Yo‘lovchi YPX inspektoriga pora taklif qildi.
Joriy yil 12 mart kuni Namangan viloyati IIB YHXB 2-safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati katta inspektori viloyat IIB boshlig‘i nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, shu kuni soat 10:40 larda, To‘raqo‘rg‘on tumani hududida xizmat olib borayotganida, Spark rusumli avtomashina haydovchisi “Yo‘l harakati qoidalari”ni buzganligi uchun avtomashinasi vaqtincha jarima maydoniga tortilib, bayonnoma rasmiylashtirilganida, avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan fuqaro ushbu avtomashina uniki ekanligini aytib, transport vositasini jarima maydonidan chiqarib berish va bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 600.000 so‘m pora berishini aytganligini ma'lum qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Namangan viloyat bo‘yicha bo‘limi ma'sul xodimlari va tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro jarima maydoni oldida inspektorga 600.000 so‘m pullarni pora tariqasida berayotgan vaqtida xolislar ishtirokida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Ushbu holat bo‘yicha IJQKD tuman bo‘limi tomonidan O‘z.R JKning 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati