17 Iyul 2025 yil 257

Namangan viloyati IIB rahbariyatining navbatdagi o‘rganish ishlari Namangan tumanida davom etdi

Ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolar tinchligini saqlash, jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish, shuningdek, hududlarda xavfsiz va osoyishta muhitni shakllantirish borasida kunu-tun xizmat olib borilmoqda. Bu jarayonda xodimlar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, mavjud muammolarni joyida aniqlab, ular yechimiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan muntazam ravishda joylarga chiqib o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Shu kabi navbatdagi o‘rganish ishlari Namangan tumanida davom etib, Boshqarma boshlig‘i boshchiligidagi ishchi guruhning o‘rganishlarida tuman hokimi, tuman prokurori va boshqa masʼul tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Ishchi guruh dastlab "Katta Toshbuloq", “Ibrat” va “Xo‘jaqishloq” mahallalari yettiligi bilan uchrashib, ularning joriy yilning o‘tgan davri mobaynidagi faoliyati, sodir etilgan jinoyatlarning kelib chiqish sabablari atroflicha muhokama qilindi hamda kelgusida jinoyatchilikni oldini olish borasidagi vazifalari belgilab olindi.

Shuningdek, Namangan tumani markazida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, tirbandliklarning oldini olish, piyodalar xavfsizligini taʼminlash va transport harakati qatnovini tartibga solish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi. Mazkur yo‘nalishdagi mavjud kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi hamda masʼullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.

O‘rganishlar doirasida Ichki ishlar bo‘limining maʼmuriy binosi holati ham ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan ayrim kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish, xizmat intizomiga qatʼiy rioya qilish, fuqarolar murojaatlarini sifatli va o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, shuningdek, kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha bir qator dolzarb masalalar yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.

Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi joylardagi o‘rganishlar tizimli ravishda davom etib, ichki ishlar organlarining fuqarolarga xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Namangam viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech