30 Iyun 2023 yil 987

Shijoati havas uygʻotar

Bugun axborotga boʻlgan talab shu qadar kuchaydiki, jurnalistika jamiyatning qon tomiriga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Deylik, ishni aʼlo darajada bajarib, natijalar koʻngildagidek boʻlsayu, lekin uning targʻiboti sust boʻlsa, koʻzlangan natijaga erishish mushkul.

Namangan viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida oʻtkazilayotgan tadbirlar Axborot xizmati xodimlarining tezkorligi natijasida keng yoritib kelinmoqda.

Boshqarma tomonidan OAV xodimlariga yaratilayotgan shart-sharoitlar ham shunga monand. Boshqarma faoliyatini qadam-baqadam yoritayotgan fidoyilar orasida Nazira Olimjonovaning alohida hissasi bor. Masʼuliyatli, qatʼiyatli qizni nafaqat viloyatda, balki respublikamizda ham yaxshi tanishadi. Respublika telekanallarida efirga uzatilayotgan lavhalarda izlanuvchan jurnalistning mahorati yaqqol koʻzga tashlanadi.

Nazira viloyat IIB YHXB Axborot guruhi kichik mutaxassisi sifatida faoliyat olib bormoqda. Uning uchun ishning katta-kichigi yoʻq. Ovoz yozishdan tortib, montaj jarayonlari yakuniga yetgunga qadar, ish stolidan uzoqlashmaydi. Kasbini sevgani bois qiyinchiliklar ham bilinmaydi.

Haftaning har shanba kuni “Navbatchilik qismi xabarlari” koʻrsatuvida Nazira Olimjonova boshlovchilik qiladi. Bundan tashqari, yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining namunali xodimlari, yoʻl hodisalari sharhi va yana boshqa koʻplab dolzarb mavzularni koʻtarib chiqib, soha faoliyatini yaxshi yoritib kelmoqda.

Toʻgʻrisini aytsam, Naziraning shijoatiga havasim keladi, biz yigitlarni ham ortda qoldiradi, — deydi boshqarma Axborot xizmati boshligʻi, mayor Xurshidbek Soliyev. — Oʻzi ham tinmaydi, atrofidagilarni ham tindirmaydi.

U viloyat ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlar xodimlarining muruvvat tadbirlarida faol ishtiroki, xalq ishonchini qozonayotgan fidoyilar haqida lavhalar, xizmat vazifasini bajarish chogʻida mardlarcha halok boʻlganlarni xotirlab, koʻrsatuvlar tayyorlaydi. Uning teran nigohidan hech bir voqelik chetda qolmaydi. Ayniqsa, targʻibotga xizmat qiluvchi taʼsirchan videoroliklari koʻpchilikka manzur boʻlmoqda.

Nazira yangilikka intiladi, tomoshabinni hayratlantira oladi. Joriy yil boshida yoʻl harakati xavfsizligi xodimlarining yarim tunda yoʻlovchi homilador ayolni tugʻruq boʻlimiga yetkazib borguncha xizmat avtomashinasida chaqaloq dunyoga kelgani haqida Nazira tayyorlagan lavha katta shov-shuvlarga sabab boʻldi. Jurnalistning ana shunday katta qahramonliklar koʻrsatayotgan xodimlarni topib, ommaga taqdim etayotgani tahsinga loyiq.

- Nazira xizmat faoliyatini boshlaganiga endigina 3 yil toʻldi. Shu vaqt mobaynida boshqarma rahbariyati tomonidan xizmatlari munosib eʼtirof etilib, bir necha marta ragʻbatlantirildi, — deydi viloyat IIB boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Mahliyo Ubaydullayeva. — Uni sohada ishlayotgan xotin-qizlarga ibrat qilib koʻrsatsak arziydi.

Nazira ayni paytda Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining sirtqi boʻlimi 3-bosqich talabasi. U ish va oʻqishni teng olib borib, nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllash imkoniga ham ega boʻlmoqda.

Ulkan maqsadlar sari dadil qadamlar tashlayotgan qahramonimiz haqidagi gapni shu yerda muxtasar qildik. Uning keyingi hayotidagi muhim oʻzgarishlar, orzulari haqida yana, albatta, hikoya qilamiz.

Gulchehra Buvamirzayeva, “Postda” muxbiri. Namangan viloyati.

Text to speech