Qo‘shnilar o‘rtasidagi janjal yuzasidan rasmiy munosabat.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Chust tumanidagi sudxo‘r ayolga IIB ham indamayapti” izohi bilan tarqalgan videolavha yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati.
Chust shahrida yashovchi fuqaro M.S. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda, 2021 yil 16 aprel' kuni soat 18:30 lar chamasi qo‘shnisi X.Yu. yashash uyiga kelib, u bilan janjallashib, uy ichiga uning ruxsatisiz kirib, 1 dona televizorini o‘zboshimchalik bilan olib ketganligini bayon qilib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Shuningdek, X.Yu. ham tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 16 aprel' kuni soat 18:50 lar chamasida yashash xonadoniga qo‘shnisi M.S. bostirib kelib, eshigi tagidagi gullarni tepib, bukletlarni yirtib tashlab, “nimaga xotinimdan qarzimni so‘rading” deb baqir chaqir qilib, uni haqoratlaganligini, uni telefon apparatida video tasvirga olib, unga shantaj qilayotganligini bayon qilib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Fuqarolarning arizasini o‘rganish davrida, M.S.ni X.Yu.dan 18.000.000 so‘m qarzi borligi, hozirga qadar ushbu pullarni to‘lamaganligi, ushbu pullarni undirish uchun fuqarolik sudining qarori mavjud bo‘lsada M.S. pullarni to‘lamaganligi sababli, X.Yu. uning yashash xonadoniga kirib, televizorini olib chiqqib ketganligi, janjal shuning natijasida kelib chiqqanligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati