Namangan viloyatidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
Dinamo jismoniy tarbiya va sport jamiyati Namangan viloyati Kengashining joriy yil uchun mo‘ljallangan sport tadbirlar rejasiga asosan viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘rtasida sportning stol tennisi turi bo‘yicha joriy yilning 28-29-mart kunlari “Dinamo” sport zalida viloyat birinchiligi musobaqasi tashkil etilib, unda 14 ta jamoada 30 ga yaqin sportchi xodimlar ishtirok etdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan o‘yinlarda umumjamoa hisobida Namangan viloyati IIB jamoasi uchinchi o‘rin, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi jamoasi ikkinchi o‘rin, 7254-sonli harbiy qism terma jamoasi esa faxrli birinchi o‘rinni egallashdi.
Shuningdek, "G‘alabaga bo‘lgan irodasi uchun" nominatsiyasi bo‘yicha viloyat soliq boshqarmasi munosib topilgan bo‘lsa, ushbu jamoa aʼzosi Dilmurod Toshpo‘latov "Eng yoshi ulug‘ sportchi" deb eʼtirof etildi.
"Sport tadbirini tashkillashtirishda va o‘tkazishdagi faolligi uchun" Namangan viloyati stol tennisi federatsiyasi murabbiysi Sevara Kadirova munosib deb topildi.
Ushbu musobaqada faxrli o‘rinlarni egallagan sportchilar viloyat “Dinamo” JTSJning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati