21 Iyun 2023 yil 1655

Ochiq suv havzalarida cho‘milishning ham tartib-qoidalari bor

Yozning qaynoq havosi kishini salqin joylarda, suv havzalari atrofida vaqt o‘tkazishga undaydi. Ayniqsa bolalar taʼtil vaqtida daryo, soydan beri kelishmaydi. Biroq, suzish mumkin bo‘lmagan havzalarda cho‘milish inson hayoti uchun katta xavf tug‘dirishi mumkin. Namangan viloyati IIB JXX JTSB PPXB hamda viloyat FVB xodimlari tomonidan suv bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarni oldini olish maqsadida hududlarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Namangan shahrining “Sohil” va “Sanoat” mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi suzish havzalarida olib borilgan targ‘ibot tadbirlari davomida yosh bolalar va yoshi kattalarga cho‘milish tartib qoidalari eslatildi.

Shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida inson o‘z umriga zomin bo‘lib qolishi mumkinligi aniq misollar bilan tushuntirildi.

Xodimlar tomonidan cho‘milish uchun ochiq suv havzalarida suvning harorati 17 darajadan yuqori va 30 darajadan past bo‘lishi kerakligi, cho‘miluvchilar esa qizib turgan paytda sovuq suvga birdan tushmasliklari aks holda tomirlar tortishi va bu orqali cho‘kish holati yuzaga kelishi mumkinligi borasida qatʼiy ogohlantirishlar berildi.

Hurmatli fuqarolar, “Cho‘milish taqiqlanadi” belgilari o‘rnatilgan maskanlarda aslo cho‘milmang! Farzandlaringizni nazoratga oling! Imkon qadar cho‘milish va suzishga mo‘ljallangan suv havzalaridan foydalaning. O‘zingiz va farzandlaringiz hayotiga befarq bo‘lmang. Suzishni bilish har doim ham cho‘kishdan qutqarib qolmasligi mumkin. Shunday ekan ogoh va hushyor bo‘ling.

 

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech