Namanganda kirish test sinovlari uchun yaratilgan sharoitlar va xavfsizlik choralari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-apreldagi 261-sonli qaroriga muvofiq, 2025-yil 14–23 iyul kunlari respublikaning barcha hududlarida oliy ta‘lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun test sinovlari o‘tkazilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, Namangan viloyatida ham mazkur jarayonni xavfsiz va tartibli tashkil etish maqsadida bir qator tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Jumladan, viloyatning Davlatobod va Yangi Namangan tumanlarida joylashgan “Bilim va malakalarni baholash markazi”, “Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi”, Namangan davlat texnika universiteti va akademik litsey binolari test sinovlari o‘tkazish uchun tanlab olindi va maxsus jihozlandi.
Bugun ushbu binolardagi sharoitlar va xavfsizlik choralarini o‘rganish, mavjud imkoniyatlarni baholash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbarlari boshchiligida ishchi guruh tomonidan joylarda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida, test sinovlari o‘tkaziladigan joylardagi kirish-chiqish tartibi, pavilyon va auditoriyalar xavfsizligi, abituriyentlar, ularning ota-onalari va boshqa yaqinlari uchun yaratilgan qulayliklar, test kuni yo‘l harakati xavfsizligi va avtoturargohlar tashkil etilishi kabi masalalar batafsil o‘rganildi.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, fuqarolar xavfsizligini kafolatlash va test jarayonining uzluksiz o‘tishini ta‘minlash uchun tegishli xizmatlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari tomonidan mazkur jarayon yuqori darajada, tashkil etilgan tartibda o‘tishi uchun doimiy nazorat amalga oshiriladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati