Oq xalatga tushgan qora dog‘.
2013 yildan buyon Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi vrach statisti vazifasida ishlab kelayotgan Sh.E. TTB bosh hamshirasi yordamchisi vazifasida ishlovchi M.A. bilan oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lgan holda, fuqaro M.M. dan tuman tibbiyot birlashmasi rahbarlari bilan gaplashib, farrosh vazifasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 500 AQSh dollari pora talab qilgan. Fuqaro M.M. bu haqda darhol Departamentning Uchqo‘rg‘on tuman bo‘limiga xabar berib, holatni to‘liq bayon qilgan. Fuqaroning arizasiga ko‘ra tezkor tadbir o‘tkazilishi belgilanib, tadbir davomida Sh.E. 400 AQSh dollarini fuqaro M.M.dan olib, uni ishga qabul qilinganligi haqidagi buyruq chiqarilgandan so‘ng xabar berishini aytib honasidan chiqarib yuborgan vaqtida hodimlar tomonidan xolislar guvohligida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Tergov harakatlari davomida Sh.E.ga O‘zbekiston Respublikasi JK ning 168-moddasi 2-qismi “b” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan ayb e'lon qilinganda, Sh.E. o‘z ko‘rsatmasida aybiga to‘la iqrorligini va qilgan ishidan pushaymonda ekanligini bildirib, jinoiy sherigi M.A. bilan bir guruh bo‘lib, oldindan til biriktirib, fuqaro M.M.ni tibbiyot birlashmasi rahbarlari orqali farrosh vazifasiga ishga kiritib qo‘yishligini aytishib, 400 AQSh dollari talab qilganliklarini, ushbu olgan pulni tibbiyot raxbarlariga berish maqsadi bo‘lmaganligini, balki, o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarf qilmoqchi ekanligini bayon qilgan. Uning gaplarini M.A. ham tasdiqlagan.
Ikki oliy ma'lumotga ega bo‘lgan, egniga oq xalat kiygan ushbu ayollar vijdon emas nafs gapiga kirib qolganlari uchun bugun ularing oq libosiga qora dog‘ tushdi. Ming pushaymon bo‘lsalarda endi ularga jazo muqarrar. Zero, qonun ustivor mamlakatda jinoyatlar jazosiz qolmaydi.
Dilnoza Mirzaeva Uchqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati