25 Mart 2021 yil 830

Rasmiy munosabat: holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaat yuzasidan Namangan viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv ishlari natijasida quyidagilar ma'lum bo‘ldi.

Joriy yil 23 mart kuni soat 11:10da Chortoq tuman IIB navbatchilik qismiga Namangan shahar, Abu Rayxon Beruniy MFYda yashovchi fuqaro  Yu.Sh. tomonidan o‘zi va ukasi Yu.Mga Chortoq tumani Saroy MFYda bir necha notanish shaxslar tomonidan tan jaroxati yetkazilganligi holati yuzasidan xabar kelib tushgan.

Xabarga asosan tezkor-tergov guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilganda, Chortoq tumani Saroy MFY hududidagi Do‘stlik Saroy MMTP avtoturargohini Yu.Sh. tomonidan 2020 yil iyun' oyida tuya boqish va tuya suti bilan davolash uchun klinikasini barpo etish maqsadida auksiondan 125,0 mln. so‘mga sotib olgan va ushbu joyga 13 bosh tuyalarni joylashtirganidan so‘ng, fuqarolarning ekinlari hamda daraxt ko‘chatlarini tuyalar yeb, payxon qilgan, ushbu xolatlar fuqarolar orasida hozirga qadar norozilik keltirib chiqarilishiga sababchi bo‘lgan.

Aniqlanishicha, tuman Tibbiyot birlashmasi 03.03.2021 yildagi xati bilan “Saroy” qishloq vrachlik punkti binosining yer to‘lasi, 1 va 2-qavatlari tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida ijaraga berilishini tashkillashtirishda amaliy yordam berishni so‘rab, Bo‘sh turgan ob'ektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazining viloyat boshqarmasiga murojaat qilgan.

Mazkur xatga asosan binoning yer to‘lasi, 1 va 2-qavatlari alohida holatda e-auksion.uz saytiga qo‘yilgan.

Auksionda 19.03.2021 yilda 10.225.227 so‘mga Yu.Shning ukasi tomonidan yutib olingan.

2021 yil 23 mart kuni soat taxminan 11:00 larda Chortoq tumani, Saroy MFY hududida joylashgan QVP binosiga Yu.Shning ukasi kelib, ushbu QVP binosini tuya sut bilan davolashga moslashtirilgan klinika qilinish uchun ta'mirlash ishlarini olib borish maqsadida kelganligi sababli,  QVP hamshirasiga binoni bo‘shatishini aytgan.

Shundan so‘ng, hamshira mazkur holatni Saroy MFY hududida joylashgan maxalliy qabristonda hasharda bo‘lgan 20 nafar fuqarolarga yetkazgan.           

 Oradan biroz vaqt o‘tib Yu.M. akasi Yu.Sh.ni voqea joyiga chaqirgan va u kelib uyali telefon apparatiga tasvirga olishni boshlaganidan so‘ng, fuqarolar tomonidan norozilik holatlari kelib chiqqan.

Ikki nafar fuqaro jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, aka-uka M.M.Yusupov va Sh.M.Yusupovlarni bosh va yuz qismlariga urib-do‘pposlab tan jarohati yetkazgan.  

Natijada, Yu.Sh. chap qosh sohasi lat yegan jaroxati, boshni tepa sohasi yirtilgan jaroxati va Yu.M. chap qosh sohasi yirtilgan jaroxati bilan tuman markaziy shifoxonasiga joylashtirilganlar.

Viloyat STEBning 23.03.2021 yildagi dastlabki ma'lumotnomasida Yu.Sh. va Yu.M. olgan tan jarohatlari og‘irlik darajasiga ko‘ra, sog‘lig‘ini buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati ekanligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi TB tomonidan ikki nafar fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech