Xizmat intizomini ta'minlash maqsadida jazoni ijro etish muassasasi xodimlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Namangan viloyati IIB 6-sonli tergov hibsxonasida xizmat qilayotgan xodimlar va ularning ota-onalari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uychi tuman Madaniyat markazida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda, IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Namangan viloyat bo‘yicha bo‘limi O‘MIB Katta tezkor vakili, Uychi tuman xokimi o‘rinbosari va Uychi tuman bosh imom xatibi ishtirok etishdi.
Uchrashuvda, mamlakatimizda so‘ngi yillarda barcha sohalar kabi ichki ishlar organlarida ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligi hamda ijobiy o‘zgarishlar va yangilanishlar haqida to‘xtalib, tizimdagi islohotlar nafaqat tarkibiy va tashkiliy jihatdan, balki, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e'tibor qaratilayotganligini ta'kidlandi. Biroq, keng imkoniyatlarga qaramasdan, bildirilgan ishonchni oqlash o‘rniga, ayrim xodimlar tomonidan tizim sha'niga putur yetkazuvchi hatti-harakatlar kuzatilayotgani afsus bilan ta'kidlanib, kelgusida shaxsiy tarkib o‘rtasida salbiy holatlar, shu bilan birga, xodimlar tomonidan ta'magirlik va yo‘l transport hodisalari sodir etilishining oldini olish, kasb madaniyatiga qat'iy rioya qilish lozimligi alohida aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng, IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi Namangan viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda viloyat IIB Axborot xizmati hamkorligida tayyorlangan, o‘z xatosi tufayli IIO safidan chetlatilgan hamda bilib-bilmay egri yo‘lga kirgan xodimlar hayoti aks ettirilgan "Qora dog‘" nomli ko‘rsatuv xodimlar va ularning oila a'zolariga namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida esa, o‘z xizmat vazifasiga vijdonan yondashib hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan bir guruh xodimlarning ota-onalariga IIVning tashakkurnomalari topshirildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati