Namanganda IIBning 51 xodimi taqdirlandilar.
Yurtboshimizning joriy yil 26 avgust kunidagi farmoniga asosan, global pandemiya hamda turli tabiiy ofat va favqulodda holatlarga qarshi kurashish, ularning oqibatlarini bartaraf etish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi ishlarni umumxalq darajasiga ko‘tarishga katta hissa qo‘shgan IIV va uning hududlardagi boshqarmalarida faoliyat yuritayotgan xodimlar “Mehr-sahovat” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi.
Shu munosabat bilan Namangan viloyatida ham viloyat hokimligi, huquq-tartibot organlari va boshqa idora vakillari guvohligida taqdirlash tadbiri tashkil etilib, Sirdaryo viloyatida ro‘y bergan ofatga qarshi kurashda yuksak mas'uliyat bilan xizmat qilgan 51 nafar namanganlik IIO xodimlariga “Mehr-sahovat” ko‘krak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Ushbu xodimlar chindan ham Sirdaryo xalqi bilan og‘a-ini bo‘lib ulgurishdi. Toshqindan jabr ko‘rgan oilalarga moddiy va ma'naviy ko‘mak berishdi. Ushbu xodimlar Sirdaryoda nafaqat xavfsizlikni ta'minladi, balki shikast yetgan uylarni qayta barpo etilishida ham kerak bo‘lsa uy egalari, quruvchilar bilan yelkama-elka turib xizmat qilishdi.
Xalqning og‘ir kunida tirgak bo‘lgan bunday xodimlar har qancha e'tirofga munosibdir.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati