Vatanga va xalqimizga tunu kun xizmat qilish — barchamizning burchimizdir!
Namangan shahar va Yangi Namangan tumanlarida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida xizmatga jalb etilgan xodimlarning tungi faoliyati o‘rganildi
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat joylari hamda ijtimoiy soha obyektlarida fuqarolar osoyishtaligini taʼminlash maqsadida ichki ishlar organlari va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan hamkorlikda xizmat olib borilmoqda.
Xususan, Namangan viloyati IIB boshlig‘i tomonidan Namangan shahridagi 4-son “Huquq-tartibot maskani” hamda “Zahiriddin Muhammad Bobur” nomli istirohat bog‘ida tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning faoliyati, shuningdek “Chorsu” dehqon bozorida tungi savdo vaqtida ko‘rilgan xavfsizlik chora-tadbirlari o‘rganildi.
Shuningdek, o‘rganishlar Yangi Namangan tumani hududida davom ettirilib, dastlab 3-son “Huquq-tartibot maskani” xodimlarining faoliyati tekshirildi. Shundan so‘ng, Namangan davlat texnika universitetiga qarashli “Talabalar yotoqxonasi”da talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ko‘rilgan xavfsizlik chora-tadbirlari ko‘zdan kechirildi. Shu jarayonda universitet profilaktika inspektori va “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolari bilan suhbat o‘tkazilib, ularga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, jamoat va yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlashga jalb etilgan xodimlarning ham faoliyati o‘rganilib, tungi vaqtlarda fuqarolar tinchligini saqlash hamda yo‘llarda harakat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati