Parlamentning idoralararo ishchi guruhi tashabbusi bilan Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi
Shu kunlarda Parlamentning idoralararo ishchi guruhi Namangan viloyatida bo‘lib, Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 3 yanvar kuni qabul qilingan PQ-1-son Qarori ijrosi yuzasidan o‘rganishlar olib bormoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida respublika ishchi guruhi masʼullarining tashabbusi bilan viloyat Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan o‘quv-amaliy seminar 3 bosqichda o‘tkazildi. Dastlab, viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, viloyat hokimligi, sohaga daxldor mutasaddi tashkilotlar vakillari, shahar-tumanlar hokimlari, prokurorlari va IIB boshliqlari ishtirok etdi.
Shuningdek, ikkinchi va uchinchi bosqichlarda esa 2024-yil yakuni bo‘yicha kriminogen vaziyati og‘ir deb topilgan mahallalarning profilaktika inspektorlari va raislari ham taklif etildi.
O‘quv-amaliy seminarda hozirgi kunda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va texnika-vositalar tadbir ishtirokchilarga namoyish etildi hamda ularning texnik imkoniyatlari haqida ishtirokchilarga mutaxassis xodimlar tomonidan keng tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, viloyat Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan “Tezkor boshqaruv markazi” faoliyati ham tanishtirilib, ishtirokchilar Markazning ishlash tizimi, uning imkoniyatlari, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishdagi samarasi, shu bilan birga tizimni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumotga ega bo‘ldilar.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati