29 May 2024 yil 10108

“Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” shiori ostida psixologik trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘limi psixologik taʼminlash guruhi mutaxassis psixologlari tomonidan tizimda xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlar ishtirokida “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz” shiori ostida psixologik treningi mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Ushbu trening mashg‘ulotlari shaxsning o‘zini o‘zi tushuna olishi, shaxsiy tarkib o‘rtasida jamoaviy muhit barqarorligini shakllantirish, shaxslararo munosabatlarda ijobiy natijalarga erishish, xodimlarning ruhiy holatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy vaziyatlarni oldini olish hamda shaxsiy tarkibni xizmat sharoitlariga moslashtirish va jamoaviy muhitni yaxshilash, bir-birlarini tushuna olish kabi ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir davomida xodimlarning xizmat faoliyatidagi o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda, psixologik sport estafetalarida rang ajratish, arqon o‘rash, yugurib kelgan holda koptoklarni tepib to‘siqlarni yiqitish, suv bilan to‘ldirilgan idishlarga tennis sharchalarini tushirish kabi mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Bu kabi mashg‘ulotlar xodimlarni Vatanga muhabbat va xizmat burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni yuksak insoniy va maʼnaviy-axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan xalqparvar xodim darajasiga yetkazish, xodimlarni yagona g‘oya asosida jipslashtirgan holda ongiga xalq manfaatlariga vijdonan hamda sidqidildan xizmat qilish – oliy va sharafli burch ekanligini singdirishga xizmat qiladi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech