6 Oktyabr 2022 yil 756

Og‘ir hududlar obod manzillarga aylanmoqda

Pop tumanining eng obod mahallalaridan biriga aylangan Uyg‘ursoy mahallasi bugun butun tuman ahlini o‘z bag‘riga chorladi. Ushbu ko‘rkam maskanning ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari general mayor Aziz Ikramov, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazakov, viloyat hamda tuman sektor rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Joriy yil boshida viloyat bo‘yicha 28 ta og‘ir hududlardagi MFYlarni rivojlantirish bo‘yicha alohida Hududiy dastur qabul qilingan edi. Jumladan, Pop tumanining Uyg‘ursoy mahallasida ichimlik va oqava suvi, elektr taʼminotini yaxshilash, ichki yo‘llarni hamda ko‘p qavatli uylarni taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Uyg‘ursoy mahallasida 23 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga bunyodkorlik ishlari olib borildi.

- Qayta jonlanishi kerak bo‘lgan, suv, elektr, tabiiy gaz, yo‘li muammo bo‘lgan ushbu mahallaning bir kun kelib fayzli obod shaharchaga aylanishiga hatto mahalla aholisi ham ishonmasdi, - dedi viloyat hokimi.

Uyg‘ursoyda 10,0 km ichki yo‘llar shag‘allashtirildi, 2 km ichki yo‘llar sement beton qoplamasi bilan yangitdan qurildi, 1 km ichki yo‘l asfaltlashtirildi, 18,0 km ichimlik suvi tarmog‘i tortildi va 1 ta suv inshooti qayta rekonstruksiya qilindi.

Bundan tashqari, 2,1 km elektr tarmog‘ini yangitdan qurilib, 2 dona yangi transformator o‘rnatildi, 70 dona tayanch ustunlarni yangi beton tayanch ustunlariga almashtirildi.

Mahallada piyodalar yo‘lakchasi barpo etildi, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Homiylik mablag‘lari hisobidan 29 ta ko‘p qavatli uylarni mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Bu ishlarda viloyatimiz hamda tumanda faoliyat olib borayotgan bir qator tashkilotlari yaqindan ko‘maklashdilar.

Ichki ishlar vazirligining tashabbusi bilan 5 mlrd. so‘mlik mablag‘lar hisobiga aholini bandligini taʼminlash va yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun sport (workout, voleybol, basketbol hamda futbol) maydonchalari barpo qilindi. Shu bilan birgalikda yillar davomida qarovsiz bo‘lgan achinarli holatdagi Madaniyat binosi qayta taʼmirlanib, muhtasham Maʼnaviyat va maʼrifat markaziga aylantirildi.

Mahalladagi oilaviy shifokorlik punkti taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi. Kelgusida ushbu ishlarning uzviy davomi sifatida maktabgacha taʼlim muassasasi va umumiy o‘rta taʼlim maktabi kapital rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan.

Kelgusida bu mahallada xayrli ishlarni davomi sifatida 5,0 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar hisobiga aholini bandligini taʼminlash ham ko‘zda tutilgan. Bu esa o‘z navbatida muhtaram Prezidentimizning inson qadrini ulug‘lash borasida olib borayotgan ishlarining yana bir yorqin misolidir.

Text to speech