Vijdon amri
Jinoyat sodir etgan fuqaro qilmishlari fosh boʻlgach, pushaymon boʻlishi turgan gap. Lekin, afsuski, baʼzi kimsalar jazodan qutulishning yagona chorasi pul deb oʻylashadi. Oʻzlarini yana xatar domiga tashlaydilar.
Firibgarlikda ayblangan fuqaro A. I. oʻzgalarning 17 ming AQSH dollarini aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritadi va oʻzlashtirib yuboradi.
Shu bois unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllaniladi. U Toʻraqoʻrgʻon tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi tergovchisi, kapitan Otabek Jalolovga uning ish yurituvida boʻlgan jinoyat ishida qamoqqa olish ehtiyot chorasini qoʻllamaslik evaziga 1000 AQSH dollari taklif etadi...
Ana shunday vaziyatlarda qabul qilingan qaror xodimning oʻz xizmat vazifasiga loyiq yoki noloyiq ekanini isbotlaydi. Birovning haqqidan qoʻrqmaslik, ayniqsa, jinoyat sodir etgan shaxsni pora evaziga jazodan ozod etish kapitan Otabek Jalolovning eʼtiqodiga zid edi. Shu bois u qaror qabul qilishda hech ikkilanmadi.
A.I.ning xomxayoli amalga oshmadi. Tergovchi unga tushuntirdi, bunday xatti-harakat navbatdagi jinoyatga yoʻl ochishini yotigʻi bilan tushuntirdi. Lekin barcha harakatlari zoye ketdi...
Shunday qilib, A. I. tergovchining xizmat xonasida 1000 AQSH dollarini berayotgan paytda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan ushlandi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Gulchehra Buvamirzayeva, “Postda” muxbiri. Namangan viloyati.