13 Avgust 2021 yil 669

Sayyor qabulda mahalla va maktab muammolari ijobiy hal etildi.

Xalq dardi va tashvishi bilan yashash bugun har bir davlat xizmatchisi oldida turgan muhim vazifadir. Namangan viloyati IIB boshlig‘i 3-sektor rahbari polkovnik A.I.Ataxodjaev tomonidan ana shu tamoyilga amal qilgan holda imkon qadar har bir murojaatni ijobiy hal etib kelinmoqda.  Joriy yilning 12 avgust kuni Kosonsoy tumani Xalq qabulxonasi binosida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham tuman aholisining turli muammolari, ariza va shikoyatlari bilan tanishildi. Tuman hokimi, sud raisi va mutasaddi idora vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan qabulda ko‘plab fuqarolar turli masalalar bilan tashrif buyurishdi. Murojaatchilar orasida Probasiya nazoratida turuvchi, muqaddam qilgan xatosidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan fuqarolar ham bo‘lib, ularning masalalari ham tuman sudi raisi tomonidan ko‘rib chiqildi.

50 nafar fuqaro tomonidan bildirilgan 51 ta turli xil ariza va murojaatlarning 27tasi joyida ijobiy yechim topdi. 14 murojaatning ijrosi muddat talab etgani bois nazoratga olindi, 10ta murojaat muallifiga esa xuquqiy tushuntirish berildi.

Kuz fasli kirib kelishi bilan yog‘ingarchiliklar ham ko‘payib boradi. Albatta yomg‘irlar hosilni mo‘l bo‘lishiga yordam beradi, biroq asfalt qilinmagan ko‘chalar bo‘yida yashovchi aholi yomg‘irdan aziyat chekishlari mumkin. Tumandagi “Bo‘ston” mahallasining qatnov yo‘llari chang va tuproqdan iborat edi. Sayyor qabulda ushbu masala ham ko‘tarildi va maxalla muammolari ijobiy yechim topdi.

Xuddi shu kabi muammolar tumandagi “Tagijar” mahallasida ham mavjud. Ushbu mahallada elektr simlarini uzatib beruvchi simyog‘ochlar bo‘lmagan. Borlari ham yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Mahalla faollarining murojaatiga binoan sayyor qabuldan so‘ng ko‘chalarga simyog‘ochlar o‘rnatildi.

Shuningdek sayyor qabul davomida maishiy gaz balloni, nogironlik aravachasi so‘rab kelgan fuqarolarning murojaatlari qanoatlantirildi. Fuqarolikka ega bo‘lmagan ikki nafar yurtdoshimiz va olti nafar 16yoshga to‘lgan yigit qizlarga ilk bora fuqarolik ID kartalari tantanali ravishda topshirildi.  

Tuman hokimligi tomonidan esa hudud profilaktika inspektorlariga xizmatda foydalanish uchun kompyuter to‘plamlari taqdim etildi.

Tumandagi 33-maktabning o‘quvchi qizlari sportning “Gandbol” turi bilan shug‘ullanishadi. Biroq, ularning mashg‘ulotlariga maktabda yetarlicha sharoitlar yaratilmagan edi. 3-sektor tomonidan sportchilarga maydoncha qurib berildi. Sayyor qabuldan so‘ng sektor rahbari maktab sharoitini o‘rganish davomida yangi tashkil etilgan maydonchada kuz-qish faslida ham mashg‘ulotlarni muammosiz davom etirish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.

Sektor rahbari hududdagi 33-sonli MTM mudirasi tomonidan bildirilgan murojaatni o‘rganish maqsadida bog‘chaga borib, aniqlangan mavjud kamchiliklarni tez orada bartaraf etish va bolalarning muassasada yetarli sharoitga ega xolda tarbiyalanishlari uchun lozim chora tadbirlarni ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ijobiy hal etishga qaratilgan sayyor qabullar viloyatimizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech