Namangan viloyati IIBda "Har bahorda shu bo'lar takror" nomli bayram tadbiri o'tkazildi.
Tinch va farovon mamlakatga to‘ylar, bayramlar yarashadi. Yurtimizda Navro‘z umumxalq bayrami har yili ko‘tarinki ruh va o‘zgacha hayajon bilan qarshi olinadi. Boisi "Navro‘z" elimizga tinchlik, dasturxonlarimizga to‘kinlik, hosillarimizga mo‘l ko‘llik olib keladi. Namangan viloyati IIBda ham ushbu kun tantanali qarshi olindi.
Bahoriy gullar yordamida yanada muhtasham ko‘rinishga keltirilgan Boshqarma ma'rifat zalida tashkil etilgan bayram tadbirida dastlab boshqarma boshlig‘i so‘z olib yig‘ilganlarni navro‘z bilan samimiy muborakbod etib o‘zining iliq tilaklarini bildirdi. Shundan so‘ng, Ichki ishlar vaziri general leytenant Po‘lat Bobojonovning tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tadbir doirasida Ichki ishlar organlaridagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda uni oldini olish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi uchun hamda 21 mart – “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan bir guruh xodimlar “A'lo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlarida benuqson xizmatlari uchun”, ikkinchi va uchinchi darajali ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishdi, yana bir necha xodimlar Ichki ishlar vazirligining “Faxriy yorlig‘i”, “Esdalik qo‘l soati” hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. Bu rag‘bat hamda e'tiborlar tizimda mehnat qilayotgan barcha shaxsiy tarkibga chinakam bayramona tuhfa bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Tadbir yakuniga yetgach taklif etilgan mehmonlar, faxriylar va xizmat vaqtida vafot etgan xodimlarning oila a'zolari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi. Bir so‘z bilan aytganda Navro‘z ayyomi ko‘tarinki kayfiyat, shirin diydor, bayramona shukuhni bir joyga jamladi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati