24 Avgust 2023 yil 1777

Namangan viloyati IIBning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Boshqarma boshlig‘i kubogi” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6099-son farmoni hamda Namangan viloyati IIB boshlig‘ining 2023-yil 28-iyuldagi “Viloyat ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Boshqarma boshlig‘i kubogi” musobaqasini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 162-son buyrug‘iga muvofiq, joriy yilning 21-22-avgust kunlari viloyat ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida xizmat qilayotgan xodimlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil etish maqsadida sportning voleybol turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Qizg‘in va murosasiz o‘tkazilgan bahslar yakuniga ko‘ra, faxrli uchinchi o‘rinni Boshqarma apparati jamoasi, ikkinchi o‘rinni Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi jamoasi hamda birinchi o‘rinni Patrul-post xizmati batalyoni jamoasi qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, “G‘alabaga bo‘lgan ishonchi” nominatsiyasiga “Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi” jamoasi loyiq deb topilgan bo‘lsa, “Eng yaxshi hujumchi” nominatsiyasiga safarbarlik otryadi xodimi katta serjant J.Sotivoldiyev, “Eng yaxshi bog‘lovchi” nominatsiyasiga Patrul-post xizmati batalyoni xodimi safdor E.Asqarov hamda “Eng yaxshi himoyachi” nominatsiyasiga Chust tumani IIB xodimi kapitan M.To‘xtaboyevlar loyiq deb topildi.

G‘olib va sovrindorlarga boshqarma boshlig‘ining kubogi, medal va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech