19 Aprel 2024 yil 12129

O‘zbekiston Respublikasi IIV Namangan akademik litseyi o‘quvchilari bilan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi

Namangan viloyati sudi raisi Alisher Usmanov va Namangan viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Faxriddin Raxmatovlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda dastlab sud-huquq sohasidagi islohotlar, mamlakatimizda odil sudlovni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mazkur jarayonlarda sudlarning o‘rni, sud idoralarining asosiy vazifalari haqida so‘z yuritildi.

Ochiq muloqot, samimiy suhbat tarzida davom etgan uchrashuvda viloyat sudi raisi o‘quvchilik va talabalik yillarini esga olib, Yangi O‘zbekiston yoshlariga yaratib berilayotgan bugungi sharoitlarni eʼtirof etdi. Sudyalik kasbining adolatni, inson huquq va manfaatlarini taʼminlashdagi ahamiyati, kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi, o‘z ustida ishlashi zarurligini taʼkidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Namangan akademik litseyida bugungi kunda jami 360 nafar o‘quvchi taʼlim olmoqda. Albatta ular orasida sud-huquq sohasiga qiziquvchilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni jihatdan, yuzma-yuz muloqotda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan viloyat sudi raisiga murojaat qildilar. Yigit-qizlarning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-hodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lajak huquqshunoslarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi.

Jonli muloqotlarga boy o‘tgan uchrashuv yakunida viloyat sudi raisi tomonidan taʼlim muassasasining faol o‘qituvchi va o‘quvchilariga faxriy yorliq va kitoblar topshirildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech