Yangi Namangan tumanida boshqarma rahbariyatining navbatdagi o‘rganish ishlari olib borildi
Namangan viloyati IIB rahbariyatining hududlarda muntazam ravishda olib borayotgan o‘rganishlari, ularning natijalari asosida amalga oshirilayotgan chuqur tahlillar va berilayotgan amaliy ko‘maklar tungi xizmat faoliyatining samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, navbatdagi o‘rganish ishlari Yangi Namangan tumanida tashkil etilib, unda ichki ishlar bo‘limi xodimlarining tungi faoliyati hamda ijtimoiy soha obyektlaridagi xizmat holati atroflicha o‘rganildi.
O‘rganishlar jarayonida dastlab “Guliston”, “Beruniy”, “Furqat”, “Maʼnaviyat” va “Mingchinor” mahallalari hududida xizmat olib borayotgan xodimlarga xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi. Unda aholi osoyishtaligini taʼminlash, yo‘llarda harakat xavfsizligini mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha aniq topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, “Guliston” mahallasi profilaktika inspektorlari va xizmatga jalb etilgan xodimlarning tungi faoliyati o‘rganilib, jinoyatchilikni oldini olishdagi ularning faoliyati tahlil qilindi. Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berilib, xodimlar zimmasiga vazifalar yuklatildi.
Bundan tashqari, tuman elektr taʼminoti korxonasining kuz–qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni, viloyat elektr taʼminoti korxonasi omboridagi mavjud zaxiralar hamda ehtiyot qismlar holati ko‘zdan kechirildi. Mutaxassislar bilan suhbat o‘tkazilib, ularga mavsumni betalofat o‘tkazish, energetik xavfsizlikni taʼminlash va favqulodda holatlarga doimo shay holatda bo‘lish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur o‘rganish natijalari kelgusida tuman miqyosida jamoat xavfsizligini taʼminlash, xizmat intizomini mustahkamlash va aholi osoyishtaligini yana-da yuqori darajada taʼminlashga xizmat qiladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati