yilning 26 aprelida Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi (ASSR) Ichki ishlar xalq komissarligi (IIXK yoki ruscha NKVD) tarkibida respublika militsiyasi ishiga rahbarlik qiluvchi Ishchi-dehqon militsiyasi bosh boshqarmasi ta'sis etildi va unga bol`shevik F.YA.TSirul` boshliq etib tayinlandi. RSFSR Ichki ishlar xalq komissarligi kollegiyasi tomonidan “Militsiya tarkibida jinoyat qidiruv bo'limlarini tashkil etish” haqidagi qaror tasdiqlangandan so'ng (1918 yil 5 oktyabr`), Turkiston ASSRda ham dastlab Adliya xalq komissarligi tasarrufida bo'lgan jinoyat qidiruv bo'limlari militsiya tarkibiga o'tkazila boshlandi.

1920 yil 22 aprelida Turkiston ASSR Xalq komissarlari kengashi tomonidan “Sovet Ishchi-dehqon militsiyasi to'g'risida nizom” qabul qilindi. Unga ko'ra, Turkiston Ishchi-dehqon militsiyasining vazifalari quyidagilardan iborat deb belgilandi:

- tartib-intizom borasida Ichki ishlar xalq komissarligiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda chiqarilgan qaror, dekret va buyruqlarni hayotga tatbiq etilishini ta'minlash;
- umumdavlat mulki bo'lgan tashkilot va binolarning xavfsizligini ta'minlash (telegraf, telefon tarmoqlari organlari, pochta va hokazo);
- zavod, fabrika, konlar va boshqa ishlab chiqarish bilan bog'liq bo'lgan tashkilot va muassasalarni qo'riqlash;
- o'rmon, ekinzor, davlat qo'riqxonalarini hamda yoqilg'i omborxonalari, xomashyo va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini muhofaza qilish;
- qamoqxonalar va mahbuslar vaqtincha saqlanadigan lagerlarni qo'riqlash;
- mavjud hamma boshqaruv organlariga ularga topshirilgan vazifalarni bajarishda ko'maklashish.

1920 yilning oxiriga kelib Turkiston ASSR hududida 34 ta shahar, 26 ta uezd va 92 ta rayon militsiya bo'limlari mavjud edi. Turkistonda Ichki ishlar xalq komissarligi huzurida Militsiya Bosh boshqarmasi ta'sis etilgandan keyin uning tarkibida jinoyat qidiruv, temir yo'l, sanoat, suv va mahkama militsiyasi bo'limlari tuzildi, shu bilan birga, o'lkadagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, Turkistonda avj olayotgan sovet rejimiga qarshi qurolli harakatga qarshi kurashish uchun maxsus ko'ngilli militsiya otryadlari ham (asosan mahalliy aholi hisobiga) tashkil etildi.
Ishchi-dehqon militsiyasi jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bir paytda Markaz tomonidan Turkiston ASSR Ichki ishlar xalq komissarligiga yuborilgan qaror, buyruq, farmoyish va ko'rsatmalarni hayotga tatbiq etishda asosiy rol` o'ynadi.

Ishchi-dehqon militsiyasining faoliyati ko'plab ziddiyatli holatlar bilan kechdi, bir tomondan, mavjud tuzum undan o'z hokimiyatini amalga oshirishda asosiy bo'g'in sifatida foydalangan bo'lsa, ikkinchidan, militsiya organlarining asosiy vazifasi bo'lmish xalq osoyishtaligini ta'minlish borasidagi faoliyati ham qoniqarli darajada olib borilmadi. Militsiya xodimlarining bilim va malakasining pastligi, ularning etarli tajribaga ega emasligi, moddiy ta'minot masalasidagi muammolarning o'z vaqtida hal etilmasligi oqibatida militsiya saflarida poraxo'rlik, tamagirlik, o'z xizmat vazifasini suiiste'mol qilish va ichkilikbozlik singari yomon illatlar kuchayib ketdi. 
Asosan evropalik aholi vakillaridan tayinlangan militsiya boshliqlarining mahalliy aholining tilini, urf-odatlarini bilmasligi, xalq murojaatlariga bepisand munosabatda bo'lishi, mahalliy kadrlarning kamligi xalqning militsiyaga bo'lgan ishonchini so'ndirib bordi. Bu kabi salbiy holatlar sovet tuzumining keyingi davrlarida ham kuzatilgan.

 

Buxoro respublikasida ichki ishlar organlari (1920-1924 yy.)

1920 yil 30 avgustda Qizil armiyaning hujumi natijasida Buxoro amirligi quladi. 1920 yil 2 sentyabrda Umumbuxoro Inqilobiy qo'mitasining qaroriga ko'ra, xalq militsiyasi tashkil qilina boshladi. Uning boshlig'i etib S.YUsupov tayinlandi. Buxoro xalq sovet respublikasi (BXSR)ning birinchi ichki ishlar xalq noziri M.Saidjonov 1920 yil 14 sentyabrdan o'z faoliyatini boshladi. Ichki ishlar xalq nozirligi tarkibida Bosh militsiya boshqarmasi va Jinoyat qidiruv bo'limi tashkil etildi. 1920 yil 15 sentyabrda jinoyat qidiruv bo'limining boshlig'i etib A.Qurbonov, uning yordamchisi etib esa F.Mel`tser tayinlandi.

BXSR Ichki ishlar nozirligining 1920 yil 25 sentyabrdagi buyrug'iga ko'ra, Ishchi-dehqon Militsiyasi Bosh boshqarmasi tashkil etildi. 1921 yil 17 yanvarda Umumbuxoro Markaziy ijroiya qo'mitasi va Xalq nozirlar kengashining “Ishchi-dehqon militsiyasi haqida”gi dekreti qabul qilingan. Unga ko'ra, ishchi-dehqon militsiyasi katta va kichik militsionerlar, jinoyat qidiruvi boshliq tarkibi, qidiruv agentlari, kantselyariya (devonxona) va texnik xodimlardan iborat bo'lgan.
Buxoro xalq sovet respublikasi (BXSR) Xalq nozirlar kengashining 1922 yil 5 martda tasdiqlangan “Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi va militsiya zahiralari haqida”gi, 1923 yil 10 oktyabrdagi “Buxoro xalq sovet respublikasining ichki ishlar xalq nozirligi haqida”gi qarorlari ichki ishlar organlarining tuzilishi, vazifa va vakolatlari hamda ular faoliyatining asosiy yo'nalishlarini belgilab bergan.

 

Xorazm Respublikasida ichki ishlar organlari (1920-1924 yy.)

1920 yil 30 aprelda xalq vakillarining birinchi Butunxorazm quriltoyida Xorazm xalq sovet respublikasi tashkil topganligi e'lon qilindi. SHu kuni “Mamlakatda militsiya boshqarmasini ta'sis etish va Xiva shahrini himoya qilish to'g'risida” qaror qabul qildi. Unga ko'ra, Adliya nozirligi qoshida Militsiya boshqarmasi ta'sis etildi. Birinchi ichki ishlar noziri N.SHolikorov 1920 yil 30 apreldan o'z vazifasini bajarishga kirishdi.

Xiva shahrida maxsus militsiya boshqarmasi tuzilib, joylarda uning bo'limlari tashkil etildi. Bo'limning asosiy vazifalari kontrrevolyutsiyaga qarshi kurashish hamda shaharning ichkarisida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash ishlari bilan shug'ullanishdan iborat edi. Bo'lim tarkibiga yuzga yaqin xalq militsionerlari kirar edi.
1923 yilning apreliga kelib militsiya otryadi 600 kishini tashkil etdi (400 dan ortiq otliq). Xivadan tashqari, yana 27 taga yaqin militsiya tayanch punktlari mavjud bo'lib, u erda 30 ga yaqin katta militsionerlar faoliyat yuritishardi. 1923 yil 5 noyabrda Xorazm Markaziy ijroiya qo'mitasining qaroriga binoan, ichki ishlar xalq nozirligi huzurida fuqarolar xavfsizligini qo'riqlash, inqilobiy sharoitlarda tartib-osoyishtalikni saqlash, sotsialistik mulkchilikni muhofaza qilish maqsadida Respublika Markaziy Qo'riqlash boshqarmasi tashkil etildi. 1924 yil 30 noyabrda Militsiya bo'limi Xorazm Inqilobiy qo'mitasining tasarrufiga o'tdi.

Xorazm va Buxoro xalq sovet respublikalarida ichki ishlar organlarining tuzilishi va faoliyati turli qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar bilan kechgan. Jumladan, militsiya organlarini tuzishda RSFSR va Turkiston avtonom SSRdagi kabi bir xil “qolip” asosida, mahalliy shart-sharoitlar, aholining tarixan shakllangan turmush-tarzi va qarashlari hisobga olinmasdan ish ko'rildi. Oqibatda, militsiya organlaridagi ish jarayoni dastlabki kunlardanoq, muammolarga, ziddiyatlarga to'la bo'ldi.

 

O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida ichki ishlar organlari (1925-1939 yy.)

1924 yil oxirlarida O'rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanishning o'tkazilishi va O'zbekiston SSRning (1925 yilning fevral` oyi) tashkil etilishi natijasida, Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm xalq sovet respublikalari hududlarida faoliyat yuritgan ichki ishlar organlari O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tasarrufiga o'tkazildi va unga militsiya va jinoyat qidiruv bo'limlarining faoliyati ustidan umumiy nazorat qilish yuklatildi.

O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining Markaziy ma'muriy boshqarmasi qoshida “Militsiya va jinoyat qidiruv” bo'limi tashkil etildi. Unga 7 ta (Toshkent, Farg'ona, Samarqand, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo va Xorazm) viloyat bo'linmalari, bitta tuman-shahar (Toshkentning eski shahrida) bo'linmasi, 13 ta tuman (Mirzacho'l, Qo'qon, Andijon, Namangan, Jizzax, Xo'jand, Kattaqurg'on, Nurota, Karmana, Kitob, SHahrisabz, G'uzor, Bauman va Sariosiyo) bo'linmalari va Samarqand viloyatining vokzaloldi bo'linmasi bo'ysunar edi.

Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan 1925 yil 1 dekabrda “O'zbekiston SSR Sovet Ishchi-dehqon militsiyasi haqida nizom” qabul qilinadi. Jumladan, uning 1-bandida: “O'zbekiston SSR Sovet Ishchi-dehqon militsiyasi markaziy va mahalliy hokimiyatning ijro etuvchi organi bo'lib, ular tomonidan inqilobiy tartibni himoya qilish va xavfsizlikni ta'minlash yuzasidan e'lon qilingan qaror, buyruq hamda farmoyishlarni hayotga tatbiq etadi” deb ko'rsatilgan.

Bu davrda militsiyaga yuklatilgan vazifalar quyidagilardan iborat bo'lgan: 

- inqilobiy tartibni himoya qilish, fuqarolarning shaxsiy va mulkiy xavfsizligini ta'minlash; 
- yuqoridan chiqarilgan qonunlar, qarorlar, farmoyish va dekretlarni hayotga tatbiq etishda ishtirok etish; 
- qamoqxonalarni qo'riqlash; 
- jinoyatga qarshi kurashish; 
- aholi punktlaridagi sanitar holatni nazorat qilish; 
- aholiga pasport berish, pochta orqali yuborilgan posilka va pulli xatlarni olishga doir tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va yo'qotilgan hujjatlarni qayta tiklash; 
- ma'muriy jarimalarni undirish; 
- qishloq xo'jaligini nazorat qilish va  qoramollarning sonini tekshirib turish.

1926 yil 23 sentyabrda O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan jinoyat qidiruv va militsiya organlarining faoliyati samadorligini oshirish yuzasidan qaror qabul qilindi. Unda “Barcha viloyat ma'muriy bo'lim boshliqlariga jinoyat qidiruv va militsiya bo'limlarini birlashtirib, unga militsiya bo'limi boshlig'ini rahbar etib tayinlash vazifasi yuklatildi”.

1930 yil 31 dekabrda Ichki ishlar xalq komissarligi faoliyati to'xtatildi. Bu o'zgarishlar natijasida militsiya boshqarmasi mavjud shtati bilan birga Xalq komissarlari kengashi tasarrufiga o'tkazilib, viloyat, shahar va tumanlardagi militsiya bo'limlari esa tegishli hudud ijroiya qo'mitalariga bo'ysundirildi.
1930 yillarda Sobiq Ittifoqda pasport tizimi joriy etila boshlandi va shu munosabat bilan joylarda pasport xizmati yo'lga qo'yila boshlandi.

O'zbekiston SSR Xalq komissarligi kengashining 1932 yil 3 aprelda o'tkazilgan yig'ilishda “O'zbekiston SSR Xalq komissarligi kengashi huzuridagi ishchi-dehqon militsiyasi bosh boshqarmasi to'g'risidagi nizom” tasdiqlandi. Nizomda “Ishchi-dehqon militsiyasi bosh boshqarmasi jamoat tartibini saqlash va inqilobiy hukumatni himoya qilishda hamda fuqarolarning shaxsiy xavfsizligi, mulkiy daxlsizligi va ularning haq-huquqini muhofaza qilishda militsiya organlariga rahbarlikni amalga oshiradi” – deb ko'rsatilgan.
Dastlabki vaqtlarda militsiya safiga qabul qilingan yosh xodimlar uchun 2-3 oylik tayyorlov kurslari tashkil etilgan, 1932 yilda ichki ishlar organlari uchun huquqshunos kadrlar tayyorlab beruvchi Toshkent o'rta-maxsus militsiya maktabi tashkil etilgan.

SSSR Markaziy ijroiya qo'mitasining 1934 yil 10 iyuldagi qaroriga asosan, Umumittifoq Ichki ishlar xalq komissarligi qayta tuzildi. Unga davlat xavfsizlik organlari va Militsiya Bosh boshqarmasi buysundirildi.
1935 yilning noyabr`-dekabr` oylarida militsiyaning butun rahbar tarkibi attestatsiyadan o'tkazilishi, xodimlar uchun maxsus unvonlar va nishonlar ta'sis etilishi, rahbar tarkibning huquq hamda vazifalari aniq belgilanishi, xodimlarni ishga tayinlash va bo'shatish tartibi o'rnatildi.

1936 yilning 3 martda ichki ishlar idoralari tarkibida Davlat avtomobil` inspektsiyasi xizmati tashkil etildi.

Ichki ishlar xalq komissarligi operativ organlarida rahbarlar tarkibiga unvonlar maxsus tayyorgarligi va xizmat attestatsiyasidagi malakasi hamda ish stajiga qarab berilardi. Xizmatni o'tash uchun quyidagi maxsus unvonlar belgilandi: militsiya serjanti, militsiya kichik leytenanti, militsiya leytenanti, militsiya katta leytenanti, militsiya mayori, militsiya katta mayori, militsiya inspektori, militsiya direktori va militsiya bosh direktori.

 

Ikkinchi jahon urushi yillarida ichki ishlar organlari (1941-1945 yy.)

Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g'alaba uchun boshqa xalqlar qatori, o'zbek xalqi ham katta qurbonlar berdi. Front janggohlarida halok bo'lgan 400 mingga yaqin o'g'lonlardan tashqari, yana yuz minglab kishilar mehnat jabhasida nobud bo'lishdi.
O'zbekiston militsiyasi, shu jumladan, Toshkent militsiya maktabi ham ko'plab mard Vatan himoyachilarini tarbiyalab etishtirdi. Ular frontlarda kahramonona jang qilib, bosqinchilarni ayovsiz qirdi.

Toshkent militsiya maktabi operativ xodimlar tayyorlovchi asosiy bazalardan biri bo'lib qoldi. Kadrlar etishmasligi tufayli o'qish muddati to'qqiz oy bo'lgan asosiy bo'limdan tashqari, 3 oy, 20 kunlik kurslar tashkil etildi.
Urush sharoitidan kelib chiqqan holda, davlat tashkilotlarining strukturasi, ularga yuklatilgan vazifa va vakolatlarda bir qator o'zgarishlar amalga oshirildi. 1941 yil fevral` oyida SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi va uning joylardagi bo'limlari ikkiga, ya'ni Ichki ishlar xalq komissarligi va Davlat xavfsizlik komissarligiga bo'lindi.

Urush sharoitida shaxsiy tarkibning qisqartirilishi jiddiy qiyinchilik tug'dirardi, bu qiyinchiliklarni engish uchun militsiya organlarini to'ldirish yuzasidan shoshilinch choralar ko'rish lozim edi. Ko'p hollarda militsiya saflari harbiy komissarliklar orqali yarador bo'lib frontdan qaytib kelgan kishilar, sog'lig'i va yoshi tufayli armiyada xizmat qilishi cheklangan shaxslar va ayollar hisobiga to'ldirilar edi. Masalan, 1942 yildan 1945 yilgacha Toshkent militsiya maktabining kursantlari tarkibi ma'lum darajada xotin-qizlar hisobiga to'ldirib borildi. Bu davrda xotin-qizlar salmog'i maktab kursantlari umumiy sonining 60 foizini tashkil qilardi.
Militsiya shaxsiy tarkibida kadrlarga ehtiyojni qisman bo'lsa-da, to'ldirish maqsadida O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan 1941 yil 27 iyunda maxsus buyruq chiqarilib, unga asosan, Toshkent militsiya maktabining ikkinchi kurs talabalari iyun` oyida (68 nafar), 4 oktyabrda esa birinchi kurs talabalari (72 nafar, shundan 40 tasi ayollar) muddatidan oldin o'qishni tugatib, militsiya organlarida xizmat qilish uchun yo'llanma oldilar.

Ittifoq miqyosida xalq xo'jaligining harbiy izga o'tkazilishi jarayonida O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan 1941 yil 30 iyunda “Ichki ishlar shaxsiy tarkibi xodimlariga ta'til berishni bekor qilish va ta'tildagi xodimlarni xizmatga chaqirib olish to'g'risida”gi buyruq e'lon qilindi. Ushbu buyruq asosida 1 iyul` kuni O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan barcha viloyatlarga tarib-intizom va xavfsizlikni mustahkamlash, jinoyat qidiruv borasida olib borilayotgan tezkor tadbirlarni yanada kuchaytirish hamda militsiya organlarida rahbarlarning sutkalik navbatchiligini tashkil etish, jinoyat sodir etilgan joylarda hududiy rahbarlarning bevosita ishtirokini ta'minlash to'g'risida ko'rsatmalar tarqatildi. Natijada ichki ishlar xodimlariga yuklatilgan vazifa va vakolatlar doirasi yanada kengaytirildi.
1941 yil 20 iyulda SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining Davlat xavfsizligi komissarligi va Ichki ishlar xalq komissarliklarini yagona Ichki ishlar xalq komissarligiga birlashtirish to'g'risidagi farmoni e'lon qilindi.

1943 yil 9 fevralda SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining qaroriga muvofiq, militsiya shaxsiy tarkibi uchun maxsus unvon va pogonlar joriy etildi. Qarorda quyidagi unvonlar nazarda tutildi: 
3-rang (darajali) militsiya komissari, 
2-rang militsiya komissari
1-rang militsiya komissari unvonlari bo'lib, 1-darajalilarga – yuqori rahbarlar tarkibi, ya'ni militsiya mayori, podpolkovnigi (kichik) va polkovnik unvonlari (katta boshliqlar tarkibi hisoblangan), 2-darajalilarga militsiya kichik leytenanti, leytenant, katta leytenant va kapitan unvonlari (o'rta boshliqlar tarkibi), 3-darajalilarga (kichik boshliqlar tarkibi) militsiya kichik serjanti, serjant, katta serjant, serjantlar kattasi va oddiy tarkibga – militsiya efreytori unvoni kirgan.

1943 yil aprelda esa Ichki ishlar xalq komissarligi yana ikkita alohida mustaqil komissarlikka ajratiladi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad “mamlakatda jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, chet el agenturasi faoliyati va jinoyatchilikning oldini olishdagi ishlarni takomillashtirishdan iborat” deb ko'rsatildi.
Urushning dastlabki kunlaridanoq, respublika militsiyasining ko'plab xodimlari ko'ngilli ravishda harakatdagi armiya safiga qo'shildilar.

Xususan, urush boshlangan ilk oylarda O'zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligining buyrug'i asosida respublika bo'yicha rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan 57 nafari tezkor ravishda Qizil armiya saflariga yuborildi. Ulardan tashqari, Toshkent militsiya maktabi tinglovchilarining 60 foizi, komandir-o'qituvchilarining 30 foizi, Samarqand militsiya organlari xodimlaridan 1 489 kishi, Toshkent Temir yo'li militsiyasi bo'limining 204 nafar eng yaxshi xodimlari o'zbek milliy divizitsiyasi, shuningdek, general Panfilov diviziyasi safida jangga kirdilar.

Urush yillarida ichki ishlar organlariga yuklatilgan vazifalar hajmi doimiy ravishda yanada ortib borib, O'zbekiston militsiyasiga ham yangi maxsus topshiriqlar berildi.
Jumladan, xalq xo'jaligi ob'ektlarini qo'riqlash, mehnat fronti va mehnat faoliyati safarbarligidan bosh tortish holatlariga qarshi kurashish, turli hududlardan evakuatsiya qilinganlarni nazorat qilish (ular tomonidan tarqatilishi mumkin bo'lgan noto'g'ri axborotlarning yoyilishining oldini olish), harbiy yuklarni talon-taroj qilishning oldini olish, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari hamda oziq-ovqat kartochkalari oldi-sotdisini nazorat qilish, bolalarning qarovsizligi va nazoratsizligiga qarshi kurash olib borish, yaqinlari bilan aloqa uzilgan insonlarga ularni topishda amaliy yordam ko'rsatish va boshqalar.
1942 yil 23 yanvarda SSSR Oliy Kengashi prezidiumining “Ota-onasiz qolgan bolalarni tegishli muassasalarga joylashtirish to'g'risida”gi qarori asosida mahalliy ijroiya ko'mitalarida maxsus komissiyalar tashkil etildi.

Bu komissiyalar ichki ishlar organlari bilan birgalikda faoliyat yuritib, ular ota-onasiz qolgan bolalarni tarbiyalash va tegishli muassasalarga joylashtirish, ularni ish bilan ta'minlash barobarida, voyaga etmaganlarning haq-huquqini himoya qilish va nazoratsiz qolishining oldini olish bilan shug'ullanishi jarayonida militsiya huzuridagi bolalarni qabul qilish va taqsimlash xonalarining soni ko'paydi. Militsiya xodimlari evakuatsiya qilingan bolalarni qabul qilib olish, ota-onasiz qolgan bolalarni topish va joylashtirishda samarali faoliyat yuritishdi.

Toshkent temir yo'lida bolalar inspektorlari va transport militsiyasining xodimlari tomonidan 1944 yilda poezd va bekatlarda 20 690 uysiz va ota-onasiz qolgan bolalar aniqlanib, maxsus muassasalarga joylashtirildilar. Ichki ishlar organlarida evakuatsiya qilingan bolalarni joylashtirish ishlarini takomillashtirish maqsadida, 1941 yil tashkil etilgan Militsiya bosh boshqarmasi pasport bo'limi markaziy ma'lumot byurosi ularning doimiy yashash joylarini ham ro'yxatga olib borgan.
Urush yillarida Ittifoq miqyosida mazkur byuroga qarindoshlarining turar joylarini so'rab 3,5 million xat orqali murojaatlar tushgan bo'lib, militsiya xodimlari 2 861 000 nafardan ziyod insonlarning yangi manzillarini xabar qilgan. Undan tashqari, 20 000 nafardan ko'p yo'qolib qolgan bolalar topilib, ota-onalari bag'riga qaytarilgan. Ma'lumotlarda ko'rsatilishicha, urushning ilk kunlaridan 1943 yil may oyigacha Ittifoq miqyosida 190 000 nafar bola ota-onasi bilan aloqani yo'qotgan. Bunday ota-onalar va bolalarga yordam ko'rsatish har bir ichki ishlar xodimidan katta mas'uliyat talab qilgan. Surxondaryo viloyati militsiya xodimlari ham bunday tadbirlarda faol ishtirok etib, 1944 yil va 1945 yilning birinchi choragida 1 422 nafar qarovsiz qolgan bolalarni o'z uylari va boshqa tegishli tarbiya maskanlariga joylashtirganlar.

Umuman olganda, urush yillarida turli hududlarda tuzilgan maxsus komissiyalar tomonidan yosh bolalarning qarovsizligi va nazoratsizligini tugatishga qaratilgan ko'plab tadbirlar o'tkazilib, yirik aholi yashash punktlari, temir yo'l va boshqa joylarda militsiya huzuridagi bolalarni qabul qilish va taqsimlash xonalarining soni ko'paytirildi. Bu xonalarning asosiy vazifasi qarovsiz qolgan bolalarni topish, tarbiyalash, bunday holatlarning sababini o'rganish, tahlil qilish, aybdor shaxslarni prokuratura va militsiya xodimlari yordamida javobgarlikka tortish, qarovsiz qolgan bolalarning ota-onasi yoki yaqinlarini topish, ular bilan aloqa o'rnatish va etkazib berish hamda boshqalar hisoblangan.

Bu davrda qarovsiz bolalarning soni juda oshib ketdi. Qarovsiz va nazoratsiz qolgan bolalarni topish va ular orasida kuchayib ketgan jinoyatchilikni kamaytirishda ichki ishlar organlari samarali faoliyat yuritdi. Ichki ishlar organlari huzuridagi bolalarni qabul qilish va taqsimlash punktlari O'zbekistondagi bir qator yirik shaharlar, jumladan, Toshkent, Samarqand, Andijon, Farg'ona va boshqa shaharlardagi temir yo'l vokzallari hamda aholi ko'p yig'iladigan joylarda tashkil etilib, ular doimiy ravishda faoliyat yuritdi. Olib borilgan tadbirlar natijasida urush yillarida yosh bolalar orasidagi jinoyatchilik ancha kamaydi.

Urush sharoitida yuzaga kelgan iqtisodiy qiyinchiliklar oqibatida ijtimoiy muammolar keskinlashib, aholining bir qator mahsulotlarga bo'lgan ehtiyoji oshib ketdi. 1941 yil 18 iyulda SSSR Oliy Kengashi prezidiumi tomonidan ayrim oziq-ovqat va aholi uchun zarur bo'lgan sanoat mahsulotlarini muayyan normada kartochka orqali tarqatish (sotish) haqidagi qarori qabul qilingandan so'ng, aholi orasida noqonuniy savdo munosabatlarining kuchayishi, oziq-ovqat va kartochkalarni olib kelish hamda bosmaxonada bosish vaqtida ularni o'g'irlash holatlari kuzatildi.

Kartochka tizimi joriy etilgandan so'ng jinoyatchilikning yangi turlari rivojlana boshladi. Uni bartaraf etish maqsadida, 1942 yil 20 martda “Aholidan oziq-ovqat mahsulotlarini o'g'irlash va shu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish to'g'risida” SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi Militsiya bosh boshqarmasining buyrug'i chiqarildi. Unga asosan, umumiy foydalanish joylari va transportlarda, magazin va bozorlarda oziq-ovqat va sanoat kartochkalarini o'g'irlash va taqsimlashdagi suiste'molliklar hamda qalbaki kartochkalar tayyorlashga qarshi kurash borasida amaliy choralar ko'rildi. Masalan, Tojikiston militsiya organlari bilan birgalikda, oziq-ovqat kartochkalarini bosma usulda tayyorlash bilan shug'ullangan bir guruh jinoyatchilar fosh qilindi. Jinoyatchilardan ko'p miqdordagi soxta talonlar va pul tortib olindi. Tergov va surishtiruv ishlari davomida Dushanbe va Toshkent shaharlaridan bosma stanoklar topildi. SHuningdek, bu jinoyatchilar guruhi tomonidan qisqa vaqt ichida 500 tonnadan ortiq non o'g'irlanganligi ma'lum bo'ldi.

Bunday jinoyatlar orasida O'zbekiston hududida sodir etilgan yirik jinoyatlardan biri Toshkent shahar militsiya xodimlari tomonidan 1944 yil 29 dekabrda fosh etildi. Jinoyat qidiruv bo'limi inspektorlarining tezkor tadbirlari natijasida 400 tonna non mahsulotlarini olishga mo'ljallangan qalbaki kartochkalarni ishlab chiqargan va ulardan foydalangan jinoiy guruh ushlandi.

Tergov ishlari jarayonida o'tkazilgan tintuvlar natijasida ulardan 12 million rubl` naqd pul, 2 100 ta oltin tanga va boshqa qimmatbaho buyumlar tortib olindi. Ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlar isbotlanib, jinoiy guruhning barcha a'zolari oliy jazoga hukm qilindi.
O'zbekiston Kommunistik partiyasi markaziy qo'mitasi va O'zbekiston SSR xalq komissarlari kengashi tomonidan “Barcha turdagi don mahsulotlarini etkazib berish rejasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida” qaror qabul qilingandan keyin (1943 yil 18-20 noyabr`), ichki ishlar organlariga joylarda don mahsulotlarini talon-taroj qilinishining oldini olish, ularni qabul qilish va topshirish punktlarida nazorat o'rnatish, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash joylarini qo'riqlash, don va boshqa qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ekish va yig'ishtirib olishda ishtirok etish vazifalari yuklatildi.

1944 yilda O'rta Osiyoning bir qator shaharlari – Toshkent, Olmaota, Frunze, CHimkentda uyushgan jinoyatchilik kuchayib, ular tomonidan qasddan odam o'ldirish, bosqinchilik, talonchilik singari og'ir va o'ta og'ir turdagi jinoyatlar sodir etilgan.
Kriminnogen sharoitni yaxshilash maqsadida, SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi tomonidan Toshkent shahar Jinoyat qidiruv bo'limiga markazdan maxsus tayyorlangan xodimlar yuborildi. Ularning mahalliy xodimlar bilan birgalikda olib borgan tezkor tadbirlari natijasida qisqa muddatda Toshkent shahri va uning atrofidagi hududlardan 102 ta qurolli jinoyatchilar qo'lga olindi, ular orasidan ayrimlari (jamiyat uchun xavfli deb topilganlari) oliy jazoga hukm qilindi. Natijada Toshkent shahrida og'ir jinoyatlar sodir etilishi holatlari birmuncha kamaytirildi, uyushtirilishi mumkin bo'lgan jinoyatlarning oldi olindi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida ichki ishlar organlarining faoliyati ko'plab qiyinchiliklar bilan kechdi. Sababi urush holati e'lon qilingandan keyin respublika ichki ishlar organlari malakali xodimlarining katta qismi frontga va boshqa joylarga safarbar qilingan edi.
Fashistlarga qarshi janglarda ichki ishlar organlari xodimlari yuksak qahramonlik va jasurlik timsolini namoyon etdi. Ular Ukraina, Belorussiya, Leningrad, Xar`kov, Kursk yoyi, SHimoliy va G'arbiy hamda boshqa frontlarda ishtirok etib, katta matonat va mardlik namunalarini ko'rsatdilar.

Ana shunday vatanparvar respublika ichki ishlar organlari xodimlaridan Mo'ydin Hasanov, G'ani Valiev, Tojiboy Rajapov, Olimboy Omonboev, Ummat Ubaydullaev, Dina Lyujarovskaya, Nina Krasikova, G'ani Usmonov, Rahmon Abdullaev, Nabijon Akbarov, Parda Omonturdiev, Nurxon Abdullaev, Vasiliy Asach`ev, Juma Bekboev, SHermurot Bebitov, Mengli ergashev, Petr Zvezdin, Yo'ldosh Ismoilov, Vladimir Kim, Boboqul Murotov, G'ofur Mengliboev, YUsuf Mamatqulov, Xurram Murtozoev, Haydar Mahmudov, Xoliq Mardonaqulov, eron Navro'zov, eshmo'min Nukarov, Nurmamat Normatov, Insaf Nuriev, Dadaqo'zi Ataqo'ziev, Asil Rasulov, Temur Ravshanov, Rajabali Sattorov, Juma Suyundukov, G'ofur To'raqulov, Musurmonqul To'raev, egamberdi Xo'janov, Juma Xolliev, Ro'zi SHaxaev, Roman YAkimov, Xamid Ahmedov, Tojiboy Rejapov, Mamatqul Suraev, Saidahmad Isaev, Akmal G'oziev, Kimsan Qambarov, Vladimir Bistrevskiy, Evgeniy SHanin, Karimjon Najiev, Xidir Davirov va boshqalarning nomini keltirish mumkin.
Ular janglardagi qahramonliklari uchun davlat ordenlari va medallari bilan taqdirlanganlar. 

Respublika ichki ishlar organlarida turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan G'.Rahimov urush qatnashchilari haqida: “Urush ishtirokchilari, urush qahramonlari bo'lgan kishilar militsiyaning ham qahramonlari edilar. Ular xuddi urushdagi kabi o'z jonlarini ayamasdan jinoyatchilikka qarshi kurash olib bordilar. Ularning ichki ishlar organlaridagi keyingi faoliyatida ham doimiy ravishda o'z xizmatiga sodiqliq, jonbozlik, qat'iyatlilik, matonatlilik, fidoiylik xislatlari namoyon bo'ldi” deya ta'kidlaydi.
O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasida ichki ishlar organlari (1950-1989 yy.)

Urushdan keyingi dastlabki yillarda respublika hukumati oldida militsiyani tashkiliy jihatdan mustahkamlash, uning saflarini to'ldirish va xodimlar tayyorlash, militsiyaning faoliyatini takomillashtirish vazifalari turar edi. Barcha militsiya organlarida xodimlar etishmasdi, ayniqsa, uni malakali xodimlar bilan to'ldirish qiyin edi.
Respublika militsiya organlarida ishlovchilarning, ayniqsa oddiy militsionerlarning umumiy ta'lim darajasi past edi. CHunonchi, 1945 yil o'rtalarida Toshkent garnizonining shaxsiy tarkibi orasida militsionerlarning salkam 20 foizi butunlay savodsiz bo'lsa, ofitserlarning 32 foizi 7 sinf hajmida va undan ham kamroq ma'lumotli edi. SHu boisdan O'zbekiston SSR Ichki ishlar vazirligi maxsus kechki o'rta maktablar yoki alohida sinflar tashkil qildi, ularda ichki ishlar organlarining xodimlari o'qib, o'rta ma'lumot oldilar. 

1946 yil martda Ichki ishlar xalq komissarligining nomi Ichki ishlar vazirligi deb o'zgartirildi. 
1948 yil fevral` oyida O'zbekiston militsiya organlarida tergov bo'limlari va bo'linmalari tuzildi. 1953 yil 27 martda sho'ro hukumatining Vazirlar Kengashi “Jamoat tartibini saqlashni va jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish choralari to'g'risida”gi qaror qabul qildi. Unga ko'ra, Ichki ishlar ministrligi va Davlat xavfsizligi komissariyati Ichki  ishlar ministrligiga birlashdi.

1962 yil 22 fevralda ittifoqdosh respublikalar ichki ishlar vazirliklarining nomi Jamoat tartibini saqlash vazirligi deb o'zgartirildi. 
1968 yil 25 noyabrdagi SSSR Oliy kengashi rayosatining farmoni bilan SSSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi yana Ichki ishlar vazirligiga aylantirildi. O'zbekiston SSR Oliy kengashi rayosatining 1968 yil 4 dekabrdagi farmoni bilan O'zbekistonda ham shahar, tuman ichki ishlar boshqarma va bo'limlari tashkil etildi va uning tarkibiga militsiya apparati, qo'riqlash bo'limi, davlat yong'in nazorati, axloq tuzatish ishlari inspektsiyalari kiritildi.
Sobiq ittifoq davridagi kadrlar siyosatining jiddiy xatolaridan biri markaz tomonidan milliy respublikalarga, jumladan, O'zbekistonga mahalliy sharoitni bilmagan kadrlarning yuborilishi bilan bog'liq edi.

Masalan, 1983-1989 yillarda “O'zbekistonda sotsialistik qonunchilikni tiklash” shiori ostida Ichki ishlar vazirligiga sobiq sovetlar mamlakatidan hammasi bo'lib 150 nafar xodim jo'natiladi. O'zbekiston SSR IIV tarkibida ishlagan shovinistik kayfiyatdagi bu kishilar hech qachon mahalliy aholi haqida qayg'urmagan, balki o'zlari kabi “o'zbek ishi” degan bo'hton bahonasida prokuratura va sud tizimiga tushirilgan “desantchilar” bilan til biriktirib, o'zbek xalqini markazga yomonlash evaziga o'z xizmat pillapoyalaridan ko'tarilishni o'ylashgan. O'sha yillarda ichki ishlar vazirining o'rinbosari bo'lgan marhum iste'fodagi general-mayor G'.Rahimovning dalillariga ko'ra, vazirlik tarkibidagi 27 boshqarma va bo'limdan bor-yo'g'i ikkitasinigina o'zbek millatiga mansub kishilar boshqargan. U ham bo'lsa, xo'jalik va tibbiyot boshqarmalari edi.

1983-1989-yillarda O'zbekistonda faoliyat olib borgan sobiq ittifoq Bosh prokuraturasining alohida muhim ishlar bo'yicha tergov guruhi (T.Gdlyan va N.Ivanov boshchiligida) tomonidan to'qib chiqarilgan “Paxta ishi” va “O'zbek ishi” deb nomlangan uydirmalari asosidagi qatag'on oqibatida respublika ichki ishlar organlarining ko'plab rahbar va xodimlarning nohaq hibsga olinishi holati juda achinarli holdir.

Darhaqiqat, 1983-1989 yillar xalqimiz uchun nihoyatda og'ir yillar bo'lgan. O'zbekistonni agrar respublikadan sanoati rivojlangan, sobiq ittifoqda yagona sanalgan qator-qator zavod-fabrikalari va malakali kadrlarga ega respublikaga aylantirgan benazir inson SHarof Rashidovning bevaqt o'limidan so'ng, O'zbekistonda qatag'on qilichini ishga solishga shay bo'lib turgan kuchlar tomonidan tuhmat toshlari otila boshlandi.

Bu davrda birgina “Paxta ishi” (boshqa ishlar ham bor edi) bo'yicha 22 mingga yaqin kishi hibsga olingan. Ular orasida, ko'plab ichki ishlar idoralarining jonkuyar va fidoyi xodimlari va ularning oila a'zolari bor edi. 
SSSR Bosh prokuraturasi o'ta muhim ishlar bo'yicha katta tergovchilari T.Gdlyan hamda N.Ivanov tergov guruhiga boshliq etib tayinlandi va ularga juda katta vakolat berildi, o'z faoliyatini olib borish uchun hatto harbiy texnika, vertolyot, qurollangan askarlar ham biriktirib qo'yildi. SHu tariqa ular O'zbekistonda misli ko'rilmagan zo'ravonlikdan iborat jirkanch faoliyatini boshlab yuborishdi.

Tergov guruhi birin-ketin Buxoro viloyati IIB boshlig'i general A.Norov va uning ikki o'rinbosari – polkovnik SH.Rahimov, podpolkovnik V.Mulin, so'ngra generallar X.Norbo'taev, S.Sobirov, polkovniklar T. Hayitov, I. Pozilxonov, M.Alimov va Ichki ishlar vazirligining bir qator xodimlarini to'qib chiqarilgan ayblovlar bilan hibsga oldilar.
Keyinchalik ushbu jarayon butun respublika bo'ylab davom ettirildi. Natijada, o'nlab huquqni muhofaza qiluvchi organlarining rahbar xodimlari hamda ularning ortidan boshqa ko'plab xodimlar turli tuhmatlar qurbonlariga aylanishadi.

Mazkur jinoiy guruhning kirdikorlarini va ulardan aziyat chekkanlar haqida barcha ma'lumotlarni huquqshunos V.Ilyuxinning “Qabohat yoxud “O'zbeklar ishi” degan uydirma xususida” hujjatli essesi, yozuvchi Isfandiyorning “Inqiroz yoxud generallar o'yini” romani, huquqshunos, jabrdiyda T.Qahramonovning “Iblis iskanjasida 1643 kun” nomli hujjatli romani, A.Usmonovning “Kabohat saltanati” risolasi va boshqa ko'plab maqolalardan o'qib tanishish mumkin.
Mustaqilligimizning ilk yillaridanoq O'zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.Karimovning bevosita tashabbuslari bilan yuqorida ko'rsatilgan barcha jabrlanganlar to'liq oqlanib haqiqat qaror topadi.

Sovet Ittifoqi tuzumi davrida turli yillarda ichki ishlar organlari tizimida ko'plab strukturaviy o'zgarishlar qilingan bo'lsa-da, ammo mohiyat o'zgarmagan, respublika ichki ishlar vazirligi mustaqil harakat qilolmas, Ittifoq ichki ishlar vazirligining hududiy organi sifatida faoliyat olib borar edi. Natijada, oddiy xalq ichki ishlar organlariga ishonchsizlik bilan qarar, ichki ishlar organlari sovet tuzumining majburlov va jazo organiga aylanib qolgan edi.

III. Mustaqillik yillarida O'zbekistonda ichki ishlar organlari tizimidagi islohotlar

 

- Ichki ishlar organlaridagi dastlabki o'zgarishlar (1991-1998 yy.)

- Ichki ishlar organlarining takomillashtirilishi (1999-2016 yy.)

- Bosh maqsad – xalq manfaatlariga xizmat qilish (2016 yildan hozirga qadar).

 

Ichki ishlar organlaridagi dastlabki o'zgarishlar (1991-2009 yy.)


Davlat mustaqilligining qo'lga kiritilishi va o'tish davrida ichki ishlar organlarining moddiy-texnik ahvolini yaxshilash, malakali milliy kadrlar tayyorlash tizimini joriy etishga qaratilgan dastlabki o'zgarishlar amalga oshirildi.
Jumladan, 1991 yil 25 oktyabrda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 270-sonli qarori asosida O'zbekiston SSR IIV – O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga aylantirildi. Qaror bilan vazirlik Nizomi va strukturasi tasdiqlandi. Keyinchalik ushbu sana mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlari kuni sifatida belgilandi.

Mazkur davrlarga hamohang ravishda, 1989-1990-yillar mobaynida mamlakatimizda bozor iqtisodiyotiga o'tish bilan bog'liq juda og'ir bir davr hukm surardi.
Har bir sohada bo'lgani kabi, ichki ishlar organlari tizimida ham keng qamrovli ishlar, ulkan vazifalar, echimini kutayotgan muammolar mavjud edi. Bunday vaziyatdan o'z manfaatlari yo'lida foydalanishga uringan ayrim kimsalarning noqonuniy qilmishlari natijasida giyohvandlik, diniy ekstremizm, bosqinchilik kabi og'ir jinoyat turlarining soni ko'payib ketdi.
Bundan esa, ayrim chet davlatlarda faoliyat yuritayotgan ekstremistik tashkilotlarning jirkanch maqsadli rahnamolari tomonidan foydalanishga urinib, respublikamiz hududida mavjud kriminogen vaziyatni izdan chiqarishga, aholini vahimaga solishga, huquqni muxofaza qiluvchi organlar xodimlariga nisbatan ishonchsizlik uyg'otishga hamda ularni qo'rqitish va bo'ysundirishga bo'lgan amaliy harakatlar qilinardi.

Lekin shuni alohida qayd etish o'rinliki, mazkur og'ir sinovli davrlarning barchasida ham, ichki ishlar organlarining mard va jasur, yuragida o'ti bor, shijoatli xodimlari tomonidan Vatan himoyasi yo'lida o'z jonlarini ayamay, jinoyatchilikka qarshi mardonavor kurash olib borildi. Og'ir damlarda doimiy ravishda o'z xizmat burchiga sodiqlikni, jonbozlikni, qat'iyatlilikni, matonatlilikni, fidoyilik xislatlarini namoyon etdilar.
Bu haqdagi aniq faktlarni esa respublikamiz hududida 1989-2010  yillar davomida sodir etilgan terrorchilik, qo'poruvchilik hamda turli ommaviy tartibuzarliklarda ko'rishimiz mumkin. Mazkur xunrezliklarga qarshi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yuksak darajadagi mardlik va fidoyilik bilan kurash olib borilganligi natijasida ularning aksariyati mardlarcha halok bo'lganligiga guvohimiz. 

Buni quyidagi aniq misollarda ko'rishimiz mumkin bo'ladi:

1989 yil 3-12 iyun` kunlari Farg'ona viloyatida ommaviy tartibsizliklar yuzaga kelib, unda Marg'ilon, Toshloq, Qo'qon, Farg'ona va Quvasoy shaharlarida hamda Farg'ona, Oxunboboev va O'zbekiston tumanlarida yashovchi turk-mesxetin millatiga mansub fuqarolarga nisbatan qotillik, ularning mol-mulklariga nisbatan talonchilik jinoyatlari sodir etilib, uy-joylari yoqib yuborilgan. Deyarli 70 mingdan ortiq fuqarolar qatnashgan mazkur tartibsizliklarning ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan yanada rivojlanib ketishining oldi olinib, kechayu-kunduz olib borilgan amaliy harakatlar natijasida mazkur tartibsizliklar to'la bartaraf etilishiga erishilgan;

1990 yil 19-21 fevral` kunlari Toshkent viloyatining Bo'ka tumanida  ommaviy tartibsizliklar yuz berib, “Oktyabr`ning 40 yilligi” sovxozi va  “Qorabog'” qishlog'ida istiqomat qilgan turk-mesxetinlari bilan bog'liq janjallar avj oladi. Mazkur tarribsizliklar ham aynan ichki ishlar organlarining fidokorona xizmatlari bilan to'la bartaraf etilib, 2000ga yaqin turk mesxetinlari xavfli hisoblangan zonadan Parkent tumani hududiga evakuatsiya qilinadi hamda “Kumushkon” sanatoriyasiga joylashtirilgan;

SHu yilning 2-3 mart kunlari ham bir guruh shaxslar turk mesxetinlarning sanatoriya hududidan olib chiqib ketilishini talab qilib, ommaviy tartibsizliklarni davom ettirishlari oqibatida 4 nafar shaxs, jumladan, 1 nafar militsiya xodimi o'ldiriladi. Ushbu tartibsizliklarning bartaraf etilishida yuzlab ichki ishlar organlari xodimlari turli darajadagi tan jarohatlarini olishgan;

1991 yil 9 dekabr kuni Namangan shahar hududida joylashgan masjidlar atrofida “vahhobiy” diniy ekstremistik oqimi a'zolari tomonidan 1000 ga yaqin dindorlar va mahalliy aholi to'planib, shahar hududidagi katta yo'llar to'sib qo'yiladi, aholiga ommaviy ish tashlash uyushtirishlari kerakligi da'vat etiladi, shuningdek, viloyat hokimligi binosi atrofiga aholini to'plab, O'zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.Karimovning kelishini talab qilishgan. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan maxsus profilaktik-amaliy tadbirlar zudlik bilan olib borilib, mazkur jarayonning ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketishining oldi olinadi;

1994 yilning 5 may kuni Namangan viloyati, Uchqo'rg'on tumani hududida joylashgan 4-sonli Bojxona blok postida xizmat olib borayotgan militsiya xodimi B.Kuchkarov diniy-ekstremistik oqim a'zolarining hujumiga faol qarshilik ko'rsatib, yuz bergan otishmada xizmat burchiga sodiq holda, qahramonlarcha halok bo'ladi;

1997 yil 24 mart kuni Namangan shahri hududida xizmat olib borayotgan ikki nafar viloyat IIB xodimlari A.Tursunov va S.Olimovlar DeO a'zosi, Namangan shahar Qorako'l ko'chasi 14-uyda ro'yxatda turgan 1967 y.t., A.Yo'ldoshev va uning sheriklari bilan yuz bergan otishmada mardlarcha halok bo'lishadi. Ushbu otishma jarayonida etti nafar jinoyatchi otib o'ldirilgan, A.Yo'ldoshev esa yaralanib, qo'shni Qirg'iziston hududiga qochib o'tishga muvaffaq bo'lgan. 1998 yilda A.Yuldashev Qirg'iziston Respublikasi hududida olib borgan terrorchilik harakati davomida otib o'ldirilganligi ma'lum bo'lgan;

1998 yil 17 dekabr` kuni Xorazm viloyati Hazorasp tumanining Turkmaniston bilan chegara xududida ikki nafar terrorchilik guruhi jangarilari tomonidan ushbu hududda xizmat olib borayotgan chegara qo'shinlari va IIB xodimlariga nisbatan uyushtirilgan qurolli hujum natijasida IIB xodimlari A.Quvondiqov va M.Masharipovlar yaralangan, shuningdek, 29 dekabr` kuni to'rt nafar terrorchilik guruhi a'zolari bilan viloyatdagi «Gaz Achik» hududining Turkmaniston bilan chegaradosh qismida sodir bo'lgan otishma natijasida bojxona xizmati xodimi B.Avezov va IIB xodimi S.Ishniyazovlar mardlarcha halok bo'lishgan;

1999 yil 16 fevral` kuni Toshkent shahrida mudhish portlashlar sodir bo'ldi. SH.Rashidov ko'chasida qoldirilgan 2 ta avtomashinaga joylashtirilgan portlovchi moslamalar harakatga keltirilib, qo'poruvchilik harakati amalga oshirilganligi, soat 10:55da O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi oldida «GAZ-21» rusumli avtomashinaga o'rnatilgan portlash moslamasi harakatga keltirilishi, soat 11:00da X.YUsuf ko'chasida «ZAZ» rusumli avtomashinaga o'rnatilgan qo'lbola portlash moslamasi portlatilishi, soat 11:20da Markaziy Bank binosi oldida «Audi-100» rusumli avtomashina hamda soat 12:00da YAkkasaroy tumani A.Qahhor ko'chasi 22-uyning portlatilishi holatlari yuz beradi. Mazkur qo'poruvchilik harakatlari natijasida 13 nafar begunoh odamlar, jumladan, 1 nafar ichki ishlar organi xodimi vafot etishgan, 128 nafariga esa, turli darajadagi tan jarohatlari etkazilgan. Keyinchalik mazkur mudhish voqealarning barcha ishtirokchilari aniqlanib, bir qismi qo'lga olish jarayonlarida yo'q qilingan, boshqa qismi qo'lga olinib, adolatli jazo olganlar, ayrimlari esa boshqa davlatlar hududida terroristik aktlar davomida yo'q qilingan;

1999 yil 30 mart kuni ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Toshkent shahri Hamza tumanining Farg'ona yo'li ko'chasidagi ko'p qavatli uyda yashiringan “Turkiston islom harakati” terrorchilik tashkiloti a'zolarini ushlash maxsus tadbiri o'tkazilib, mazkur tadbir davomida qurolli qarshilik ko'rsatgan 2 nafar terrorchi guruh a'zolari o'ldiriladi va voqea joyidan granata, o'qotar qurollar hamda jinoyatga aloqador boshqa ashyolar olinadi. Ushbu kunning o'zida bir qator o'ta og'ir jinoyatlarni sodir etib, qidiruvda bo'lgan “vahhobiy” diniy ekstremistik oqimi faollaridan biri Toshkent shahri Hamza tumanining Buyuk Ipak yo'li ko'chasidagi uyda  yashiringanligi aniqlanib, uni qo'lga olish vaqtida ko'rsatilgan qurolli qarshilik natijasida, terrorchi otib o'ldiriladi;

1999 yil 15 noyabr` kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani Ugom-CHotqol bog'i hududida yashirinib, “tish-tirnog'igacha” qurollangan 14 nafar terrorchi guruh a'zolarining aniqlanishi natijasida, IIB xodimlari bilan qurolli to'qnashuv yuz beradi va natijada YAngiobod qo'rg'oni IIB boshligi V.Govoruxin, uning o'rinbosari B.Po'latov hamda tezkor vakil A.Qoraboevlar dushman bilan ayovsiz jang paytida mardonavor halok bo'lishgan. 16 noyabr` kuni esa “YAngiobod” dam olish maskani hududini havodan ko'zdan kechirish vaqtida 4 nafar jangarilarning tog'li yo'nalishdagi izlari topiladi hamda O'zbekiston Respublikasi IIV “Bars” maxsus jangovar otryadi xodimlaridan iborat tezkor guruh tomonidan to'rt nafar jangarilar ta'qib qilinib, yuz bergan qurolli to'qnashuv davomida ular yo'q qilingan;

SHu yilning noyabr` oyida Toshkent viloyatining Angren hududiga yigirma nafar qo'shni Tojikiston Respublikasi orqali kirib kelgan qurolli jangarilar aniqlanadi. O'zbekiston Respublikasi IIV va boshqa mutassadi organlar hamkorligida zudlik bilan tegishli tezkor tadbir amalga oshirilib, o'tkazilgan maxsus operatsiya natijasida jangarilarning barchasi yo'q qilingan, orttirilgan tajriba natijasida tadbir jarayonida bironta xodimga zarar etmagan;

2000 yil 25 iyul` kuni “Turkiston islom harakati” terrorchilik tashkilotining qurollangan bir guruh jangarilari xufyonalik uchun harbiy forma kiyishib, qo'shni Tojikiston tomonidan O'zbekiston davlat chegarasidan yashirin yo'llar bilan o'tishib, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani tog'li hududlariga kirib kelganligi aniqlanadi. Ichki ishlar organlarining mard va jasur xodimlari tomonidan 4-11 avgust kunlari davomida “Kishtut”, “Xamidarcha” va “Angorqozi” qishloqlarida o'tkazilgan maxsus tadbirlar davomida jami o'n sakkiz nafar jangarilarning yo'q qilinishiga erishilgan, qolgan terrorchilar esa qo'shni davlat hududi orqali Afg'onistonga o'tib ketishgan;

2000 yil 18 avgust kuni 15 kishidan iborat qurollangan jangarilar Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi CHotqol tog'-qo'riqxonasi hududida joylashgan 9209-sonli harbiy qismga hujum qilishadi, otishma davomida 2 nafar chegarachi halok bo'ladi, chekinishga majbur bo'lgan jangarilar esa  CHotqol tog' tizmasi hududi bo'ylab yashirinishadi. 27 avgust kuni Bo'stonliq tumanining “Sardala” tog'li hududida hamkorlikda o'tkazilgan maxsus tadbir natijasida 8 nafar jangari yo'q qilinadi, qolganlari esa yashirinishga ulguradi. Biroz o'tib, ya'ni 11 sentyabr` kuni qolgan jangarilar ham Qirg'iziston Respublikasi Jalolobod viloyati Oqtosh qishlog'ida ekanligi aniqlanib, hamkorlikda yo'q qilinishiga muvaffaq bo'lingan;

2004 yil 30 iyul` kuni soat 16:50 da O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining binosiga kirish yo'lagida diniy-ekstremistik oqimi a'zosi badaniga mahkamlangan qo'lbola portlatish qurilmasi orqali o'zini portlatishi oqibatida bir nafar IIV Qo'riqlash bo'limi xodimi xizmat joyida vafot etgan, o'n nafar fuqaro yaralangan. Soat 16:55da Toshkent shahrida joylashgan AQSH elchixonasi yonida yana bir terrorchi tomonidan qo'lbola yasalgan portlovchi moslamaning ishga keltirilishi natijasida ushbu joyda xizmat o'tayotgan ikki nafar IIB xodimi yaralangan. Keyinchalik ushbu terrorichilar va ularning rahnamolari aniqlanib, chet elda yashiringanliklari munosabati bilan qidiruv e'lon qilingan;

2005 yil 12 may kuni Andijon shahri markazida 200 ga yaqin “Akromiy”  DeO tarafdorlari va ularning oila a'zolari to'planishib, Qirg'iziston Respublikasi hududi orqali O'zbekistonga kirib kelgan 20ga yaqin jangarilar to'dasi boshchiligida 5 ta guruhga bo'lingan holda, Andijon viloyati IIB PPXvaJTSB binosiga, 7377-sonli harbiy qismga, Andijon shahar 1-sonli Tergov hibsxonasiga, viloyat MXXga hamda 44086 va 4821-sonli harbiy qismlarga qurolli hujum uyushtirganlar. SHundan so'ng jangarilar Andijon viloyati hokimiyati binosini egallab olib, hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini garovga olishgan. Ularning bir nechtasi namoyishkorona o'ldirilgan. O'zlarining qabih ishlarini berkitish maqsadida aholi orasida soxta ma'lumotlar tarqatib, tartibsizliklar keltirib chiqarishga, shuning natijasida dunyo OAV orasida shov-shuv ko'tarishga harakat qilishgan. Dushman bilan olib borilgan ayovsiz jang natijasida tartibsizliklar to'liq bartaraf etilib, ko'plab jangarilar yo'q qilinadi va qo'lga olinishiga muvaffaq bo'linadi. Ayrim jangarilar qo'shni Qirg'iziston orqali qochib ketib, turli xorijiy davlatlarda yashirinishga muvaffaq bo'lishadi. SHu bilan birga, afsuski, mazkur qurolli to'qnashuvda 19 nafar ichki ishlar organlari xodimlari mardlarcha halok bo'lishgan;

2009 yil 29 avgust kuni “Islom jihodiy e'tiqodi” terrorchilik tashkilotining etakchi a'zosi, qidiruvda bo'lgan SH.Maxmudov va uning o'g'li SH.Dilshodovlar Toshkent shahri va Toshkent viloyati xududlarida ichki ishlar organlari va diniy muassasalar xodimlariga nisbatan qotillik jinoyatlarini sodir etib, Toshkent shahar SHayxontohur tuman hududida ko'p qavatli uylardan biriga yashiringanlar. IIOlari tomonidan o'tkazilgan maxsus tadbir davomida yuqorida qayd etilgan jangarilar yo'q qilinishiga erishilgan. SHu yilning 7 sentyabr` kuni mazkur jinoiy guruhning yana bir a'zosi, qidiruvda bo'lgan D.Ismanxodjaev ham IIB PPXvaJTSB xodimlari bilan yuz bergan qurolli to'qnashuv jarayonida yo'q qilingan;

2010 yilning 14 avgust kuni esa terrorchi SH.Maxmudovning kuyovi, qidiruvda bo'lgan B.Soipov Toshkent viloyati YAngiyo'l tumani hududida yashirinib yurganligi aniqlanadi. B.Soipov IIB xodimlariga faol qurolli qarshilik ko'rsatishiga qaramay, tezkorlik bilan ko'rilgan choralar natijasida uni Toshkent viloyati Zangiota tumani Hasanboy mahallasi hududida ushlashga muvaffaq bo'lingan.
Ko'rib turganimizdek, yuqorida keltirilgan barcha noxush holatlarda  ichki ishlar organlarining halol, pok va dovyurak xodimlari ona yurtining aziz tuprog'i va har qarich eri uchun, o'z xalqining xavfsizligi uchun o'zlarining shirin jonlarini xatarga qo'yib bo'lsa-da, mardonavor kurash olib bordilar. Bunday misollarni yana davom ettirish mumkin, albatta.

SHu o'rinda alohida ta'kidlash o'rinliki, mazkur og'ir va sinovli davrlarda  ichki ishlar organlarida uzoq yillardan beri xizmat qilib kelgan, boy ish tajribasiga ega, ustoz va murabbiylarning yosh xodimlarga bergan bilim va ko'nikmalari alohida ahamiyat kasb etgan.
Mazkur davrlarda mamlakatimiz rahbariyatining diqqat markazida doimo ichki ishlar idoralarining malakali, etuk tajribali mutaxassislarini tayyorlash, imkon qadar tezkorlik bilan moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xodimlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalari kabilar turdi va bu borada tegishli islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirila borildi

Sir emaski, islohotlar samaradorligi, birinchi navbatda, kadrlar masalasi bilan bog'liq edi. SHu bois ham, ichki ishlar organlarida malakali kadrlar tayyorlash, yangicha mafkura asosida tarbiya topgan, ma'naviy etuk kadrlarni tayyorlash maqsadida IIV ta'lim muassasalari faoliyati tubdan isloh qilindi. Bu borada 1993 yilda YOng'in xavfsizligi oliy texnik maktabi, 1994 yilda esa  IIV Akademiyasi tashkil etilgan.

Qisqa davr ichida ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi etarli malakaga ega bo'lgan kadrlar bilan jamlandi, xodimlarning kasbiy va jangovar mahoratini oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Natijada  mamlakatda jinoyatchilik sezilarli darajada kamayib, sodir etilgan jinoyatlarning qisqa fursatlarda ochilishiga erishildi.
Bundan tashqari, 1994 yilda O'zbekistonning Interpolga a'zo bo'lishi respublika huquq-tartibot organlariga xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlik qilish, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkor davlatlarning kuch va vositalaridan foydalanish imkonini berdi.

XXI asr bo'sag'asida dunyoda yuz bergan o'zgarishlar, globallashuv jarayonlarining kuchayishi mamlakatimizda ham xavfsizlik va barqarorlikni saqlash, turli tahdidlarga qarshi kurashishda yangicha yondashuvni ishlab chiqishni kun tartibiga qo'ydi. 1999 yil 16 fevral` voqealari ichki ishlar organlari tizimida jiddiy kamchiliklar borligini ko'rsatdi.
SHu bois Toshkent shahrida jamoat tartibini va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash bo'yicha yangi kontseptsiya joriy qilinib, unga binoan, shahardagi avvaldan mavjud militsiya uchastka nozirlari o'rniga profilaktika inspektori shtat birliklari ta'sis etildi. “Mahalla posbonlari” va “YArashtirish komissiyalari” jamoat tuzilmalari tashkil etildi. Bu tuzilmalar joylarda jinoyachilikka qarshi kurash va uning oldini olish, ichki ishlar organlarining jamoatchilik bilan hamkorligini kuchaytirishga imkon berdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001 yil 27 martdagi farmoni va uning ijrosini ta'minlash maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan bir qancha qarorlar asosida ichki ishlar organlarining asosiy sohaviy xizmatlarida yangi islohotlar o'tkazilib, ularning faoliyati yanada takomillashtirildi.
Ushbu islohotlar va strukturaviy o'zgarishlar, avvalo, mamlakatdagi tinchlik-osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikning barcha ko'rinishlariga qarshi kurashish, yurtimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarning bardavomligi va uzviyligini ta'minlash, bir so'z bilan aytganda, “kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilini amalga oshirishga harakat qilindi.

Keyingi davrlar mobaynida respublikada fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta'minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo'yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilishiga alohida e'tibor qaratildi.
O'z vaqtida va uzoqni ko'zlab amalga oshirilgan mazkur o'zgarishlar mustaqil davlatimizning oyoqqa turishi va dunyo mamlakatlari orasidan o'zining munosib o'rnini egallashida, atrofdagi ayrim mamlakatlarda keskinlik vaziyati saqlanib turgan bir paytda, mamlakatimizda doimiy barqarorlikning ta'minlanishida muhim omil bo'lib xizmat qildi.
Ichki ishlar organlarining takomillashtirilishi (2010-2016 yy.)

Mazkur davr ichida fuqarolar bilan muloqot jarayoni, aholining muammolarini hal etish borasida, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash,  huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktikasi bo'yicha ayrim kamchiliklar kuzatildi. Bu borada o'tkazilgan tadqiqot va tahliliy ishlarning  natijasi ichki ishlar organlari faoliyatida bir qator jiddiy kamchilik va muammolar to'planib qolganligini ko'rsatdi.  

Jumladan:

- respublika, o'rta va quyi bo'g'indagi bo'linmalar o'rtasida asosiy vazifa va funktsiyalarning, shuningdek, amaldagi tashkiliy-shtat tuzilmalari kuch va vositalarining aniq taqsimlanmaganligi;
- IIOlari mansabdor shaxslari, shu jumladan, profilaktika inspektorlarining aholi bilan muloqoti yo'lga qo'yilmaganligi, ularning aholi oldida hisobot berib borish amaliyoti yo'qligi, shuningdek, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratining samarali mexanizmlari joriy etilmaganligi, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikning etarli emasligi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga nisbatan yuzaki yondashuvlar fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarganligi;
- huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish bo'yicha tizimli choralar ko'rilmaganligi;
- o'sib kelayotgan yosh avlodni buzg'unchi g'oyalardan himoya qilish amaliyotiga  etarlicha e'tibor qaratilmaganligi;
- IIOlari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi zamon talablariga javob bermay qo'yganligi va boshqalar.

Albatta, ushbu ko'rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish, tizim faoliyatida amalga oshirilayotgan ishlar samarasiga salbiy ta'sirini kamaytirish, bu borada idoralararo hamkorlikni kuchaytirish ishlari amalga oshirib borildi. Lekin O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish, uni hozirgi kun talablariga moslashtirishni zamonning o'zi taqozo etar edi.

Bosh maqsad – xalq manfaatlariga xizmat qilish (2016 yildan hozirga qadar)

Mazkur davr – bevosita O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoevning tashabbuslari bilan O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi asosida tizimni tubdan takomillashtirish, ichki ishlar organlarini aholiga o'z vaqtida va sifatli yordam ko'rsatadigan, har bir xodim tomonidan «Xalq manfaatlariga xizmat qilish»ni o'z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo'naltirilgan professional tuzilmaga aylantirishga qaratilgan keng ko'lamli islohotlar davri bo'ldi.
2016 yilda mustaqil O'zbekistonning 25 yillik tarixida ilk bor “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi qonun qabul qilinib, unda ichki ishlar organlarining asosiy vazifalari, faoliyatining yo'nalish va tamoyillari belgilab berildi.

O'z navbatida, O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish bo'yicha mutlaqo yangi davr boshlandi.
Harakatlar strategiyasida belgilangan 5 ta ustuvor yo'nalishning har biri mamlakatdagi islohotlarni va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo'limlarni o'z ichiga oladi. Jumladan, ikkinchi ustuvor yo'nalish sifatida mamlakatda qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga qaratilgan ko'plab vazifalar belgilab berildi.

Darhaqiqat, mustaqillik yillarida bosib o'tilgan yo'l va orttirilgan tajriba, erishilgan yutuqlar, yo'l qo'yilgan kamchiliklarni xolisona baholash, ayni vaqtda bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlarni tahlil qilish asnosida ichki ishlar organlari oldiga o'z vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish bo'yicha yangi vazifalar qo'yilmoqda.

O'tgan qisqa davr ichida ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu keng ko'lamli islohotlarning huquqiy asosi sifatida tizim samaradorligini oshirish bo'yicha 6 ta qonun, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 30 dan ziyod farmon, qaror va farmoyishlari hamda 150 dan ortiq hukumat va idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi PF-5005-sonli farmonida keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida to'planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar tahlil qilinishi barobarida, ularni bartaraf etish, ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yo'nalishlari hamda mamlakatimiz tarixida ilk bor ichki ishlar organlari rahbarlarining parlament, deputatlar va keng jamoatchilik oldida o'z vazifalarining bajarilishi yuzasidan hisobot berish tartibi belgilab berildi. Farmon bilan “Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar dasturi” ham tasdiqlandi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 apreldagi qarori bilan Ichki ishlar vazirligi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi.

YUqoridagi farmon va qarorlar ijrosini ta'minlash maqsadida qisqa davr ichida ulkan ishlar amalga oshirildi. Bunda, eng avvalo, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga faqatgina ichki ishlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi deb emas, balki barcha davlat organlari va aholi qatlamlarining vazifasi, ya'ni umumdavlat va umumxalq ishi sifatida qarash, bu borada barcha davlat va nodavlat tashkilotlari va keng jamoatchilikning kuch va imkoniyatlarini safarbar etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda qonunga hurmat, qonun buzilishining har qanday ko'rinishiga murosasizlik muhitini yaratish yo'li bilan huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va oldi olinishini ta'minlashga e'tibor qaratildi.

Ichki ishlar organlari faoliyatiga doir bo'lgan boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida tizimda juda katta islohotlar amalga oshirildi. Xususan:

- ichki ishlar organlarining yagonalik printsipini ta'minlash uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining bayrog'i va emblemasi namunalarini tasdiqlash to'g'risida”gi PF-5602-son farmoni asosida IIVning bayroq va emblemasi tasdiqlandi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 apreldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-2883-son qarori bilan tizimning boshqaruv apparati 70 foizga maqbullashtirib, tuman-shahar IIOlarining shtatlar soni to'rt barobarga oshirildi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo'linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-2896-son qarori bilan mavjud profilaktika inspektorlari soni maqbullashtirildi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan ta'minlashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-2906-son qarori bilan profilaktika inspektorlariga biriktirilgan xizmat hududlarida ularga xizmat uylari va imtiyozli kreditlar asosida shaxsiy avtomashinalar ajratilish tizimi yo'lga qo'yildi;

- jinoyat ishlarining sifatli va qisqa muddatlarda tergov qilinishini ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-2898-son qarori bilan O'zbekiston Respublikasi huquqiy tizimida nisbatan yangi surishtiruv instituti joriy etildi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 maydagi “Ichki ishlar organlarining jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-2940-son hamda 2017 yil 11 iyuldagi “Yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3127-son qarorlari bilan jamoat tartibini saqlash hamda yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash samaradorligi yanada oshirilib, patrul`-post va yo'l-patrul` xizmatlari sohaga oid bo'lmagan bir qator vazifalardan ozod etildi;

- aholiga pasport xizmatlarini ko'rsatish borasida qo'shimcha qulayliklarni yaratish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 iyuldagi “Ichki ishlar organlarining migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish; sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3126-son qarori bilan sohaga elektron navbat kabi zamonaviy axborot kommunikatsiyalari hamda xorijga chiqish zamonaviy “Biometrik” pasportlar bilan ta'minlash ishlari yo'lga qo'yildi;

- ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarni jamiyatga to'liq moslashuvini ta'minlash uchun ularni kasbga o'rgatish va ish bilan ta'minlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 avgustdagi “Ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lgan jazolarni ijro etish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3200-son qarori bilan jazoni ijro etish tizimi tubdan isloh qilinib, ularda ishlab chiqarish tizimi yo'lga qo'yildi;

- IIOlari uchun professional kadrlarni tayyorlash maqsadida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3216-son qarori bilan IIV Akademiyasida 7 ta yo'nalishlar bo'yicha o'qitish tizimi va 2 ta ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati yo'lga qo'yildi hamda joylarda 14 ta akademik litseylar joriy etildi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-3413-son qarori talablari asosida kadrlar bilan ishlashning mutlaqo  yangi tizimi joriy etilib, IIOning “Intizom ustavi” va “Ichki xizmat nizomi” amaliyotga to'liq kiritildi, xodimlarni ijtimoiy, ma'naviy va ruhiy ta'minlash ishlari tizimlashtirildi;

- Toshkent shahrida jamoat xavfsizligini ta'minlashning yangi modelini shakllantirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to'g'risida”gi PQ-3528-son qarori bilan poytaxt miqyosida ichki ishlar bo'limlari faoliyati yo'lga qo'yildi, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 iyundagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini ta'minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-3786-son qarori bilan poytaxtda jamoat tartibini saqlash uchun IIOlari, Milliy gvardiya va jamoatchilik bilan birgalikda tashkil etilgan 3 smenali, kunu-tun patrullik xizmati faoliyati yo'lga qo'yildi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-3919-son qarori bilan IIOning yagona boshqaruv tizimi sifatida tashkiliy bo'linmalar, shuningdek, rahbar xodimlar zaxirasini tayyorlash maqsadida Malaka oshirish instituti tashkil etildi;

- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 noyabrdagi “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4006-son qarori bilan Probatsiya xizmati hamda mahkumlarning huquqlarini to'liq kafolatlashga qaratilgan jinoyat-ijroiya qonunchiligini qayta ishlab chiqish ishlari tashkil etildi;

- joylardagi hokimlar tomonidan huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini kunlik tashkil etish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni xalq deputatari kengashida har oyda muhokama qilish tartibi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4075-son qarori talablari asosida yo'lga qo'yildi;

- turizm va transport infratuzilmasi ob'ektlarida mamlakatimizga kelayotgan xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash bo'linmalari faoliyati O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 martdagi “Transport va turizm ob'ektlarida jamoat xavfsizligini ta'minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4229-son qarori talablari asosida yanada jadallashtirildi.

YUqoridagilar bilan birga, jazoni o'tayotgan shaxslarning haq-huquqlarini ta'minlash borasidan ham ulkan ishlar qilindi. Bu borada ularning jazo o'tash sharoitlari yaxshilandi.
Zamonga mos kelmaydigan eski koloniyalar o'rniga mahkumlar mehnat qilishlari uchun erkin iqtisod talablariga to'la javob beradigan ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi, jamoatchilik o'rtasida salbiy nom qozongan “Jasliq” koloniyasi tugatildi.
Ilg'or xorijiy tajribalarga mos ravishda, shuningdek, Konstitutsiyamiz talablari asosida mahkumlarga parlament va joylardagi xalq deputatlarini saylash imkoniyati yaratildi. SHu bilan birga, mahkumlarga qarindoshlari bilan qo'shimcha uchrashuvlar va telefon so'zlashuvlarini amalga oshirish, ularning ijtimoiy sug'urta va pensiya ta'minotini olish kabi huquqlari doirasi kengaytirildi.

Vazirlik sohaviy xizmatlari va hududiy bo'linmalarining vazifa va funktsiyalarini maqbullashtirish bo'yicha institutsional yondashuv, shuningdek, tizimga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xodimlarning ijtimoiy himoyasi va maishiy sharoitlarini yaxshilash kabi amaliy ishlar ularning o'z xizmat vazifalarini mukammal bajarishlari uchun munosib shart-sharoit yaratish  imkonini bermoqda.
Bugungi kunda rahbar xodimlarning o'z faoliyati yakunlari yuzasidan aholi oldida hisobot berish tartibi, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash bo'yicha tashkiliy chora-tadbirlar ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek, xodimlarning mas'uliyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda

eng asosiysi, tizimdagi bu o'zgarishlar mamlakat rahbariyatining doimiy diqqat e'tiborida bo'lib kelmoqda. YUrtboshimizning mamlakat hududlari bo'ylab qilinayotgan safarlarida, albatta, u erda xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari, birinchi navbatda, profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati, ularga yaratib berilayotgan sharoitlar bilan bevosita tanishayotganligi, qisqa vaqt ichida bu boradagi ishlarning ahvoli bir necha marta Prezident huzuridagi yig'ilishlarda keng muhokama etilayotganligi buning isbotidir.

2019 yilning 10 yanvar` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ham bu boradagi ishlar tanqidiy muhokama qilinib, Ichki ishlar vazirligiga vaziyatni tubdan yaxshilash, chuqur tahlil asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi samarali kurashish bo'yicha mahalliy shart-sharoitlardan kelib chiqib, “hududlar tajribasi”ni joriy etish, kriminogen vaziyat og'ir bo'lgan hududlarda ilmiy-tadqiqot ishlari o'tkazib, jinoyatchilik ahvoli o'zgarishini kriminologik prognozlash bo'yicha uslubiy qo'llanma ishlab chiqish kabi vazifalar qo'yildi.

Joylarlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish uchun uyushmagan yoshlar va xotin qizlar bilan ishlash sohasiga ham alohida yondashildi. Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasining 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risidagi” qonuni asosida, tazyiq va zo'ravonlikdan jabr ko'rgan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi “Himoya orderi”ni berish amaliyoti kiritildi.

Xalqimizning mushkulini oson qilish maqsadida, IIO faoliyatiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish masalalariga alohida e'tibor berilmoqda. Bu borada, aholiga pasport berish va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida qulaylik yaratilib, elektron tarzda navbat kutish tizimi joriy etildi.
Fuqarolarga ichki ishlar organlari tizimdagi ayrim xodimlarning noo'rin xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish imkoniyati yaratilib, 24 soat faoliyat ko'rsatuvchi “1102” qisqa raqamli Kolltsentr, shuningdek, odam savdosi bilan bog'liq holatlar bo'yicha “99 301-01-01” yagona ishonch telefon aloqalari faoliyati yo'lga qo'yildi.

Tizimda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangiliklar haqida IIVning www.iiv.uz rasmiy veb-sayti orqali tanishish mumkin, tegishli ma'lumotlar doimiy ravishda joylashtirilib boriladi va keng omma e'tiboriga havola etishga imkon beradi.

Ichki ishlar organlari faoliyatining jamoatchilikka o'z vaqtida etkazib borilishi lozimligini nazarda tutib, tizimda 20 dan oshiq veb-sayt hamda 100 dan ortiq ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar joriy etildi.

Davlatimiz rahbari amalga oshirilgan ishlarga baho berar ekan, “Ko'rilayotgan choralar natijasida fuqarolarimizda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo bo'lmoqda. Lekin xotirjamlikka berilishga hech kimning haqqi yo'q, hali oldimizda qilinadigan ishlar ko'p”, – deya alohida ta'kidladi.

 

 

 

 

Namanganda ichki ishlar idoralarining vujudga kelishi 1917 yil 28 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Shu kuni Namangan ishchi milisiyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bunga qadar jamoat xavfsizligi harbiy qismlar tomonidan ta'minlanar edi. Namanganda ichki ishlar idoralarining vujudga kelishi 1917 yil 28 oktyabrga to‘g‘ri keladi. Shu kuni Namangan ishchi milisiyasini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bunga qadar jamoat xavfsizligi harbiy qismlar tomonidan ta'minlanar edi. Namangan milisiyasi tarkibi xalq tinchligi va osoyishtaligini ta'minlashni o‘zining muqaddas burchi deb bilgan minglab o‘zbek, qirg‘iz, tojik, qozoq va boshqa millat vakillari bilan to‘lib bora boshladi. Namangan milisiyasining dastlabki qadamlari juda og‘ir va suronli davrlarga to‘g‘ri keldi. Og‘ir iqtisodiy qiyinchiliklar, mashaqqatli o‘tish davri va fuqarolar urushi davrida xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini saqlashda 1918 yili Namangan shahar uezdining favqulodda qo‘mitasi raisi Usmon Abdurahmonov, milisiya boshlig‘i Aleksey Muxin, uezd soqchiligi boshlig‘i Vasiliy Xutorney rahbarligida tuzilgan maxsus guruh katta o‘rin tutgan. Shahar-uezd milisiyasini qurollantirish uchun kamida 310 ta miltiq, 150 ta to‘pponcha, 150 ta qilich talab qilingan bo‘lib, bulardan 56 ta miltiq va 19 ta to‘pponcha ajratilgan. Shahar-uezd milisiyasida shtat bo‘yicha 310 nafar milisioner ishlashi kerak bo‘lsa-da, hamma ishni atiga 135 kishi bajargan va ularning ham ellik foizi qurollantirilgan xolos. 1922 yil may oyida Namangan shahar-uezd firqa qo‘mitasi, milisiya va harbiy qo‘mondonligining qo‘mita majlisi o‘tkazilib, unda milisiyaning shaxsiy tarkibini qaytadan ko‘rib chiqish va shu tarkib orasiga tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash, faqat davlat va xalqni chin dildan himoyalay oladigan kishilarnigina qoldirish haqida qaror qabul qilingan. Natijada milisiyaning faoliyati yanada samarali tus olgan. 1919-1920 yillarda viloyatda, ayniqsa, Baliqchi, Cho‘ja, Uchtepa, Jiydakapa, Chortoq, Shahand va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida xalq tinchligi, osoyishtaligiga tahdid solgan turli jinoiy guruhlarga qarshi kurashda Mamasidiq Parpiboev, Oxundada Solixon Hojiev, Hojiakbar Rahmatov va boshqa milisiya xodimlari jonbozlik ko‘rsatishdi. Fidokorona xizmatlari uchun D.Romanov, M.Mirmuhammedov, M.Parpiboev, T.Qosimov kabi xodimlar davlat mukofotlari bilan taqdirlandilar. Haydar Qo‘chqarov, Abduqodir Yunusov, Qutbiddin Najmiddinov kabi o‘z jonini fido qilgan xodimlarning nomlari viloyat milisiyasi tarixida abadiy qoldi.Namangan viloyati 1941 yilning 6 martida tashkil etildi. Uning hududida 7 ta tuman, 83 ta qishloq, 9 ta shahar posyolkalari, 9 ta shaharga bo‘ysunuvchi shaharchalar bo‘lgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida ham ichki dushmanlarning xurujlari xalqqa tinchlik bermagan bo‘lib, Mamadimin Sodiqov rahbarligida guruhlar bartaraf etilgan. Namangan viloyat milisiyasi vakillaridan G‘ani Valiev – Shuhrat ordenlarining to‘la nishondori, A.N.Axlyostin, A.Qobulov, B.N.Dmitrov, V.M.Jurbenko, R.D.Teleshov, M.F.Pichugin, A.A.Abbosov, Ya.I.Lazarev, T.K.Kamolov kabilar bevosita Ikkinchi jahon urushi maydonlarida mardonavor jang qilganlar.

1960 yilning 20 yanvarida viloyat tugatilib, Andijon hamda Farg‘ona hududlariga qo‘shib yuborildi. Ammo 1967 yilning 18 dekabrida yana qaytadan tashkil etildi. Viloyatda jamoat tartibini saqlash, turli ko‘rinishlardagi jinoyatlarni oldini olish maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasiga ham asos solindi. O‘sha paytda viloyat ichki ishlar boshqarmasi tarkibida 300 nafardan ortiq xodim xizmat qilgan. Keyingi davrlarda Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari barcha sohalarda yetakchi, namuna bo‘lishga erishishmoqda. Namangan milisiyasiga turli yillarda quyidagilar rahbarlik qilib kelganlar:

1968-1973 yillarda general-mayor Qudrat Ergashev;
1973-1974 yillarda polkovnik Gladkov Valentin Ivanovich;
1974-1976 yillarda polkovnik Alimov Muzaffar Sodiqovich;
1978-1984 yillarda polkovnik Yaqub Mahammadjonov;
1984-1986 yillarda polkovnik Titov Yevgeniy Mixaylovich;
1986-1990 yillarda polkovnik Gavrilichev Gennadiy Andreevich;
1990-1991 yillarda polkovnik Mamadjonov Bahodir Umarxanovich;
1992-1993 yillarda polkovnik Abbasov Rustam Abdullajonovich;
1993-1994 yillarda general-mayor Norgitov Irkin Norsadikovich;
1994-1997 yillarda polkovnik Tulyaganov Rustam Miralievich;
1997-2002 yillarda general-mayor Subanov Baxtiyor Djumaboevich;
2002-2004 yillarda general-mayor Mullajanov Tohir Oxunovich;
2004-2006 yillarda general-mayorUsmanov Ahmad Tugilovich;
2006-2009 yillarda general-mayor Sattarov Tal'at Subhonovich;
2009-2013 yillarda polkovnik Qurbonov Bahodir Nizamovich;
2014-2015 yillarda polkovnik Boboxo‘jaev Aziz Ozotovich;
2015-2016 yillarda polkovnik Djuraev Rustam Mirzaevich;
2016-2017 yillarda polkovnik Toshpo‘latov Aziz Anvarovich;
2017-2019 yillarda polkovnik Ataxodjaev Adil Irgashevichlar Rahbarlik qilishgan.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, egniga ichki ishlar libosini kiygan odam borki, hayotini Vatangan sadoqat, uning rivoji uchun jonfidolikni zimmasiga oladi. Aynan mazkur soha vakillarining sermashaqqat va sharafli kasbi sabab xalqimizning hayoti osuda, kunlari farovon bo‘lmoqda.

Text to speech