Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan aholi osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan tungi xizmat faoliyatini o‘rganish ishlari davom etmoqda
Namangan viloyati IIB rahbariyati tomonidan tizimli ravishda olib borilayotgan tungi xizmat faoliyatini o‘rganish ishlari hududiy ichki ishlar bo‘limlari xodimlarining xizmat samaradorligini oshirish, aholi osoyishtaligini taʼminlash hamda jinoyatchilikning oldini olishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Kosonsoy tumanida navbatdagi o‘rganish ishlari o‘tkazilib, bir qator yo‘nalishlarda tungi xizmatga jalb etilgan xodimlarning faoliyati atroflicha tahlil qilindi.
Dastlab, “Bo‘ston” mahallasi hududida tashkil etilgan “Elektron kuzatuv maskani” faoliyati o‘rganilib, mazkur yo‘nalishda xizmat olib borayotgan tungi naryad xodimlariga yo‘riqnoma o‘tkazildi. Ularga mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va fuqarolarning tinchligini taʼminlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, “Go‘rmiron” mahallasi profilaktika inspektori hamda ushbu hududda xizmat olib borayotgan xodimlarning faoliyati o‘rganilib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, tuman markazida jamoat xavfsizligini taʼminlash, qo‘riqlovga olingan obyektlarni nazorat qilishga jalb etilgan xodimlar va bozor hududida joylashgan avtoturargoh faoliyatini o‘rganish ishlari ham amalga oshirildi. Shu bilan birga, aholi gavjum joylarda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash, transport vositalari harakatini tartibga solish va tirbandliklarning oldini olish bo‘yicha masʼul xodimlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati
 
                     
                                     
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                         
                                                        