Rasmiy munosabat: IIB xodimlari tomonidan noqonuniy hatti-harakat sodir etilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Uychi tuman IIB xodimlari tomonidan menga nisbatan kuch ishlatildi” izohi bilan tarqalgan axborot yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati.
Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida quyidagilar ma'lum bo‘ldi. Murojaat muallifi M.A. joriy yilning 6 may kuni tuman hokimligi binosiga O‘zbekiston Respublikasi Senat raisi Tanzila Norboeva kelib, yig‘ilish o‘tkazayotgan vaqtda uning qabuliga kirmoqchi bo‘lgan. Shu vaqtda eshik oldida turgan tuman hokimligi va tuman IIB xodimlari M.A.dan nima maqsadda kelganligini so‘ragan vaqtida M.A. “Shaxsiy masalada keldim” deb, maqsadini yashirganligi bois unga tuman hokimligi vakillari tomonidan murojati bo‘lsa, qabul ro‘yxatiga yozilishini va unga yordam berilishini, nojo‘ya hatti-harakat sodir etmasligi bo‘yicha tushuntirish berilgan. Biroq, M.A. shu kuni tuman hokimligi binosidan senat raisi T.Narbaeva mashinasida chiqib kelayotgan vaqtida transport vositasi oldiga o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan va tuman hokimligi vakillari hamda xodimlar tomonidan ushlab qolingan.
Shundan so‘ng, ushbu holat bo‘yicha IIB xodimlari M.A.ga qonuniy tarzda tushuntirish ishlari olib borishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan M.A.ning o‘zi bilan suhbat olib borilganda, 6 may kuni undan xodimlar tomonidan tushuntirish xati olinganligidan qo‘rqib ketganligi va rasmiylashtirilgan materiallar ma'muriy tartibda ko‘rish uchun sudga yuborilmasligini oldini olish maqsadida ushbu axborotni tarqatganligini ma'lum qildi hamda ushbu harakatidan pushaymonligini bildirdi.
Bundan tashqari M.A.ning fuqaro M.O. hatti-harakatlariga qonuniy baho berilishini so‘rab, tuman IIB boshlig‘i nomiga yozgan arizasi yuzasidan hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati