5 Dekabr 2022 yil 996

Oʻzbekiston delegatsiyasi Lionda oʻtkazilayotgan Interpol Milliy markaziy byurolar boshliqlari konferensiyasida ishtirok etmoqda

Uch yillik tanaffusdan soʻng har yili Fransiyaning Lion shahrida oʻtkaziladigan Interpol Milliy markaziy byuro boshliqlari konferensiyasi joriy yilning 28-noyabridan oʻz ishini boshladi.

Bu yilgi konferensiya “Global tahdidlarga qarshi qoʻshma chora-tadbirlar” shiori ostida oʻtayapti. Ushbu tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Interpol Milliy Markaziy byurosi boshligʻi polkovnik G.A.Alimuxamedov boshchilik qildi.

Konferensiyaning birinchi kunida Interpol bosh kotibiyati mutaxassislari tadbirga dunyoning 142 mamlakatidan kelgan delegatsiyalar rahbarlari va aʼzolari bilan “Maʼlumotlar uzatish samaradorligini oshirish”, “Yangi biometriyaga yoʻl”, «Inson DNK maʼlumotlar bazasining yoʻqligi va biometrik maʼlumotlar sifatini yaxshilash» mavzularini muhokama qildilar.

Konferensiya davomida Jinoyat politsiyasi xalqaro tashkiloti ‒ Interpol rahbariyati bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda Interpol imkoniyatlaridan foydalangan holda respublika huquqni muhofaza qilish organlarining milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi hamda Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari va tegishli vazirlik va idoralar uchun muhim va dolzarb mavzular boʻyicha seminar va treninglar oʻtkazish rejalashtirildi. Shuningdek, Interpol bosh kotibi j-b Yurgen Shtok bilan uchrashuv chogʻida oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston Milliy markaziy byurosi faoliyati surʼatlarining oʻsishi kuzatilganligi va bu respublikamizga tashrif buyurgan Bosh kotibiyat vakillari bilan ham muhokama qilinganligi hamda Oʻzbekiston Interpol Milliy markaziy byurosining Markaziy Osiyo byurolari orasida yetakchi roli haqida soʻz yuritildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Interpol MMB delegatsiyasi Turkiya, Turkmaniston, Rossiya, Belorusiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, BAA va boshqalar Milliy markaziy byuro vakillari bilan oʻzaro manfaatli, dolzarb yoʻnalishlarni muhokama qilib, ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazdi.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi

Text to speech