29 Iyul 2025 yil 690

Hududlarda o‘rganish va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom etmoqda

Namangan viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, aholi muammolarini joyida hal etishga qaratilgan tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan hududlardagi holatlar o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatish ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.

Shu maqsadda, boshqarma rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan navbatdagi o‘rganish ishlari Pop tumanida o‘tkazildi. Unda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalardagi jinoyatchilik ahvoli, profilaktika targ‘ibot tadbirlari, shuningdek, yo‘l-patrul xizmati maskanlari va ichki ishlar bo‘limi faoliyati atroflicha tahlil qilindi.

Jumladan, Pop tumanida joylashgan “Namangan” muntazam yo‘l-patrul xizmati maskani ko‘zdan kechirilib, ushbu maskanda xizmat olib borayotgan xodimlarga yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash, haydovchilarning qonunga rioya qilish madaniyatini oshirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Ishchi guruh tomonidan “Qo‘shminor” va "O‘rta xonobod" mahallalaridagi ishlar o‘rganildi. Joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan profilaktika ishlari tahlil qilinib, ayniqsa, “qizil” toifaga mansub “Qo‘shminor” mahallasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar keskin tanqid qilindi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Bunday o‘rganishlar va amaliy yordam ko‘rsatish ishlari viloyatning barcha hududlarini qamrab olgan holda izchillik bilan davom ettiriladi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech