“Namunali oila” ko‘rik tanlovining Namangan viloyat bosqichi o‘tkazildi
Oila muqaddas maskan. Uning mustahkamligini taʼminlash, farzandlar uchun sog‘lom muhitni yaratishda ayol va erkakning birgalikdagi harakati muhim ahamiyatga ega. IIO tizimidagi xodimlar orasida ham “Sog‘lom oila-sog‘lom jamiyat” g‘oyasini keng tatbiq etish maqsadida Namangan viloyati IIb MMI va KBTX tomonidan boshqarma va uning sohaviy xizmat hamda hududiy bo‘limlarida faoliyat olib borayotgan xodimlar va ularning oila aʼzolari ishtirokida “Namunali oila” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Davlatobod tumanidagi Madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan ko‘rik tanlovda jami 12 nafar xodimlar va ularning oilalari ishtirok etishdi. Ishtirokchilar 10 ballik tizim asosida jami 3ta shart bo‘yicha bellashdilar.
Birinchi shart yaʼni “Tanishtirish” shartida har bir jamoaning barcha aʼzolari ishtiroki taʼminlanib, milliy raqs, sheʼr, qo‘shiq, sahna ko‘rinishlari asosida ishtirokchilar oilalari to‘g‘risida maʼlumot berishdi. Tadbirga o‘zgacha ruh va kayfiyat ulashgan birinchi shart ijrosidan barcha ishtirokchilar tanlovda yuqori ballga ega bo‘lish uchun uyushqoqlik bilan tayyorlanishganini anglab olsa bo‘ladi.
Ikkinchi shart esa “Mening oilam” sharti. Bunda ishtirokchilar oilada, ishda, mahalladagi roli, turmush tarzi, farzandlarining bilim olishi uchun yaratilgan sharoitlari to‘g‘risida hikoya qiluvchi fotoalbom hamda videoroliklarini taqdim etishdi. Taʼkidlash joizki, bu shartda ham jamoalar bor imkoniyatlarini namoyon etishga harakat qilishdi.
Har bir shart nufuzli hakamlar hayʼati tomonidan baholab borildi. 3-shartda esa ishtirokchilar o‘zbek va jahon adabiyoti namoyondalari qalamiga mansub asarlardan keltirilgan savollarga bilet tortish usulida javob berishdi.
Ko‘rik tanlov yakunida boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari polkovnik Faxriddin Rahmatov so‘z olib, bu kabi tadbirlar tizimda mehnat qilayotgan xodimlarning oilasida jipslikni, hamjihatlik, ahillik va mehr-oqibat tuyg‘ularini yana-da jonlantiribgina qolmay, ayni shu ishtirokchilardan o‘rnak, namuna oluvchi oilalar soni ortishida ham asosiy omil bo‘lishini taʼkidladi.
Zukkolik va tezkorlikni talab qilgan ko‘rik tanlov qizg‘in lahzalarga boy o‘tdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra 3-o‘rin Norin tumanidan Islomovlar oilasiga, 2-o‘rin Kosonsoy tumanidan Sayfiddinovlar oilasiga nasib etdi. Faxrli 1-o‘ringa esa viloyat IIb JXX YHXBdan Tursunovlar oilasi loyiq ko‘rildi. G‘oliblarga pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Bundan tashqari barcha ishtirokchilar turli nominatsiyalar bilan rag‘batlantirildi. Eslatib o‘tamiz 1-o‘rin egalarini oldinda ko‘rik tanlovning Respublika bosqichi kutmoqda.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati