Pop tumanida "O‘zbekiston - yoshlar mamlakati" shiori ostida "Yoshlar sayli" o‘tkazilmoqda.
Tumanning 3-sektor hududiga kiruvchi “Ozod” mahallasida joylashgan 32-sonli maktabda "Yoshlar sayli" dasturlari boshlandi. Sayl doirasida hudud yoshlarini maroqli dam olishlari uchun Yoshlar ishlari agentligi Pop tuman bo‘limi tomonidan ko‘ngilochar dasturlar, aqlni charxlovchi intellektual o‘yinlar, sport musobaqalari o‘tkazildi. “Zakovat” hamda «shaxmat-shashka» musobaqasida ishtirok etgan yoshlar bu o‘yinlar orqali maktabda o‘zlashtirgan bilim-ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘lishdi. Armrestling va stol tennisi esa ishtirokchilarning jismoniy tayyorgarliklari, tezkorligi hamda chaqqonligini yana-da oshirdi. Namoyish etilgan kinofilmlar o‘quvchilarda vatanparvarlik, jamiyatdagi o‘zgarishlarga befarq bo‘lmaslik tuyg‘ularini jonlantirdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu kabi tadbirlarning doimiy o‘tkazib borilishi nafaqat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga yordam beradi, balki, kelajakda komil inson bo‘lib yetishishlari uchun ularda ilm olishga bo‘lgan intilishlarini yana-da oshiradi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati