30 Noyabr 2023 yil 4462

Namangan viloyati IIB va uning sohaviy xizmatlari tomonidan 2023-yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Namangan viloyati Ichki ishlar organlarida 2023-yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi rejalarni OAV vakillari yordamida aholiga yetkazish maqsadida joriy yilning 28 noyabr kuni matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda viloyat IIB JXX HPBYHXBMMI va KBTX shuningdek Tergov boshqarmasi vakillari ishtirok etib, jurnalist hamda blogerlarga o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha maʼlumotlar taqdim etishdi. Xususan, yil boshidan shu vaqtga qadar viloyat hududida sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklar, yo‘l transport hodisalari va qoidabuzarliklar statistikasi bilan tanishtirilib, ushbu holatlarni qayta sodir etilishini oldini olish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizimli ishlar, xodimlarning jismoniy jangovar va sohaviy bilim ko‘nikmalarini oshirish borasidagi amaliy harakatlar borasida axborot berildi.

Yetkazilgan maʼlumotlardan so‘ng jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga soha vakillari batafsil javob berishdi. Bundan tashqari OAV xodimlari qish-qirovli kunlar yaqinlashayotgani bois yo‘llarda tartibsizlik va ko‘ngilsiz hodisalarni oldini olishda o‘zlarining taklif hamda fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Qizg‘in ruhda kechgan anjumandan so‘ng jurnalistlar Dinamo o‘yingohida bo‘lib, u yerda Boshqarma Jamoat xavfsizligi xizmati kinologiya xizmat itlaridan xizmatda foydalanish sir-asrorlari, tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, patrul-post xizmati, IIV Maxsus otryadchilarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Namangan viloyati bo‘yicha maxsus otryadining xizmat-jangovar avtomashinalari hamda xizmatda foydalanilayotgan qurol-aslahalarning vazifasi, yaratilish tarixi to‘g‘risida mutaxassis xodimlar yordamida to‘liq maʼlumotlarga ega bo‘lishdi.

Taʼkidlash joizki, bu kabi matbuot anjumanlarini o‘tkazib borilishi xalq va davlat xizmatlari o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi OAV vakillari bilan IIO xodimlarining viloyat hududida osoyishtalik va xavfsizlikni taʼminlash targ‘ibotlaridagi hamkorligini yana-da mustahkamlaydi.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech