30 Iyul 2025 yil 535

Namangan viloyati IIB rahbariyatining navbatdagi o‘rganish ishlari Chust tumanida davom etdi

Namangan viloyatida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat xavfsizligini taʼminlash hamda aholi muammolarini joyida hal etish maqsadida Ichki ishlar organlari tomonidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan har bir tumandagi mavjud vaziyat o‘rganilib, ichki ishlar organlari faoliyatiga amaliy yordam ko‘rsatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Shu maqsadda navbatdagi o‘rganish ishlari Chust tumanida o‘tkazilib, unda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalardagi jinoyatchilik holati, profilaktika va targ‘ibot ishlari, shuningdek, ichki ishlar bo‘limi faoliyati atroflicha tahlil qilindi.

Jumladan, ishchi guruh tomonidan “Chust gulzori” va “Kamarsada” mahallalarida o‘rganish ishlari olib borildi hamda joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijalari ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, “qizil” toifadagi “Kamarsada” mahallasida aniqlangan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar doirasida Chust shahridagi tibbiyot birlashmasi oldida joylashgan chorrahada transport oqimini tartibga solishga qaratilgan loyiha taklifi muhokama qilindi va bu borada masʼullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Taʼkidlash joizki, viloyatning barcha tuman va shaharlarini qamrab olgan bunday o‘rganish ishlari va amaliy yordam ko‘rsatish jarayonlari bosqichma-bosqich va izchil ravishda davom ettiriladi. Bu esa jinoyatchilikning oldini olish va aholi xavfsizligini taʼminlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Namangan viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech