Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari psixologlari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5050-son Qarorida, O‘zbekiston Respublikasining barcha tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlarini joriy etish hamda ularning bevosita xizmat o‘tash joyi etib umumiy o‘rta ta'lim muassasalari belgilab berilgan.
Mazkur qarorga asosan, 2021 yilda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 2000 ta psixolog shtat birligini joriy yilning 1 iyulidan qisqartirish evaziga 1100 ta inspektor-psixolog shtat birligi kiritiladi va 2022 yilda qo‘shimcha 900 ta shtat birligini kiritish orqali ularning soni 2000 tagacha yetkaziladi.
Inspektor-psixologlar zimmasiga har bir o‘quvchi kesimida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida psixologik muhitni yaxshilash, voyaga yetmaganlar orasida qonunbuzilishlarga murosasiz munosabatda bo‘lish hissini shakllantirish, muammoli o‘quvchilar bilan ularning yashash joylarida ota-onalari ishtirokida manzilli ishlash vazifalari yuklanadi.
Vazirlik va Namangan viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi rahbariyatining topshirig‘iga asosan hududiy ichki ishlar organlari hamda xalq ta'lim boshqarmasi mas'ul xodimlari hamkorligida xizmatga qabul qilish yuzasidan targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, umumiy o‘rta ta'lim muassasalari psixologlari orasida yangi kiritilayotgan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog lavozimlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar bilan Kadrlar boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.A.Burxonov ishtirokida markazlashtirilgan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida, ichki ishlar organlari xizmatiga malakali mutaxassis, iqtidorli yoshlarni jalb etish uchun tanlov o‘tkazish joyi va kunlari to‘g‘risida qo‘shimcha e'lonlar berilishi, ular tomonidan taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar, shuningdek xizmatga qabul qilish tartibi va belgilangan imtiyozlar to‘g‘risida batafsil tushunchalar berib o‘tildi.
Namangan viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi