3 Avgust 2023 yil 772

Shubhasi toʻgʻri chiqdi

...Hammasi joriy yil aprel oyining 10-sanasidan boshlandi. Uychi tumanidagi supermarketda oʻgʻirlik sodir etildi. Jinoyatchilar oʻzlaridan iz qoldirmagan, doʻkonga oʻrnatilgan videokameralar olib ketilgan edi. Uchinchi kuni Chortoqda xuddi shunday holat roʻy berdi. Bu turdagi jinoyatning aynan bir xil usulda sodir etilish holati Namangan va Chust tumanlari, Yangiqoʻrgʻon va Namangan shaharlarida ham kuzatildi.

Tabiiyki, bu koʻpchilikni hayratga soldi, turli shov-shuvlarga sabab boʻldi. Aynan videokameralarning izsiz gʻoyib boʻlishi vaziyatni chigallashtirgan, turli shubha va gumonlarni uygʻotgan edi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan viloyat IIB JQBda tezkor guruh tuzilib, unga katta tezkor vakil, mayor Jamshidbek Mamaraimov masʼul etib tayinlandi va surishtiruv ishlari boshlab yuborildi.

Tajribali xodim bundan toʻrt yil avval Uychi tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan Xurshid (ism-ar oʻzgartirildi)xuddi shunday tartibda oʻgʻirlik sodir etganiga eʼtibor qaratdi. 10-apreldagi oʻgʻirlik aynan Uychi tumanida yuz bergani uning shubhalarini tasdiqlagandek boʻldi. Gumonlanuvchi kuzatuvga olindi. Kuzatuvlarda Xurshid tungi klublarga borib, oshna-ogʻaynilari bilan restoranlarda ovqatlanib, shohona hayot kechirayotgani oydinlashdi. Izquvarning oʻz-oʻziga bergan savoli esa shunday boʻldi: biror joyda ishlamaydigan yigit yeb-ichishi, aysh-ishrat qilishi uchun mablagʻni qayerdan olishi mumkin?

Koʻp oʻtmay, Yangiqoʻrgʻon tumanida sodir etilgan oʻgʻirlik paytida Xurshid va uning ulfatlariga tegishli mashinalar oʻsha doʻkon atrofidagi kameralarga tushib qolgani aniqlandi.

Xodimlar gumonlanuvchilarni soʻroq qilishga shoshilmadilar. Videoyozuvni olib, tasvirlarni Xurshidning onasiga koʻrsatishdi.

Ona yolgʻon gapirarmidi, u oʻgʻlining atrofidagi gumashtalari uylariga tez-tez kelishganini tasdiqladi. Kalavaning uchi topildi.

— Onang yolgʻon gapirmasa kerak, doʻstlaring doim sening uyingda toʻplanisharkan, deganimda Xurshid jim boʻlib qoldi. Keyin barcha qilmishlarini tan oldi, — deydi mayor Jamshidbek Mamaraimov.

Keyinchalik uyushgan jinoiy guruh 11 kishidan iborat ekani, ular shu kungacha 40 ga yaqin holatda oʻgʻirlik sodir etgani maʼlum boʻldi. Ayblanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA, oʻz muxbirimiz.
Namangan viloyati.

Text to speech