Namangan viloyati IIB Axborot xizmati tomonidan 2023-yilning o‘tgan besh oyi mobaynida viloyat IIO tizimida amalga oshirilgan ishlar hisobotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
Unda Ichki ishlar boshqarmasi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va Kadrlar bilan taʼminlash xizmati, Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Tergov boshqarmasining masʼul xodimlari ishtirok etib, o‘z yo‘nalishlarining besh oylik yakuni bo‘yicha batafsil maʼlumotlar berishdi.
OAV vakillari va ijtimoiy tarmoq faollarini qiziqtirgan savollariga masʼullar tomonidan to‘liq javob berildi.
Savollarning asosiy qismi, kadrlar masalasi va yo‘l harakati xavfsizligi yo‘nalishida bo‘ldi.
Xususan, Ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limlarida yuzaga kelayotgan sunʼiy navbatlar, “Sardoba” va “Chorsu” bozorlari atrofida harakat ishtirokchilarining tartibsizligi borasidagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar keng muhokama qilindi.
Shuningdek, jurnalistlar Ichki ishlar boshqarmasi va uning sohaviy xizmatlarida joriy etilayotgan yangiliklar bilan ham tanishishga muvaffaq bo‘lishdi.
Anjuman yakunida 27-iyun "Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni" munosabati bilan viloyat IIB bilan muntazam hamkorlik qilib kelayotgan OAV vakillariga boshqarma boshlig‘ining tashakkurnomasi va ramziy esdalik qo‘l soatlari taqdim etildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati