12 May 2025 yil 323

Uychi tuman prokurorining tuman aholısiga murojaati

Aziz  hamyurtlar, hurmatli tumanimiz aholisi, qadrli nuroniylar, jamoat tashkilotlari masʼullari!

 

Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari va bevosita rahbarliklarida barcha sohalarda islohotlar izchil amalga  oshirilmoqda.  

 “Yangi Oʻzbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish umummilliy dolzarb vazifaga aylandi.

Uychi tumanida ham tinchlik va osoyishtalikni taʼmin-lashning  yangi  mexanizmlari  joriy  etilyapti.

Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham koʻrinayapti, jinoyat uchun jazo muqarrarligini taʼminlash vazifasi qanchalik muhim boʻlsa, uni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarni bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning har bir koʻchasida, mahallasida,bozorida, istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish  choralari  koʻrilmoqda.

 

Aziz  hamyurtlar!

 

Biz jinoyatchilikni jilovlashdek katta maqsadlarni oʻz oldimizga  qoʻyganmiz.

Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarorlari ijrosiga asosiy eʼtibor qaratganmiz.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi, tuman prokurori rahbarligida tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi  shtabi faoliyati  yoʻlga  qoʻyildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 56 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir, 7 tasiga masʼul rahbarlar nomma-nom biriktirildi. Barcha mahallalarning choraklik manzilli chora-tadbirli yoʻl xaritalari  ishlab chiqildi.

Yoʻl xaritalari ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalarda aholi gavjum joylarda 110 ta, koʻp qavatli uylarning hovlisiga 360 gradus aylanuvchi 3 ta, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga 35 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 4 ta, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalarining kirish-chiqish joylariga, ochiq sport maydonlariga 25 ta, jami 177 ta PTZ va oddiy kameralar, koʻp qavatli uylarning eshiklariga 35 dan ortiq damafon, uylarning kirish yoʻlaklariga 200 dan ziyod tashvish tugmalari oʻrnatildi.

Mahallalardagi koʻp qavatli va yakka tartibdagi 200 dan ortiq  xonadonlar Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmat tomonidan tezkor qoʻriqlovga olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon qoʻriqlovda!” kabi jami 250 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 20 ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 50 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar 250 ta yoritish vositalari bilan taʼminlandi. Albatta bu oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatmoqda.

Masalan, yil boshidan beri tumanda oʻrnatilgan kameralar yordamida qidiruvda yurgan 3 nafar jinoyatchi ushlandi. Shuningdek, bedarak yoʻqolgan 2 nafar shaxs topilib, 5 ta jinoyat “issiq izi”dan fosh etildi.

Amalga oshirilgan chora - tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 8 ta mahallaning 6 tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.

Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 46 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyat sababi tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.

Eʼtibor berishingizni istardim. Bu ishlar bir kunlik yoki bir martalik hisobot uchun qilinayotgan ishlar emas.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 2-chorak uchun yoʻl xaritalari ham ishlab chiqildi.

Tumanda jinoyatchilikning oldini olish, korrupsiyaviy holatlarni bartaraf etish boʻyicha kuchaytirilgan ish tartibini  joriy  etdik.

Bu borada viloyat prokurorining farmoyishi qabul qilinib, barcha tezkor xodimlar 56 ta mahallaga nomma–nom  biriktirildi.

Har bir sohaga doir targʻibot ishlari boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar  ishlab  chiqdik  va  tarqatdik.

Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda  amaliy  tadbirlarni  ham  oʻtkazadi.

Biz muammoning tub negizigacha yetib borib, “mahalla  prokurori”  degan  yondashuv  bilan  ishlamoqdamiz.

Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va  tahlillarning natijalariga qaratsam. 

Birinchi, jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.

Joriy yilning oʻtgan 1 - choragida 15 ta oʻrganish oʻtkazilib, 50 dan ortiq fuqaroning buzilgan huquqi tiklandi. Bu ishlar muntazam davom etadi.

Ikkinchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ham, aholi ham koʻproq eʼtibor berishi lozim boʻlgan hamkorlik kuchaytirilishi kerak boʻlgan bir nechta jinoiy omillarga diqqat  qaratmoqchiman.

Shiddat bilan rivojlanayotgan yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik orttirishning yangi yoʻllarini  ham  oʻylab  topmoqdalar.

Keyingi vaqtlarda firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani  ham  bunga  yaqqol  misol  boʻladi.

Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari orqali  sodir  etilayotganligi  tashvishli  holdir.

Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi.

Maʼlumot uchun, tumandagi jinoyatlarning 34 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tashkil etmoqda.

Misol uchun, joriy yilning oʻtgan davrida birgina plastik kartadan pul mablagʻlarini yechib olish holati yuzasidan 77 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Oqibatda esa, fuqarolarga 350 mln. soʻmga yaqin zarar yetkazilgani  aniqlandi.

Kiber makonda sodir etilgan jinoyatlarning 31 tasi yoki 40.2 foizi firibgarlik hamda 46 tasi yoki 59.8 foizi oʻgʻrilikni tashkil qilgan.

Soʻnggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.

Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim boʻlmagan. Shu sababli, aholimizdan firibgarlik qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank kartalari va hisob raqamlari toʻgʻrisidagi   maʼlumotlarni   sir   saqlashni  soʻrab   qolamiz.

 

Aziz tumanimiz aholisi!

 

Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, yilning dastlabki 3 oyi yakuniga koʻra, mast holda (2-0), ishsizlar (4-0) va yoshlar (9-7) jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsak-da, voyaga yetmaganlar (0-2), ayollar (3-5)  va muqaddam sudlanganlar (0-4) jinoyati esa biroz oshgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.

Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 180 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qiz aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 75 ta chora koʻrildi.

Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi kerak.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq muddatga ketgan 337 nafar bola, muntazam dars qoldiruvchi 16 nafar, tarbiyasi ogʻir 89 nafar oʻquvchi aniqlandi. Ularning 276 nafari maktablarga qaytarildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 15 dan ortiq muammosi hal qilindi.

Tarbiya masalalariga eʼtiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan koʻngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Tarbiya masalalari bilan har daqiqada shugʻullanish zarur.

Shu oʻrinda ota-onalarga murojaat qilamiz! Farzandingiz kelajagi uchun befarq boʻlmang! Ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi, bilim olishi, kasb-hunar egallashiga sharoit yaratib bering va kundalik nazoratni boʻshashtirmang! Unutmang, har bir bolaning kelajagi ham birimiz uchun muhimdir.

 

Hurmatli fuqarolar!

 

Korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish choralari ham koʻrilmoqda.  Zero, sir emas korrupsiya har bir sohaning rivojiga toʻsiq  boʻlmoqda. 

Shu sababli, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga barham berish yoʻlida qatʼiy murosasiz kayfiyatni shakllantirish, unga qarshi kurashishda men butun Uychi ahlidan oʻz hissangizni qoʻshishga chaqiraman.

Prezidentimiz talab qilayotgan,  jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini, huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf  qilishni ustuvor vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Buning uchun, har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.

Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.

 

Aziz hamyurtlar!

 

Jinoyatlarga qarshi kurashda prokuratura organlari, koʻmak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday koʻrinishiga chek   qoʻyishga  kafolat  beradi.

Shunday ekan, aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarning oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Zero, sodir etilayotgan jinoyatlarni fosh etilishi va oldi  olinishida xalqimizdan masʼuliyat, tashabbuskorlik hamda  daxldorlik  hissi  bilan  yondashishni  soʻrayman.

Shuni yana bir bor alohida qayd etamanki, jinoyatning har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat bildirishga, jinoyatga qoʻl urganlarga nisbatan jazoning muqarrar taʼminlanishiga   shaxsan   kafolat   beraman.

Barchamiz  jinoyatdan  holi  yangi  Oʻzbekiston  uchun  birlashaylik!

 

Uychi tuman prokurori B.Mutalliyev

Text to speech