8 Noyabr 2021 yil 454

Xo‘roz urishtirish o‘yinini tashkil etganlar qo‘lga olindi.

Joriy yil 6 noyabr' kuni Chust tumanida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, Chust tumanida joylashgan “Milliy o‘yinlar” niqobi ostida qonunga xilof ravishda tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz urishtirish yo‘li bilan qimorxona tashkil etilganligi, bu yerda fuqarolar o‘yinda qatnashuvchi xo‘rozlarga pul tikib xo‘roz urishtirayotganligini ma'lum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.

Shu kuni fuqaroning murojaati yuzasidan viloyat IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Chust tumanida tashkil etilgan pul tikkan holda xo‘roz urishtirish o‘yini uchun mo‘ljallangan maxsus joy qurilganligi aniqlanib, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ashyoviy dalillar bilan birga qo‘lga olingan.

O‘tkazilgan tadbir davomida xo‘roz urishtirish o‘yiniga 130 nafar fuqarolar tashrif buyurganligi, tashrif buyurgan fuqarolarning har biridan kirish uchun 25.000 so‘mdan pul yig‘ib olingani aniqlanib, kirish joyidagi kassadan jami 5.700.000 so‘m miqdoridagi pullar, xo‘roz urishtirish uchun maxsus maydondan ikki dona xo‘rozlar daliliy ashyo sifatida olingan.

Ushbu holat bo‘yicha Chust tuman IIB huzuridagi TB tomonidan 2021 yil 7 noyabr' kuni O‘z.R JKning 278-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech