16 Iyul 2021 yil 659

Rasmiy munosabat: Fuqaroga ushbu holat yuzasidan sudga murojaat etishi mumkinligi tushuntirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Men – Farhod Lutfullaev, Namangan shahri Barkamol avlod MFY 14-Musaffo ko‘cha 33-uyda yashayman. Firibgarlar menga tegishli “Spark” rusumli avtoulovni o‘zlashtirib, sotib yuborgan. Ularga qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab IIBga ariza qilganman, ammo javob yo‘q. Bir oydan beri 102, 1102, 1007 qisqa raqamlariga tusholmayapman. Jinoyatchilarni jazolashlarini so‘rayman” izohi bilan tarqalgan videomurojaat yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati.

Joriy yil 22 iyun' kuni Namangan shahar Barkamol Avlod MFYda yashovchi 1982 yilda tug‘ilgan fuqaro Lutfillaev Farxod Ne'matullaevich O‘zbekiston Respublikasi IIVga “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilib, unda 2019 yil 13 noyabr' kuni Namangan shahar Navoiy ko‘chasida joylashgan Shodlik savdo markazini oldida “Iqbola” va “Abror” ismli tanishlari bilan o‘zaro kelishgan holda o‘zining nomida bo‘lgan SPARK rusumli avtomashinasini 5.500 AQSh dollariga sotganligini, ushbu avtomashina xujjatlarini Davlatobod tumani 3-Kichik nohiya hududida joylashgan Baxt uyi binosida bo‘lgan Notarial idorasida Iqbolani nomiga rasmiylashtirib berganligini, lekin shu kunga qadar Iqbola kelishilgan 5.500 AQSh dollaridan 3.000 AQSh dollarini berib, qolgan 2.500 AQSh dollari miqdoridagi pullarini bermasdan kelayotganligini ma'lum qilib amaliy yordam so‘ragan.

Fuqaroning mazkur murojaati yuzasidan Namangan shahar IIO FMB 1-sonli IIB HPG profilaktika inspektori katta leytenant B.Mo‘minov tomonidan surishtiruv harakatlari olib berilgan.

Natijada,F.Lutfullaev 28.05.2021 yil kuni yuqoridagi masala yuzasidan “102” qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilganligi, ushbu murojaat Namangan shahar IIO FMB Davlatobod tumani IIB Navbatchilik qismida mavjud bo‘lgan Ilova-2 kitobiga ro‘yxatga olinib, Davlatobod tumani IIB HPB profilaktika inspektori leytenant D.Qosimjonov tomonidan surishtiruv xarakatlari olib borilganligi, surishtiruv harakatlari davomida Abror tanishi F.Lutfillaevdan Spark avtomashinasini pulini 6 oy davomida berish sharti bilan 5.500 AQSh dollariga kelishgan xolda sotib olib, ushbu avtomashinani Iqbolaga undan bo‘lgan qarzi evaziga berib, xujjatlarni uning nomiga notarius orqali rasmiylashtirib berganligi, haqiqatdan ham Abror hozirgi kunga qadar fuqaro F.Lutfillaevga kelishilgan 5.500 AQSh dollaridan 3.000 AQSh dollarini berib, qolgan 2.500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni bermaganligi ma'lum bo‘lgan. Surishtiruv davomida Abror F.Lutfillaevga 100 AQSh dollari miqdorida pul bergan va bu haqda tilxat yozib bergan.

Profilaktika inspektori leytenant D.Qosimjonov tomonidan mazkur holatda Abror hamda F.Lutfillaevlarning o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida mulkiy nizo kelib chiqqanligi sababli, bu kabi nizolar bo‘yicha Fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudiga murojaat qilishlari tushuntirilgan holda O‘zbekiston Respublikasi JPKning 83-moddasi 2-bandi, 330-moddasi 2-bandi va 333-moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shundan so‘ng, fuqaro F.Lutfillaevning 22.06.2021 yil kungi O‘zbekiston Respublikasi IIVga “Ishonch telefoni” orqali murojaati yuzasidan profilaktika inspektori B.Mo‘minov tomonidan avval ham ushbu murojaat ko‘rib chiqilganligi, ushbu murojaat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi, manfaatdor tomonlarga joylardagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilish kerakligi tushuntirilganligini inobatga olib, xulosa bilan yakunlangan.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech