Uchqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘ining tuman aholisiga profilaktik ogohlantiruv murojaati
Xavfsiz mahalla — tinchlik va barqarorlik garovi.
Hurmatli Uchqo‘rg‘on tumani aholisi!
Bugungi kunda mamlakatimizda “Xavfsiz mahalla — xavfsiz jamiyat” tamoyilini amalda taʼminlash har bir fuqaro uchun muhim vazifadir. Ichki ishlar organlari va jamoatchilik hamkorligi orqali mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 5-moddasiga muvofiq, ichki ishlar organlari fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda jamoat tartibini saqlashda fuqarolar bilan hamkorlikda ish olib borishi lozim.
Tumanimizda mahalla faollari, profilaktika inspektorlari va fuqarolar ishtirokida turli profilaktik tadbirlar, suhbatlar va aksiyalar tashkil etilmoqda. Har birimiz jamoat xavfsizligi uchun masʼul ekanimizni unutmasligimiz kerak.
Birgalikda tinchlikni asraylik — xavfsiz muhitni yaratish har birimizning burchimizdir!
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish — kelajak kafolati
Aziz yoshlar va qadrli ota-onalar!
Yosh avlod — mamlakatimiz kelajagi, yurtimiz taraqqiyotining asosiy kuchi. Shu sababli, ularning ongi va dunyoqarashini sog‘lom ruhda tarbiyalash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikdan himoya qilish — barchamizning vazifamizdir.
O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlar siyosati to‘g‘risida”gi Qonunida yoshlarni maʼnaviy, intellektual va jismoniy rivojlantirish, ularni huquqbuzarliklardan asrash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan.
Uchqo‘rg‘on tumanida profilaktika inspektorlari, taʼlim muassasalari va mahalla faollari bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida huquqiy bilim berish, sport musobaqalari va “Yoshlar qonunni bilishadi” tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Hurmatli yoshlar! Qonunga itoatkorlik, mehnatsevarlik va jamoat tartibiga hurmat — bu kelajak muvaffaqiyatining kalitidir.
Terrorizm va ekstremizm — jamiyat tinchligiga tahdid
Hurmatli fuqarolar!
Bugungi kunda terrorizm va diniy ekstremizm butun jahon hamjamiyati uchun jiddiy xavfdir. Bu ofatga qarshi kurashishda eng muhim omil — aholining xabardorligi va ongli faolligidir.
O‘zbekiston Respublikasining “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonuni hamda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni asosida ichki ishlar organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar jamoatchilik bilan hamkorlikda profilaktik ishlar olib bormoqda.
Uchqo‘rg‘on tumanida diniy sohadagi sog‘lom muhitni saqlash, yoshlar ongiga vatanparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini singdirishga qaratilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Har bir fuqaro hushyor bo‘lishi, shubhali chaqiriq va g‘oyalarga aldanmasligi lozim. Tinchlik va barqarorlik — eng katta neʼmatdir.
Yo‘l harakati xavfsizligi — hayot kafolati
Hurmatli haydovchilar va piyodalar!
Yo‘l harakati xavfsizligi — har bir fuqaroning hayoti, sog‘ligi va mulkini himoya qilishga qaratilgan muhim yo‘nalishdir. Har yili ko‘plab yo‘l-transport hodisalari ehtiyotsizlik yoki qoidalarni buzish natijasida sodir bo‘ladi.
Uchqo‘rg‘on tumanida “Haydovchi — masʼuliyat namunasi”, “Yo‘lda ehtiyot bo‘l!” kabi aksiyalar o‘tkazilib, haydovchilar va piyodalarga xavfsizlik qoidalari doimiy targ‘ibot qilinadi.
Shuningdek, avtomashina boshqarishdan avval uning texnik jihatdan yaroqli ekanligi bo‘yicha belgilangan muddatlarida texnik ko‘riklardan o‘tkazib turishni unitmang.
Yo‘ldagi har bir ehtiyot chorasi — bir hayotni saqlab qolishi mumkin!
Oilaviy totuvlik — jamiyat barqarorligining asosi
Hurmatli ota-onalar va mahalla faollari!
Oila — jamiyatning poydevori. Totuv va sog‘lom muhitda o‘sgan farzand kelajakda sog‘lom jamiyatning faol aʼzosiga aylanadi. Afsuski, baʼzi hollarda oilaviy nizolar, zo‘ravonlik yoki munosabatdagi beeʼtiborlik jinoyatchilikka olib kelishi mumkin.
Uchqo‘rg‘on tumanida “Totuv oila — tinch mahalla” aksiyasi doirasida profilaktik tadbirlar, suhbatlar va psixologik maslahatlar o‘tkazilmoqda.
Oilaviy totuvlik — jamiyat tinchligi, farzand tarbiyasi va millat kelajagining kafolatidir!O‘g‘irlik — jamiyat ishonchini izdan chiqaradi
Hurmatli fuqarolar!
O‘g‘irlik — eng ko‘p uchraydigan, lekin eng og‘ir oqibatlarga olib keladigan jinoyat turidir. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasida o‘g‘irlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunday qilmish uchun jarima, majburiy jamoat ishlari yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llaniladi.
Uchqo‘rg‘on tumanida hozirgi kunda mulkiy jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik ishlar olib borilmoqda. Aholidan iltimos: uyingiz, avtomashinangiz va mol-mulkingiz xavfsizligini taʼminlashda ehtiyotkorlikni kuchaytiring, xonadoningizga kamera o‘rnating va qo‘riqlov bo‘yicha pultga ulating.
Befarqlik va ehtiyotsizlik o‘g‘irga yo‘l ochadi!
Firibgarlikdan ehtiyot bo‘laylik!
Aziz tumanimiz fuqarolari!
So‘nggi yillarda turli ko‘rinishdagi firibgarlik holatlari — ayniqsa, internet va telefon orqali aldash, yolg‘on vaʼdalar bilan pul oldi-berdi qilish holatlari ko‘paymoqda.
Jinoyat kodeksining 168-moddasiga muvofiq, firibgarlik — ishonchni suiisteʼmol qilish yoki aldash yo‘li bilan mulkni qo‘lga kiritish — jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Uchqo‘rg‘on tumani IIB fuqarolarni doim hushyor bo‘lishga chaqirib, bank operatsiyalari, onlayn xaridlar va nomaʼlum shaxslar bilan aloqada ehtiyotkorlikni kuchaytirishni tavsiya etadi.
Firibgarning qurboni bo‘lmaslikning eng yaxshi yo‘li — shubhali shaxslar va yolg‘on vaʼdalarga ishonmaslikdir!
Uchqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i U.B.Murodullayev