“Uddaburon” o‘g‘rilar qo‘lga tushdi
2023-yil 27-iyun kuni Namangan shahrida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro ariza bilan murojaat qilib, shu yil 27-iyun kuniga o‘tar kechasi nomaʼlum shaxs Namangan shahar Olvalizor MFYda joylashgan savdo do‘konining kirish eshigi qulfini buzib kirib, do‘kon kassasida bo‘lgan 2.000.000 so‘m pullarini o‘g‘irlab ketganligini maʼlum qilib, chora ko‘rishni so‘ragan. Namangan shahar IIO FMB EKB katta eksperti hamda tezkor qidiruv xizmati xodimlari va profilaktika inspektorlari hamkorligida olib borilgan tezkor-qidiruv harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Namangan shahrida yashovchi, 2005, 2006 va 2007-yilda tug‘ilgan 3 nafar shaxs sodir etganligi aniqlangan.
Shuningdek, ushbu shaxslar shu yil 22 iyun kuniga o‘tar kechasi Davlatobod tumani Navbahor MFYda joylashgan savdo do‘koniga kirish eshigi qulfini buzib kirib, do‘kon kassasida bo‘lgan 200.000 so‘m miqdoridagi pullarni, narxi 25.000 so‘m bo‘lgan ichimlik va qandolat mahsulotlarini hamda narxi 150 AQSH dollari bo‘lgan kuzatuv kamerasi xotirasini o‘g‘irlab ketganligi, bundan tashqari 21-iyun kuniga o‘tar kechasi Namangan shahar Sardoba MFYda joylashgan aviakassa eshigini buzib kirib, seyfdan 2.700 AQSH dollarini o‘g‘irlab ketganliklari aniqlangan. Ushbu holat bo‘yicha shahar IIO FMB huzuridagi TB tomonidan JKning 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati