“O‘zligimiz timsoli – Ona tilim!”
Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
(Sh.M. M. Mirziyoyev)
Til-ijtimoiy hodisa. U insonlarning o‘zaro muloqotga kirishuviga va munosabatda bo‘lishiga xizmat qiladi. Hamma tildan birdek foydalana oladi. Hamma uchun til barobardir. Shuning uchun ham til jamiyatga tegishli. U jamiyatda paydo bo‘ladi, shakllanadi, vaholanki, uning umrboqiyligi ham, qadrsizlanib izsiz yo‘q bo‘lishi ham shu jamiyatga bog‘liq. Ferdinand de Sosyur talqinida shunday deyilgan: “Til hamma uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy, ruhiy hodisadir. Nutq esa ma'lum bir muayyan shaxs tomonidan o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib fikrini bayon etishdir”.
Dunyoda tillar ko‘p, ammo har bir xalqning, har bir jamiyatning o‘zi uchun qadrli bo‘lgan qadim-qadimdan shakllanib, sayqallanib kelayotgan tili mavjud. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov: “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tiliga muhabbat-yuksak ma'naviyat belgisi. Ona tili–millatning ruhi”, - deb bejiz aytmaganlar. Til aynan jamiyatga, millatga tegishli bo‘lganligi uchun ham uning xususiyatlarini jamiyat a'zolari ochib beradilar va bu tilning xalq orasida, jamiyatda qanday o‘rin tutishini ham belgilab beradilar. O‘z ona tilini anglab, qadrlab, uning yuksalishi uchun, boshqa xalqlar tillari orasida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun oz bo‘lsa ham o‘z hissasini qo‘shgan insonni adashmay xalqparvar, chinakam ma'naviyatli insonlar qatoriga qo‘sha olamiz. Aksincha, tilimiz boyliklariga putur yetkazib, o‘zining tiliga, oilasiga, jamiyatiga, xalqiga, qolaversa, o‘ziga, o‘zligiga hurmatsizlik qilayotgan inson esa faqat jaholat botqog‘iga botadi, bu ham yetmaganidek yon–atrofidagilarni ham qo‘shib shu botqoq tomon olib ketadi. Biz ota–bobolarimizdan qolgan ushbu muqaddas merosni asrab–avaylamog‘imiz lozim. Zero, til jamiyatning ma'naviyati va madaniyati ko‘zgusidir.
O‘zbek tili qadim tarixiga va o‘zining betakror yozma an'analariga ega bo‘lgan nufuzli tillardan biridir. O‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning soni yer yuzida o‘ttiz besh milliondan ortiq kishini tashkil etadi. Shundan yigirma besh milliondan ortig‘i O‘zbekistonda istiqomat qiladi. O‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktabrda Davlat tili maqomining berilishi o‘zbek adabiy tilining jadal, erkin taraqqiyoti uchun keng imkoniyat va qulay sharoitlarni yaratdi. O‘zbek tili O‘zbekiston Respublikasining davlat tili sifatida tan olinar ekan, bu Respublika hududidagi boshqa millat va elat tillarining qo‘llanishi, rivojlanishi, O‘zbekistonda yashovchi barcha millat vakillarining o‘z ona tillarida erkin muloqot qilishi uchun aslo monelik qilmaydi. “Davlat tili haqida”gi Qonunning 2-, 4-, 6-, 10-, 14–moddalarida boshqa millat vakillari tillarining amal qilishi himoyalanishi belgilab qo‘yilgan. Bu esa xalqimizning boshqa millat va xalqlarning tarixiga, madaniyatiga, tiliga bo‘lgan cheksiz hurmatini ifodalaydi. Zero, o‘z Ona tilini qadrlagan millatgina o‘zgalarning ham ona tiliga hurmat bilan qaraydi.
Tilimiz benihoya boy, uning zaxirasi bir necha yuz ming yilliklarlar bilan o‘lchanadi. Tilimizning bu boyligidan foydalana olish esa o‘zimizga bog‘liqdir. Vaziyatga ko‘ra ish tutib, so‘z ishlata olish yesa bizning qanchalik ma'naviyatga ega ekanligimizni ko‘rsatadi. Shu xususida, Alisher Navoiyning “Ko‘ngil maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalitin so‘z bil“, degan hikmatli so‘zi fikrimizning yaqqol dalilidir. Yuqorida ta'kidlaganimizdek, tilimiz benihoya boydir va bu boyliklardan o‘rinli foydalanish esa faqat nutqimizni bezaydi.
O‘zbek tili – mening ona tilimdir,
Har bir kuy – g‘azali g‘uncha – gulimdir,
O‘z ona tilimni chin dildan sevmoq,
Bilaman, men tutgan to‘g‘ri yo‘limdir.
O‘tmishda o‘lkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni, avvalo, o‘z tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, din-u diyonatimizdan judo qilishga qayta–qayta urundilar. Ular el–yurtimiz boshiga qanday azob–uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi ma'lum. Taqdir bizni shunday murakkab sinovli kunlarda xalqimiz ma'naviyati va Ona tilimizning himoya qalqoniga aylangan ne-ne alisherlar, boburlar, abdullolar, fitrat-u, cho‘lponlar bilan siyladi
Ona tilisini ardoqlab suygan,
Dunyoni zabt yetgan o‘g‘lonlaring bor.
Asrlar qa'ridan opichlab o‘tgan,
Tilim deb, elim deb kuyganlaring bor
Shavkatim, sharafim – Sen Ona tilim.
Jasur va matonatli xalqimiz har qanday og‘ir sinovlarda ham o‘z ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashib o‘tdi. Bu yo‘lda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tilini, milliy g‘ururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi. Shunday ekan, bobomeros, momomeros o‘z ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tarannum etishimiz lozim. Uning tarovatini boricha saqlab qolsak, unga sayqal bersak, zamonaviy yondashuv bilan raqamli tizimlarga joylasak, milliy tilimizdagi ma'rifiy dasturlarni yaratsak, tilimiz kelajagi yanada charog‘on bo‘ladi.
Xulosa shuki, tilni sevish, uni ardoqlash millatni sevish va uni qardlash bilan tengdir. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta'sirida shakllangan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida yoshlarimizning yutuqlari, sportchilarimizning g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir. Men o‘zbek tilining nafis tarovatini ona tilimda bitilgan, o‘zim o‘qigan badiiy asarlarda ko‘rdim, “O‘tkan kunlar”da Kumush momomning bitgan maktublarida his etdim. Tilimizga nisbatan “ONA” so‘zi ishlatilar ekan, biz ham o‘zbek millatining sadoqatli qizlari sifatida tilimiz sofligini onalarimiz allasi bilan qalbimizga joylaymiz va kelajak avlodga eltamiz. Kelgusida ona tilimiz rivoji uchun o‘z hissamizni qo‘sha olish baxti biz o‘zbek qizlarining ham qalbida ulkan iftixor uyg‘otadi.
Ona tilim, tarixing buyuk,
Bobolardan meros tilimsan.
Buyuklardan sen o‘zing buyuk,
Sen men uchun doim suyuksan.
Buyuk tilim, buyukligingni
Olam aro ko‘z-ko‘z etarman.
Men o‘zbekman, ona tilimni
Faxr bilan she'rda bitarman.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Namangan akademik liseyi 26-guruh o‘quvchisi
To‘lashboyeva Donoxon