24 Mart 2021 yil 861

Tergov ishi ayblov xulosasi bilan tamomlangan.

Telegramm ijtimoiy tarmog‘ida “Namanganda yangi “Ahmadboy” paydo bo‘ldi” izohi ostida videolavha tarqaldi. Viloyat IIB tomonidan videolavhada keltirilgan ma'lumotlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazilganda quyidagilar ma'lum bo‘ldi.

Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi A'zamxon, 2014 yil 20 dekabr' kuni o‘zining nomida bo‘lgan “Captiva” rusumli avtomashinasini Nurilloga 25 500 AQSh dollariga sotib yuborgan.

Shundan so‘ng, Nurillo ushbu avtomashinani 2015 yil 17 yanvar' kuni Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi Bahodirjonga 27 000 AQSh dollariga sotgan.

A'zamxon shu kuni Bahodirjonga ushbu avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi ishonchnoma rasmiylashtirib bergan. So‘ng ishonchnomani 2016 yil 27 yanvar' kuni notarius orqali bekor qildirib, avtomashinani qayd etish guvohnomasini yo‘qotganligi yuzasidan ariza bilan murojaat qilib, transport vositasiga qayd etish guvohnomasini qaytadan olib, avtomashinani 2018 yilning oktyabr' oyida Bahodirjon Qozog‘iston Respublikasi, “Chimkent” shahrida joylashgan 28-sonli avtoturargohga qo‘yganligidan xabar topib, avtomashinani O‘zbekiston Respublikasiga olib kelib, 2019 yilning iyun' oyida Kosonsoy tumanida yashovchi fuqaro Voxidjonga 9.000 AQSh dollariga sotib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan 2020 yil 10 mart kuni A'zamxonga nisbatan Yangiqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

A'zamxonni qaerda ekanligi noma'lum bo‘lganligi sababli unga nisbatan sirtdan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlanib, qidiruv e'lon qilingan.

2020 yil 31 avgust kuni A'zamxon, Rossiya Federatsiyasida ushlanib, O‘zbekiston Respublikasiga 2021 yil 1 fevral' kuni olib kelingan.

Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilib, ayblov xulosasi bilan tamomlangan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech