15 Fevral 2024 yil 3135

Rahbar va yoshlar uchrashuvi: "Hech bir yigit-qiz taqdiri bizni befarq qoldirmasligi kerak"

Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz yoshlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surilishi turli tizimda faoliyat yuritayotgan rahbarlarning yoshlar bilan samarali ish olib borishida, ularning doimiy bandligini taʼminlanishida dastur-ul amal boʻlib xizmat qilmoqda.

Namangan viloyati IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari polkovnik Shuxrat Aliyev ham viloyat yoshlarining muammoli murojaatlarini oʻrganish va ularga ijobiy yechim topish maqsadida muntazam ravishda sayyor qabullar, uchrashuv hamda muloqotlar oʻtkazib kelmoqda.

Bu galgi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” Boshqarma tasarrufidagi “Dinamo” oʻyingohida tashkil etildi. Unda 500 dan ortiq yigit-qiz va ularga biriktirilgan rahbarlar ishtirok etishdi.

Dastlab, boshqarma boshligʻi soʻz olib, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyat, eʼtibor va gʻamxoʻrlik natijasida koʻplab qiz-u oʻgʻlonlar fan, madaniyat, sanʼat va sport yoʻnalishlarida Vatan bayrogʻini yuksaklarga koʻtarishayotgani, dunyo hamjamiyatida mamlakatning munosib oʻringa ega boʻlishida oʻz hissalarini qoʻshib kelishayotganini alohida taʼkidladi. Biroq shuncha sharoit va imkoniyatlardan foydalanmay, oʻqish, izlanish oʻrniga vaqtini besamar oʻtkazayotgan yoshlar afsuski bilib-bilmay jinoyat koʻchasiga kirib qolayotgani ham aniq misollar bilan yigʻilganlarga yetkazildi.

Uchrashuv yakunida polkovnik Aliyev “Hech bir yigit-qiz taqdiri bizni befarq qoldirmasligi kerak”, deya taʼkidlab, yoshlarga biriktirilgan rahbarlarga muammoli, uyushmagan va ijtimoiy-huquqiy yordamga muhtoj yoshlar bilan manzilli ishlarni tashkil qilishga alohida e'tibor qaratish kerakligini tushuntirdi.

Shundan soʻng Ichki ishlar organlari xodimlarining faoliyatida foydalaniladigan maxsus vositalar, xizmat avtomashinalari va qurol-aslahalar koʻrgazmasi tashkil etilib, ular haqida mutaxassislar tomonidan yoshlarga batafsil maʼlumot berildi.

Jangovar sahna koʻrinishlarining namoyishi esa har bir yigit-qiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, kelajakka umid tuygʻularini yanada jonlantirishga xizmat qildi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Yoshlar va voyaga yetmaganlar orasida jinoyat hamda huquqbuzarliklarni oldini olish, ularning boʻsh vaqtini foydali tashkil etish, doimiy bandligini taʼminlash, kasbga yoʻnaltirish maqsadida tashkil etilayotgan bu kabi amaliy ishlar barcha hududlarda davom etmoqda. Zero, prezidentimiz aytganidek, "Yoshlarning bo'sh vaqti — dushmanning ish vaqti.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech