21 Noyabr 2023 yil 3408

Namangan viloyatida “Tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari bo‘lgan, shuningdek kuchli taʼsir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish” oyligi davom etmoqda

“Tarkibida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalari bo‘lgan, shuningdek kuchli taʼsir etuvchi preparatlarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish tezkor-profilaktik tadbiri”ni o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2023 yil 23 oktyabr kungi 316-sonli hamda Namangan viloyat IIB boshlig‘ining 31 oktyabr kungi 98-sonli farmoyishlariga asosan, shu yil 1 noyabr sanasidan 30 noyabr kuniga qadar Namangan viloyati Davlat xavfsizligi xizmati, Sog‘liqni saqlash, Bojxona, Soliq boshqarmasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa manfaatdor idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda targ‘ibot, reyd tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Oylik doirasida IIV TQD JQX masʼullari va viloyat IIB xodimlari tomonidan Namangan shahrida joylashgan Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi hamda 1-sonli kasb-hunar maktabi o‘quvchilari bilan targ‘ibot uchrashuvi tashkil etildi. Unda yoshlarning bo‘sh vaqtini turli zararli illatlardan holi o‘tkazishlari kerakligi taʼkidlanib, psixotrop va giyohvandlik vositalariga ruju qo‘yish ortidan ayanchli oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligi to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

1-sonli umumtaʼlim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari bila o‘tkazilgan profilaktik suhbat davomida soha mutaxassislari tarkibida psixotrop moddalari mavjud bo‘lgan turli ko‘rinishdagi tabletkalarni isteʼmol qilish inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi, ko‘plab yosh yigit-qizlar ushbu moddalarning taʼsiriga tushib, kelajagini barbod qilayotgani hayotiy misollar bilan tushuntirildi.

Targ‘ibotlar jarayonida viloyat Onkologiya dispanseri masʼul xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, maskanda davolanuvchi bemorlar uchun ajratilgan dori vositalarining tarkibini doimiy nazorat qilib borish, noqonuniy tarzda psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini tayyorlash uchun javobgarlik mavjudligi to‘g‘risida ogohlantirishlar berildi.

Targ‘ibot tadbirlari Namangan Davlat Pedagogika universiteti va Namangan Muhandislik-qurilish instituti talabalari bilan davom ettirildi. Unda giyohvandlik va psixotrop moddalarga ruju qo‘yish ortidan o‘z salomatligini yo‘qotgan hamda narkotik modda sotib olish uchun jinoyatga qo‘l urayotgan shaxslar to‘g‘risida hikoya qiluvchi “O‘ylamay bosilgan qadam” nomli maxsus film yig‘ilganlar eʼtiboriga havola etildi.

Shundan so‘ng talabalar ishtirokida “Biz giyohvandlikka qarshimiz!” shiori ostida konsert dasturi tashkil etildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech