“Shahar inspektori” va “qishloq inspektori” modellari asosida bazaviy sayyor o‘quv kurslari boshlandi.
Yurtboshimiz tomonidan shu yilning 12 fevral' kuni Ichki ishlar vazirligi Hay'atining kengaytirilgan majlisi 8-son bayoni 45-bandi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Bosh prokuratura va Sud'yalar oliy kengashining 2021 yil 10 aprel' kunidagi «Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarini bazaviy kasbiy hamda chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risida»gi qo‘shma qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga asosan,O‘zbekiston Respublikasi nazorat va huquq-tartibot organlari tizimidagi oliy ta'lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, Vazirlik Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi mas'ul xodimlari, Namangan viloyati IIB tuzilma rahbarlari hamda Vazirlik Malaka oshirish institutining hududiy filiali hamkorligida joriy yilning 06 may kuni Namangan viloyati ichki ishlar organlari tizimidagi profilaktika inspektorlariga “shahar inspektori” va “qishloq inspektori” modellari asosida tumanlararo bazaviy sayyor o‘quv kurslari boshlandi.
O‘quv kursining maqsadi – profilaktika inspektorlarining bazaviy huquqiy, kasbiy bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
O‘quv kursida – Vazirlik Akademiyasi, Malaka oshirish instituti, Milliy gvardiya Jamoat xavfsizlik universiteti, Bosh prokuratura Akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti va Sud'yalar oliy kengashi huzuridagi oliy maktabining professor-o‘qituvchilari, shuningdek, Namangan viloyati nazorat va huquq-tartibot organlari tizimidagi tajribali xodimlari ishtirok etmoqdalar.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va amaliyot xodimlari tomonidan tasdiqlangan dasturga muvofiq hamda o‘qitishning zamonaviy texnik vositalari va o‘quv-ko‘rgazmali qurollaridan keng foydalangan holda o‘quv mashg‘ulotlari belgilangan tartibda o‘tkazilmoqda.
Ayni kunlarda IIV Namangan akademik liseyi va Chust tumanlarida olib borilayotgan mashg‘ulotlar 25 mayga qadar barcha hududlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati