Uychi tuman IIB boshligʻining murojaati
Aziz yurtdoshlar, tumanimiz mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning
tashabbuslari va bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli koʻrilmagan
islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda yuz berayotgan
shiddatli oʻzgarishlarga, aholining turmush darajasi keskin oʻsib borayotganiga
har birimiz birdek guvoh ham boʻlmoqdamiz.
Prezidentimiz ana shu yangilanish,
oʻzgarishlar samarador boʻlishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va
osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish
tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan
biri darajasiga koʻtardilar.
Zero, bu islohotlarning samarasi
barcha sohalarda qonun talablariga soʻzsiz rioya etishga, jinoyatchilik kabi
illatning oldini olishga bevosita bogʻliqdir.
Aziz
tumanimiz ahli!
“Yangi Oʻzbekiston”da huquqbuzarlik
va jinoyatchilikka qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga
aylantirildi.
Uychi tumanidagi kriminogen vaziyat
biznes muhitiga katta tasir koʻrsatadi, uning oʻziga xos, alohida yondashuv
talab etadigan xususiyatlari bor.
Tumanimizda tinchlik va
osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari joriy etilayapti.
Bu ishlarimiz kundalik hayotda ham
koʻrinayapti, jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik
muhim boʻlsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish
ham birdek muhimdir.
Shu bois, tumanning har bir
koʻchasida, mahallasida, bozorida, istirohat bogʻida, jamoat joyida xavfsiz
muhitni yaratish choralari koʻrilayapti.
Qadrli
yurtdoshlar!
Biz jinoyatchilikni jilovlashdek
katta maqsadlarni oʻz oldimizga qoʻyganmiz.
2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda
respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning
barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha
chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 1-son Qarori asosida jinoyatlarning sabablarini
“mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen
darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy
profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini
amalga oshirish orqali aholida xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator
chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qarorga muvofiq har bir mahallada
huquqbuzarlikning erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish
boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi.
Qaror ijrosi doirasida tumandagi
jami 56 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir 6 tasiga masʼul rahbarlar
nomma-nom biriktirilgan.
Barcha tuman va mahallalarning
choraklik manzilli chora-tadbirlar “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yoʻl xaritasi” ijrosi yuzasidan yil
boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga, koʻp qavatli uylarning hovlisiga
360 daraja aylanuvchi, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga, bozor va
savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi, kameralar, koʻp
qavatli uylarning eshiklariga domofonlar, uylarning kirish yoʻlaklariga
tashvish tugmalari oʻrnatildi. Savdo muassasalari va qariyib xonadonlar tezkor
qoʻriqlovga olindi.
Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka
chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon
qoʻriqlovda!” kabi stikerlar joylashtirildi, mahallalarda “namunaviy xavfsiz
koʻcha” hamda “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va
koʻchalarni yoritish vositalari bilan taʼminlandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 8 ta mahallalarning 5
tasida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.
Qarorga asosan hududlarda kriminogen
vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni
yoʻlga qoʻydik.
Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir
mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida
sodir etilgan 44 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablari tahlil
qilinib, tegishli profilatik taʼsir choralari qoʻllanildi.
Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar
xususiyatini inobatga olgan holda, 2-chorak uchun yoʻl xaritalarni ham ishlab
chiqildi.
Har bir sohaga doir targʻibot ishlari
boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqilib, tarqatildi.
Endilikda, biriktirilgan xodimlarimiz
jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda amaliy
tadbirlarni ham oʻtkazadi.
Endi eʼtiboringizni huquqbuzarlik va
jinoyatlarning oldini olish boʻyicha dastlabki bajarilgan ishlar va tahlillarning natijalariga qaratsam.
Birinchi, jinoyatchilikka qarshi
kurashish faoliyati samaradorligini oshirishda sohaviy nazorat kuchaytirildi.
Shiddat bilan rivojlanayotgan
yurtimizda insonlar koʻproq pul topish bilan birga, noqonuniy boylik
orttirishning yangi yoʻllarini ham oʻylab
topmoqdalar.
Keyingi vaqtlarda firibgarlik va
oʻgʻrilik jinoyati oshayotgani ham bunga
yaqqol misol boʻladi. Firibgarlik va oʻgʻrilik jinoyatlari
aksariyat hollarda axborot texnologiyalari va internet ijtimoiy tarmoqlari
orqali sodir etilayotganligi tashvishli
holdir.
Soʻnggi vaqtlarda Oʻzbekiston huquq idoralari ilgari duch kelmagan kiber makondagi jinoyatlar salmogʻi ortishi anchagina
tashkiliy choralar koʻrishni taqozo etdi. Maʼlumot uchun, tumandagi
jinoyatlarning 46.9 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tashkil
etmoqda.
Misol uchun, joriy yilning oʻtgan
davrida birgina plastik kartadan pul mablagʻlarini yechib olish holati
yuzasidan 11 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Oqibatda esa, fuqarolarga 400 mln.
soʻmga yaqin zarar yetkazilgani
aniqlandi.
Kiber makonda sodir etilgan
jinoyatlarning 47 tasi yoki
44.3 foizi firibgarlik hamda 57 tasi yoki 53.8 foizi oʻgʻrilikni tashkil
qilgan.Soʻnggi yillarda bu toifadagi jinoyatlar, bir necha baravarga koʻpaydi.
Ilgari bunday jinoyatlarga qarshi ishlaydigan tizim boʻlmagan. Shu sababli,
aholimizdan firibgarlik qurboni boʻlmaslik uchun, internet ijtimoiy tarmoqlari
orqali kelayotgan turli xil feyk xabarlardan ehtiyot boʻlishlarini hamda bank
kartalari va hisob raqamlari toʻgʻrisidagi
maʼlumotlarni sir saqlashni
soʻrab qolamiz.
Aziz
tumandoshlar!
Shu oʻrinda, kriminogen vaziyatga
taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.
Aytish kerakki, yilning dastlabki 5
oyi yakuniga koʻra, yoshlar (13-9), ayollar (2-3), ishsizlar (3-0), mast holda
(1-0), muqaddam sudlanganlar (0-1) jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsakda,
voyaga yetmaganlar (1-1) jinoyati teng koʻrsatgichda qolgan, guruhlar (2-4)
jinoyati esa biroz oshgan.
Xususan, oila va turmushda sodir
etilgan huquqbuzarliklarga oilaviy-maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi
aniqlandi.
Shu sababli notinch, ajrim
yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa
idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik.
Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda
kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 554 ta ijtimoiy koʻmakka muhtoj
xotin-qiz aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 107 ta chora
koʻrildi.
Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik
masalasiga umummillat ishi deb yondashib, barcha birgalikda jon kuydirishi
kerak.
Taʼlim muassasalari va jamoat
joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida uzoq
muddatga ketgan 332 nafar bola, muntazam dars qoldiruvchi 35 nafar, tarbiyasi
ogʻir 92 nafar oʻquvchi aniqlandi. Ularning 150 nafari maktablarga qaytarildi.
Qolaversa, hokimlik va mahalla
faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda
boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 10 dan ortiq muammosi hal qilindi.
Tarbiya masalalariga eʼtiborsiz
qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan koʻngilsizliklar ham, u keltirib
chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Tarbiya masalalari bilan
har daqiqada shugʻullanish zarur.
Hurmatli fuqarolar!
Juda koʻp masalalarda ish
uslublarimiz oʻzgarishi zarur, buning ustida ishlayapmiz. Prezidentimiz talab
qilayotgan, jinoyatlarning oqibatlari emas, ularning sabablarini,
huquqbuzaliklarga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor
vazifa deb xalq bilan birgalikda harakat qilishimiz kerak.
Buning uchun, har bir mahalla,
xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni
kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan
uchrashuvlar oʻtkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab
boʻlayotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga,
har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan
shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
Aziz hamyurtlar!
Shuni yana bir bor alohida qayd
etamanki, jinoyatning har qanday koʻrinishiga tezkor ravishda munosabat
bildirishga, jinoyatga qoʻl urganlarga nisbatan jazoning muqarrar
taʼminlanishiga shaxsan kafolat beraman.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
Uychi tuman IIB boshligʻi U.Eshanov