Viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarga yo‘riqnoma o‘tkazildi
Bugun Namangan viloyati IIB boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev, Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Xamidulla Mamatov, viloyat prokurori o‘rinbosari Xurshid Adilovlar rahbarligida Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tuman sektor rahbarlari ishtirokida mazkur hududlarga tungi xizmatga jalb etilgan hamkor idoralar xodimlariga yo‘riqnoma tashkil etilib, tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarga xizmat davomida shaxsiy xavfsizlikka rioya etgan holda olib borishlari, shu bilan birga hudud osoyishtaligi, fuqarolar tinchligi, jamoat va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, Namangan shahar, Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida aholiga xizmat ko‘rsatuvchi jamoat transportlarining raqamlashtirish jarayoni bilan tanishilib, kelgusida yo‘l-transport hodisalari va mulkiy turdagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida barcha jamoat transportlarini zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan jihozlash bo‘yicha masʼul xodimlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.
Bundan tashqari, jamoat va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga jalb etilgan xodimlarning faoliyati ham o‘rganilib, ularga xizmatni namunali tarzda tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqarmasida tashkil etilgan patrul-post va milliy gvardiya xodimlari tomonidan o‘tkaziladigan qo‘shma reydlar hamda boshqa jamoat tartibini saqlashga qaratilgan tadbirlarni nazorat qiluvchi situatsion markaz faoliyati ko‘zdan kechirilib, ushbu markazdan jinoyatchilikni oldini olishda samarali foydalanish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati