Viloyatimizda Odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib borilmoqda.
Bugungi kunda terrorizm va diniy ekstremizm, narkotrafik, odam savdosi jinoyatlarining inson xavfsizligiga xuruj qilayotganligi bois, ulardan jabr chekayotganlar afsuski, ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Xudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatlarning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlat rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Ular orasida ayniqsa odam savdosidek og‘ir jinoyat inson xayoti, erkinligi va xuquqlarini poymol qilib, uning erki taqdiri va kelajagini oyoq osti qilish bilan naqadar jirkanch ko‘rinishga ega ekanligini aloxida ta'kidlash lozim.
Ayni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi bo‘lgan bu turdagi jinoyat dunyo miqyosida keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining taxlillariga ko‘ra, ushbu jinoyatdan jabr ko‘rganlar soni bir necha milionlarni tashkil qilmoqda. Tashvishlanarlisi esa odam savdosidan jabrlanganlarning asosiy qismi ayollar va bolalarni tashkil qilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik, ayniqsa, uning transmilliy ko‘rinishlari, xususan, terrorizm va diniy ekstremizm, giyohvand moddalar aylanishi, odam savdosi kabi turlarini oldini olish, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni aniqlab, ularning jinoiy faoliyatlariga chek qo‘yish maqsadida keng ko‘lamli izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda qabul qilingan qonunlar va boshqa normativ hujjatlar shu maqsadga erishishga, xalq farovonligini ta'minlashga qaratilgan islohotlarni samarali amalga oshirishda huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jumladan, yurtboshimizning №5775-sonli Farmonlari bilan “Odam savdosiga qarshi kurashish idoralararo komissiyasi” bekor qilinib, 2019 yil 30 iyulda “Odam savdosi va majburiy mexnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi” tashkil qilindi va unga O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlis qonunchilik palatasi raisi T.Norboeva rais etib tayinlandi. Milliy komissiya tarkibida ikkita aloxida kichik komissiyalar tuzildi. Shu bilan bir qatorda ushbu farmon bilan viloyatlarda va shahar tumanlarda “Odam savdosi va majburiy mexnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xududiy komissiyalar raisi etib xokimlar tayinlandilar.
Xozirda zamon tez fursatda rivojlanayotganligi, davlatimiz dunyo mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirib borayotganligini aloxida ta'kidlab o‘tish lozim, shu bilan birga 2008 yil 17 aprelda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunda ham kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatib qo‘yganligi bois, milliy komissiyaning taklifi bilan 2020 yil 17 avgust kuni xalqaro standartlar talabiga javob beradigan yangi taxrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Ushbu qonun bilan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikasiya qilish va qayta yo‘naltirish tartibi, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari bilan ularga ko‘maklashuvchi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlar faoliyati hamda ular o‘rtasida hamkorlikni amalga oshirish yo‘nalishlari belgilab berildi.
Xozirda “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning yangi taxririni amaliyotga tadbiq etish chora-tadbirlari bo‘yicha milliy komissiya va xududiy komissiyalar tomonidan keng ko‘lamli targ‘ibot tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Shu jumladan, bizning viloyatimizda ham ushbu yangi taxrirdagi Qonunni axoliga keng tadbiq etish maqsadida xududiy komissiya va odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya a'zolari tomonidan targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Ayniqsa, chaqaloq savdosini oldini olish maqsadida viloyatimizning barcha shahar-tumanlarida faoliyat olib borayotgan tug‘ruqxona xodimalari orasida targ‘ibot tadbirlari amala oshirib kelinmoqda. Jumladan Namangan shahardagi ikkita tug‘ruqxonada, Kosonsoy, Chust va Uchqo‘rg‘on tumanlarida joylashgan tug‘ruqxonalarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi va yangi taxrirdagi qonunning mazmun moxiyati tushuntirildi.
Odam savdosining har qanday ko‘rinishining oldini olish va unga qarshi kurashish mintaqaviy va xalqaro darajada jiddiy yondashuv hamda o‘zaro hamkorlikni talab etadi. Zero odam savdosi, insonning xuquq va erkinliklari g‘ayriqonuniy ravishda aynan o‘zga inson tomonidan kamsitilishi va taxqirlanishi kechirib bo‘lmas jinoyatdir.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati