25 Yanvar 2024 yil 1410

Namangan viloyati IIBda 2023-yil yakuniga bag‘ishlangan sarhisob yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun Boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Aliyev huzurida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 2023-yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilish videokonferensiya ko‘rinishida o‘tkazilib, viloyat studiyasidan Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman IIB boshliqlari, shahar-tuman studiyalaridan esa Ichki ishlar bo‘limlarining masʼul xodimlari ishtirok etishdi.

Dastlab, Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosarlari tomonidan soha xizmatlarida amalga oshirilgan ijobiy ishlar, shu bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida batafsil axborot berildi.

Boshqarma boshlig‘i masʼullarning axboroti bo‘yicha kamchilikka yo‘l qo‘yilgan soha xizmat yo‘nalishlarini keskin tanqid qilib, bunga sababchi bo‘lgan xodimlarning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatlari atroflicha muhokama qilindi va tegishli intizomiy taʼsir choralari ko‘rish, shuningdek, ijobiy ish ko‘rsatkichlariga erishgan xodimlarni esa munosib rag‘batlantirish haqida aniq topshiriqlar berdi.

Yig‘ilish so‘nggida, viloyat hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jamoat hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida aniq belgilangan yo‘l xaritasi bo‘yicha ish tashkil etish, ayniqsa jinoyatlarning salmog‘i oshib ketgan turlari yuzasidan aholi o‘rtasida tezkor profilaktik targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish, jinoyatchilikka qarshi kurashishda zamonaviy ilg‘or texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanish, kameralashtirish orqali hududlarni to‘liq qamrovga olish va boshqa masalalar yuzasidan masʼullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech