12 May 2025 yil 79

Norin tuman prokurorining tuman aholisiga murojaati

Aziz  tumandoshlar,  tumanimiz  mehmonlari!

Muhtaram Prezidentimizning bevosita rahbarligida barcha sohalarda misli koʻrilmagan islohotlar  amalga  oshirilmoqda.  

Prezidentimiz ana shu yangilanish, oʻzgarishlar samarador boʻlishining kafolati sifatida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini tubdan yaxshilashni davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri darajasiga koʻtardilar.

Zero, bu islohotlarning samarasi barcha sohalarda qonun talablariga soʻzsiz rioya etishga, jinoyatchilik va korrupsiya kabi illatning   oldini   olishga   bevosita   bogʻliqdir.

Aziz Norin tuman ahli!

Vatandoshimizmi, chet ellik tadbirkormi, sarmoyador boʻladimi, barcha - barcha, Oʻzbekistonimizda tinch va osuda, munosib  hayot sharoitlari bilan taminlangan, uning hayoti har qanday jinoiy tajovuz va tahdidlardan kafolatli himoyalangan boʻlishi shart.

Qonun ustuvorligini taʼminlamasdan, bu vazifaga erishib boʻlmaydi.

“Yangi Oʻzbekiston”da huquqbuzarlik va jinoyatchilikka
qarshi kurashish ana shunday umummilliy dolzarb vazifaga aylantirildi.

Shu sababli, tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning yangi mexanizmlari  joriy etilyapti.

Albatta, bu ishlarimiz kundalik hayotda ham koʻrinayapti.

Jinoyatlar uchun jazo muqarrarligini taminlash vazifasi qanchalik muhim boʻlsa, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va omillarini bartaraf qilish ham birdek muhimdir.

Shu bois, tumanning har bir koʻchasida, mahallasida, bozorida, jamoat joyida xavfsiz muhitni yaratish choralari koʻrilayapti.

Qadrli yurtdoshlar !

Prezidentimizning 2025-yil 3-yanvardagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan 1 - sonli qarorlari asosida jinoyatlarning sabablarini “mahallabay” va “sohabay” muhokama qilish tartibi, mahallalarni kriminogen darajasida toifalash tizimi, “mahalla yettiligi” instituti, “ijtimoiy profilaktika” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasini amalga oshirish orqali aholimizda xavfsizlik hissini shakllantirish borasida qator chora -tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qarorga muvofiq har bir mahallada huquqbuzarlikning
erta oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha yangi mexanizm joriy etildi, rahbarligimda tuman prokuraturasida idoralararo muvofiqlashtiruvchi shtab  faoliyati  yoʻlga  qoʻyildi.

Qaror ijrosi doirasida tumandagi jami 57 ta mahallaning kriminogen vaziyati ogʻir 8 tasiga masʼul rahbarlar nomma - nom biriktirildi.

Tuman va mahallalarning barchasida choraklik manzilli chora - tadbirlar “yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi.

“Yoʻl xaritalari” ijrosi yuzasidan yil boshidan mahallalardagi aholi gavjum joylarga 112 ta, koʻp qavatli uylarning hovlisiga 3600 gradus aylanuvchi 3 ta, mahallalarning asosiy kirish - chiqish joylariga 40 ta, bozor va savdo markazlariga yuzni va avtomobil raqamini tanib oluvchi 3 ta, jami boʻlib 160 ga yaqin kameralar, koʻp qavatli uylarning eshiklariga 10 dan ortiq domofonlar, uylarning kirish yoʻlaklariga 10 dan ortiq tashvish tugmalari oʻrnatildi, 200 ta savdo muassasalari va xonadonlar  tezkor  qoʻriqlovga  olindi.

Mahallalarda fuqarolarni ogohlikka chaqiruvchi “Hudud kamera nazoratida!”, “Obyekt qoʻriqlovda!” hamda “Xonadon qoʻriqlovda!” kabi jami 360 ga yaqin stikerlar joylashtirildi, mahallalarda 20 ta “namunaviy xavfsiz koʻcha” hamda 30 ta “namunaviy xavfsiz yoʻlak” tashkil etildi, ichki yoʻllar va koʻchalar 100 ga yaqin yoritish vositalari bilan taʼminlandi.

Albatta bu natija beryapti.

Amalga oshirilgan chora - tadbirlar natijasida “qizil” toifada qolgan 8 ta mahallalarning 7 tasida yoki 87,5 foizida kriminogen vaziyat saqlanmoqda.

Davlat rahbarining Qaroriga asosan hududlarda kriminogen vaziyat hamda jinoyatchilikni oldini olish boʻyicha kunlik soʻrov va oʻrganishlarni yoʻlga qoʻydik.

Bunda, kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarning jinoyat oʻchoqlari joyida oʻrganilmoqda, misol uchun, tuman mahallalarida sodir etilgan 16 ta oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sabablari tahlil qilinib, tegishli prokuror taʼsir choralari qoʻllanildi.

Eʼtibor berishingizni istardim. Bu ishlar bir kunlik yoki bir martalik hisobot uchun qilinayotgan ishlar emas.

Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar xususiyatini inobatga olgan holda, 2-chorak uchun yoʻl xaritalarni ham ishlab chiqildi va ijroga qaratdik.

Endilikda, masʼul xodimlar jinoyatlarning omil va sabablarini oʻrganishdan tashqari oʻsha hududda  amaliy  tadbirlarni  ham  oʻtkazadi.

Aziz tumandoshlar!

Shu oʻrinda, shu kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi jinoyatlarning ayrim turlari borasida ham gapirmoqchiman.

Aytish kerakki, yilning dastlabki 3 oyi yakuniga koʻra, Qasddan ogʻir tan jarohati yetkazish (1-3), oʻgʻirlik (5-7) oʻrtacha ogʻir tan jarohati yetkazish (2-3) oshib ketgan.

Umumiy jinoyatchilikning keskin oshib ketishiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatayotgan oʻgʻirlik jinoyatlari hozirgi kunda nafaqat tumanimizda, balki butun Respublika hududida oʻzining salmoqli hissasiga ega boʻlmoqda.

Bunga sabab, fuqarolar tomonidan oʻz mulkini xavfsizligini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrilmaganligi yoki qarovsiz qoldirilganligi hamda ushbu sohada profilaktik tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilmayotganligi sabab boʻlgan.

Bundan tashqari, ayollar (3-1), yoshlar (6-1),muqaddam sudlanganlar (2-0)  jinoyatini kamaytirishga erishgan boʻlsak-da, guruhlar (1-0), mast holda (2-4) jinoyati esa biroz oshgan.

Xususan, oila va turmushda sodir etilgan huquqbuzar -liklarga oilaviy - maishiy muammolar asosiy sabab boʻlganligi aniqlandi.

Shu sababli notinch, ajrim yoqasidagi oilalarning mavjud muammolarini bartaraf etish boʻyicha boshqa idoralar va keng jamoatchilikni jalb qildik va hamkorlikda amaliy ishlar tashkil etildi.

Natijada, oʻtkazilgan oʻrganishlarda kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda 64 nafar ijtimoiy koʻmakka muhtoj xotin-qizlar aniqlanib, ularning muammolarini hal qilish boʻyicha 50 taga yaqin choralar koʻrildi.

Bulardan tashqari, 28 nafari ishga joylashtirildi, 19 nafari kasbga oʻqitildi, 44 nafari esa, kasbga yoʻnaltirildi.

Ushbu jarayondan muqaddam sudlangan va maʼmuriy nazoratdagi shaxslar ham chetda qolmadi.

Ularning 16 nafari kasb - hunarga oʻqitildi, 8 nafarining bandligi taʼminlandi, 55 nafarining ijtimoiy muammolari hal etildi.

Yoshlar oʻrtasidagi jinoyatchilik masalasiga umummillat ishi, kelajak taqdiri sifatida birgalikda jon kuydirishi kerak.

Faqat jinoyat uchun jazoni taʼminlash bilan ovora boʻlib, jinoyatlarning sabab va omillarini koʻzdan qochirsak oqibati yomon boʻladi.

Shu kabi, voyaga yetmaganlar jinoyatiga favqulodda holat sifatida qaralib, ularga taʼlim va tarbiyani berishda majburiyatlarini bajarmagan ota-ona hamda yashash va oʻqish joylaridagi (mahalla yettiligi) mutasaddilarining javobgarligi kuchaytirildi.

Taʼlim muassasalari va jamoat joylarida masʼullar profilaktik (davomat, tigʻ va reyd) tadbirlarida muntazam dars qoldiruvchi 7 nafar, tarbiyasi ogʻir 21 nafar oʻquvchilar aniqlandi. Ularning 45 nafari maktablarga qaytarildi.

Qolaversa, hokimlik va mahalla faollari bilan birgalikda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan hamda boquvchisini yoʻqotgan bolalarning 8 ta muammosi hal qilindi.

Maktabgacha va maktab taʼlim muassasalarining kirish -chiqish joylariga xavfsizlikni taʼminlovchi 18 ta zamonaviy kameralar oʻrnatildi.

Hurmatli ota-onalar !

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aziz farzandlaringizni avvalo ularning tarbiyasi, taʼlim olishiga va kelajagiga alohida eʼtibor qaratishingizdan umidvormiz.

Aziz tumanimiz ahli !

Jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashda prokuratura organlari, koʻmak va hamkorlikda jinoyatlarning har qanday koʻrinishiga chek   qoʻyishga  kafolat  beradi.

Shunday ekan aholi va keng jamoatchilikni jinoyatlarni oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga faol hamkorlikka  chaqiramiz.

Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan doim hamkorlikda ishlashga tayyormiz.

Barchamiz  jinoyatdan  holi  yangi  Oʻzbekiston  uchun  birlashaylik!


Norin tuman prokurori A.Turgʻunov 

Text to speech