Yetmish yosh muborak!
Insonni bezab turadigan fazilatlar orasida kamtarlikdan ulug‘rog‘i bo‘lmasa kerak. Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi, polkovnik Rustam Abbasovni ana shunday fazilatga ega insonlardan biri deyish mumkin.
R.Abbasov Namangan shahrida tug‘ilib voyaga yetdi. 1977 yili Toshkent davlat universitetining huqushunoslik fakul'tetini muvaffaqiyatli tamomladi. 1986 yilda bilim va tajribasini oshirish maqsadida Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida joylashgan IIV Akademiyasida ham ta'lim oldi. U ichki ishlar organlari sohasidagi ilk qadamlarini Toshkent shahar sobiq Oktyabr' tumani IIB milisioneri lavozimidan boshlagan.
1971-1973 yillarda harbiy xizmatda bo‘lib qaytgan qahramonimiz o‘sha yildayoq, Namangan viloyati Namangan shahar IIB tergov bo‘linmasi tergovchisi lavozimiga qabul qilindi. Keyinchalik, Namangan shahar IIB JQB katta tezkor vakili, To‘raqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, Namangan tumani IIB boshlig‘i, O‘zbekiston Kompartiyasi Andijon viloyati partiya komitetida yo‘riqchi, sektor mudiri va birinchi kotibi yordamchisi, yana Namangan tumani IIB boshlig‘i lavozimlarida samarali xizmat qildi.
Yurt osoyishtaligini ta'minlash, jinoyat hamda huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilganlarini fosh etishda ko‘rsatgan jonbozligi bois hamkasblari va rahbariyat orasida hurmat qozondi. Mustaqillikning dastlabki yillari boshqa sohalar qatori ichki ishlar organlari tizimida ham bir qator yechimini kutayotgan muammolar mavjud edi. Hududda huquq-tartibotni mustahkamlash, aholi tinchligi va xotirjamligini ta'minlash maqsadida Rustam Abbasov 1992-1993 yillarda Namangan viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyatini davom ettirdi. Bu paytda Namangan viloyati og‘ir bir sinovli davrni boshidan kechirayotgan bir payt edi. Qaxramonimiz xalq tinchligi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qildi. Qasamyodiga sodiq qolib, xalq manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ydi. Uning xizmat faoliyatiga nazar tashlasangiz ona Vatan osoyishtaligi uchun huzur-halovatidan kechgan yurtning mard o‘g‘loni haqidagi hikoyalarga ko‘zingiz tushadi... Kishi tasavvurini xira qiluvchi qo‘rqinchli tushdek o‘tib ketgan vaziyatlarda mardonavor turib berdi. U qaerda, qaysi lavozimda ishlamasin, avvalo, har bir muvaffaqiyatning zamirini betinim mehnat va izlanishda, kasbga mas'uliyat bilan yondashishda, va albatta Vatanga muhabbatda deb bildi.
R.Abbasov qiynchiliklardan qo‘rqmadi, izlanish va intilish uning doimiy hamrohi bo‘ldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasida birinchi va ikkinchi boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Keyinchalik esa xizmat faoliyatini Toshkent viloyatining Zangiota hamda Yuqori Chirchiq tumanlarida IIB boshlig‘i lavozimida davom ettirgan Rustam Abbasov butun faoliyati davomida ko‘plab yillar mobaynida ochilmagan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Ustozlaridan o‘rgangan bilimlariyu yillar davomida orttirgan tajribalari hamda sinchkovligi unga doim qo‘l keldi.
2019 yildan hozirgi kunga qadar Namangan viloyati IIB boshlig‘ining maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan R.Abbasovning bugungi kunda ko‘plab shogirdlari respublikamizning turli hududlarida ichki ishlar organlari safida xizmat qilib, yurt osoyishtaligini asrashga munosib hissa qo‘shib kelayotir.
Vaqt – bamisoli oqar daryo. Rustam Abbasovning ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatiga ham salkam ellik yil to‘libdi. O‘ylab qarasak bu oz fursat emas. Shu yillar mobaynida u nafaqat kasbiga bo‘lgan sadoqati, balki odamiyligi, kamtarligi, hayotga bo‘lgan ezgu qarashlari bilan izzat-ikrom topdi.
Bugun 26 aprel', Polkovnik Abbasov tabarruk 70 yoshni qarshi olmoqda. Shu boisdan viloyat IIB majlislar zalida boshqarma boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari, IIV faxriylar kengashi mas'ullari, iste'fodagi faxriy xodimlar, Andijon viloyati IIB rahbariyati tuman va shahar bo‘lim boshliqlari hamda shaxsiy tarkib ishtirokida Rustam Abbosovni muborak yosh bilan qutlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastlab, boshqarma boshlig‘i tomonidan Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.R.Bobojonovning tabrigi o‘qib eshittirildi. Marosimda so‘z olganlar qaxramonimizni ustoz deya e'tirof etib, u to‘g‘risida samimiy fikrlarni bildirib, xotiralarni yodga olishdi. Tantana yakunida hushovoz xonandalar tomonidan Botir Zokirov ijrosiga mansub retro taronalarning kuylanishi barchaga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.
Feruza Otaxanova. "Postda" muxbiri.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati